26-mart kuni Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov WBA chempioni Isroil Madrimovni ikki xonali uy bilan taqdirladi. Bu haqda viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Nodira Jumaniyozova “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

“Isroil Madrimov bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Jangga chiqadigan kunidan boshlab to yakunlaguncha omad tilab turdik. G‘alabaga erishganidan keyin Xorazmga qachon yetib kelishi haqida hamma ma’lumotlarni aniqlashtirgandan keyin viloyat hokimi [Jo‘rabek Raximov]ga ma’lumot berildi. Hokim ham uni tabriklab qo‘ydi. Keyin kelishiga viloyat hokimi o‘rinbosari San’at Komilovich [Salayev] bilan maslahatlashdik. Yig‘ilishda mas’ullarga topshiriq tushirildi. Viloyat hokimiga masala qo‘yilgan edi, 2 xonali uy beraman deb. Rozilik bildirdilar”, — dedi boshqarma boshlig‘i.

“Ushbu hadya qaysi mablag‘lar hisobiga berilganini bilmadimu, uy beraman dedilar. Xat-hujjat endi qilinsa kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u. Nodira Jumaniyozovaning so‘zlariga ko‘ra, bu viloyat hokimining tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Sportchi o‘zining Instagram sahifasida berilgan hadya uchun minnatdorlik bildirib, post joyladi. “Ajoyib sovg‘a uchun Xorazm viloyati hokimi Raximov Jo‘rabek Raximovichga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, — deya izoh qoldirdi sportchi.

2 xonali uy, бокс, исроил мадримов, спорт, хоразм viloyati

2 xonali uy, бокс, исроил мадримов, спорт, хоразм viloyati

Isroil Madrimovga berilgan 2 xonali uy Urganch shahrida joylashgan yangi turar joylardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, 14-mart kuni unga prezident sovg‘asi — narxi 1,04 mlrd so‘m bo‘lgan Tahoe avtomobili topshirilgandi. Chempionlik kamari ortidan u muddatidan oldin yuqori lavozimga ko‘tarildi. Ichki ishlar vaziri unga mayor maxsus unvonini berdi.