Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida iftorlik marosimida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. Tadbirda nafaqat Namangan, balki Farg‘ona va Andijon viloyatlari nuroniylari ham qatnashdi.

ramazon, shavkat mirziyoyev

“Bugun barchamiz — muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi”, — dedi prezident o‘z murojaatida.

ramazon, shavkat mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev saxovat ko‘rsatib, o‘z kuch-g‘ayratini ezgu ishlarga sarflayotgan yurtdoshlarga minnatdorlik bildirdi. Bir-biriga tayanch bo‘lib, mehr-muruvvat ko‘rsatish odamlarni birlashtiradi, yagona xalq yaratadi, hayot sinovlari va qiyinchiliklarini yengib o‘tishda beqiyos kuch-quvvat beradi, dedi u.

ramazon, shavkat mirziyoyev

Prezident xorijdagi fuqarolarni ham tabriklab, ularga sog‘lik va farovonlik tiladi. Xabarda aytilishicha, yaqinda O‘zbekistonning 40 dan ortiq diniy ulamolari Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya va Misrda bo‘lib, u yerdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashgan. Ularni e’tiqod va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash, bugungi tahlikali vaziyatda ogoh bo‘lishga chaqirib, qonunlarni hurmat qilish, yomon yo‘llarga kirmaslik zarurligi haqida suhbatlar qilishgan.

ramazon, shavkat mirziyoyev

Prezident yangilangan Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyili haqida so‘z yuritar ekan, Alisher Navoiyning “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay” degan so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Bu so‘zlar islomiy insoniylik va rahm-shafqat haqidagi tushunchaning mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgan holda, har bir musulmon o‘zi uchun nima istasa, qo‘shnisi uchun ham shuni tilashi kerakligini eslatadi, dedi u.

ramazon, shavkat mirziyoyev

Murojaat so‘ngida prezident ta’kidladi: “Muborak Ramazon oyi sharofati bilan yurtimizda, jami musulmon o‘lkalarda, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm sursin, odamlar, xalqlar o‘rtasida do‘st-birodarlik, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari ustuvor bo‘lsin. Kuchlilar — ojizlarga tayanch, saxovatpeshalar — muhtojlarga yordamchi, yoshlar — qariyalarga g‘amxo‘r bo‘lsin. Dinimizda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik”.

ramazon, shavkat mirziyoyev

“Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarishsin. O‘zbekiston dunyoning eng oldi, eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylansin. Tutgan ro‘zalarimiz, duolarimiz dargohida qabul bo‘lsin”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

ramazon, shavkat mirziyoyev

Iftorlik doirasida O‘zbekiston xalqi tinchligi va farovonligi uchun Qur’on suralari o‘qilib, duolar qilindi, deyiladi xabarda.

ramazon, shavkat mirziyoyev

Video