“O‘zsuvta’minot” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 74,4 foizni tashkil etdi. 2026-yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 88,9 foizga yetishi rejalashtirilgan.

2023−2026-yillarda 1405 ta mahalla markazlashtirilgan suv ta’minoti bilan qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 470 tasi xalqaro moliya institutlari hisobidan, 795 tasi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha, 28 tasi davlat ijtimoiy buyurtmalari hisobidan, 112 tasi esa mahalliy budjetlar hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 2026-yil oxirigacha qo‘shimcha 5,2 million kishi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichlarini qanday qilib tasdiqlash mumkin?

Odatda ichimlik suvi bidlan ta’minlanganlik darajasi u yoki bu tarzda ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lgan ko‘cha va mahallalarda yashovchi aholi sonini avtomatik tarzda hisoblash yo‘li orqali amalga oshiriladi.

Aslida esa markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘i va billing sistemasiga ulangan hamda suv yetib borgani tasdiqdlangan uy ho‘jaliklari soni hisobini yuritish va ushbu ma’lumotlarni geoaxborot tizimlarida (GIS xarita) yoritib borish ta’minlanganlik darajasini haqqoniy baholash usuli hisoblanadi. Bu prezidentning 2023-yil 24-oktabrdagi qarorida ham ko‘zda tutilgan.

“O‘zsuvta’minot” AJ billing tizimi ma’lumotlariga etibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda ichimlik suvi tarmoqlariga ulangan abonentlar soni 4,5 mln uy xo‘jaliklarini tashkil qiladi (yakka tartibdagi uylar va ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar). Kadastr agentligi ma’lumotlariga ko‘ra esa 2024-yil 1-yanvar holatiga respublikada 7,7 mln uy ho‘jaliklari mavjud. Oddiy matematik hisob-kitoblar bilan qamrov darajasi 58 foiz atrofida ekanini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989-yilda o‘tkazilganini hisobga olsak, qamrov darajasining axoli sonidan kelib chiqib hisoblanishi ham ushbu ma’lumotning qay darajada ishonchli ekanini shubha ostiga qo‘yadi.

jamoatchilik nazoratи, ichimlik suvi ta’minoti, натижаларга erishish ofisi

Suv ta’minoti loyihalarini amalga oshirishda muammolar bormi?

Bunday loyihalarni amalga oshirishda muammolar yetarli. So‘nggi yillarda ichimlik suvi ta’minoti sohasida 25 ta loyiha doirasida xalqaro moliya tashkilotlaridan 2,5 milliard dollar jalb etildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Bu — juda katta mablag‘. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respbulikasi prezidenti 29-yanvar kuni uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda budjet va boshqa mablag‘lardan samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Mahalliy aholini jalb qilish

Ichimlik suvi loyihalari amalga oshirilayotgan mahallalarning aholisini ushbu qurilish jarayoni ustidan nazorat o‘rnatishga jalb qilish samarasiz loyihalar muammosini hal etishning eng unumli usuli hisoblanadi.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 2023-yil noyabr oyida o‘tkazilgan xaritalash tadbiri doirasida millionlab dollarlik suv ta’minoti loyihalari amalga oshirilayotgan 13 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan uchrashuv tashkil etildi. Ma’lum bo‘lishicha, xalqaro moliya institutlari kredit shartnomalarini tayyorlashda, shuningdek, aholini ko‘chirish rejasini monitoring qilishda (agar yashash joyi buzilishi kerak bo‘lsa) yoki loyihalarning ekologik jihatlarini monitoring qilishdagina loyiha hududlaridagi jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv va konsultatsiyalar o‘tkazadi. Lekin bu yetarli emas.

Muhokama davomida ma’lum bo‘ldiki, Toshkent viloyatidagi loyihalar ro‘yxatida (XMI kreditlari hisobidan) alohida mahallalar nomi sifatida mahallalar ichidagi ko‘chalar nomlari ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, kredit shartnomasi imzolangan (2019-yil) va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlanganidan keyin o‘tgan davrda mahallalar chegaralari va toponimik nomlar o‘zgargan. Bu esa, o‘z o‘rnida, loyihaning borishi darajasi va aholini qamrab olish ko‘rsatkichini qayta hisoblashga qanday ta’sir qilgani noma’lum.

Shubhasiz, mahalla aholisining loyihalarni amalga oshirish jarayoni monitoringida ishtirok etmasligi suv ta’minoti tarmoqlarini rivojlantirish sxemalarini rejalashtirishda qiyinchiliklarga olib keladi.

jamoatchilik nazoratи, ichimlik suvi ta’minoti, натижаларга erishish ofisi

Xalqaro tajriba

Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, infratuzilma loyihalari boshlanishidan avval, albatta, jamoatchilik muhokamalari o‘tkaziladi. Yakuniy qaror mahalliy hokimiyat organlari tomonidan to‘plangan ma’lumotlar va aholidan olingan fikr-mulohazalar asosida qabul qilinadi.

Mahalliy hokimiyat organlari va suv idoralari aholini joriy va kelajakdagi suv loyihalari to‘g‘risida xabardor qilish uchun muntazam ravishda o‘z veb saytlari va internet nashr va bosma materiallarda ma’lumotlarni taqdim etib boradi.

Mahalliy aholi qarorlar qabul qilish jarayonida faol ishtirok eta oladigan ishchi guruhlar yoki kengashlar tuzish huquqiga ega bo‘ladi.

Qanday choralar ko‘rish mumkin va zarur?

Ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha barcha hisobot ma’lumotlarini xaritalar va geografik axborot tizimlari (GIS) bilan bog‘langan bo‘lishi muhim. Har bir ajratilgan so‘m, har bir kilometr quvur koordinata tizimiga ulangan bo‘lishi, shahar va tumanlarning ishlab chiqilgan bosh rejalariga muvofiq ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli sxemasini ishlab chiqishda hisobga olinishi zarur.

Joriy va rejalashtirilayotgan suv ta’minoti loyihalarining to‘liq ro‘yxatini va ma’lumotlari tegishli viloyat hokimliklari veb saytlarida joylashtirish, bunda aholiga loyihalarning nomi, moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari va bosqichlari, aniq ko‘chalar va mahallalar, ulanish sxemalari, mutasaddi tashkilotlar (buyurtmachi, pudratchi, loyihalash instituti va texnik nazoratchining ism va aloqa raqamlari) haqida, shuningdek, xizmatdan foydalanuvchilarning majburiyatlari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar ko‘rsatilishi zarur.

Bundan tashqari, suv ta’minoti loyihasi amalga oshirilayotgan barcha mahallalarda yagona tipdagi bannerlarni (obyekt pasportlarini) joylashtirishni doriy qilish zarur. Bannerda loyiha nomi, moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari va bosqichlari, aniq ko‘chalar va mahallalar, ulanish sxemalari, mutasaddi tashkilotlar va ular bilan aloqa kanallari, shuningdek mahalla faollari (jamoat komissiyasi) ro‘yxati va aloqa uchun qulay QR kodi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Bannerlarni shu ko‘chaning har bir aholisi ko‘rishi mumkin bo‘lgan mahalla binosinig tashqari va ko‘zga tashlanadigan qismiga o‘rnatishni yo‘lga ko‘yish zarur.

Bunday ijobiy tajriba allaqachon mahalliy budjet hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda sinovdan o‘tgan va moliyalashtirish manbasidan qat’i nazar, barcha loyihalar miqyosida tadbiq etilishi zarur.

Fuqarolarni kamida minimal qurilish nazoratini o‘tkazishga o‘rgatish zarur. Quvurlar yer ostiga yotqiziladi, ular ko‘rinmaydi va o‘rnatish sifatini tekshirish imkoniyati cheklangan. Shuning uchun quvurlarni ko‘mishdan oldin aholini eng xolis auditor sifatida jalb qilish muhim — vizual tekshiruvni o‘tkazish uchun aholiga quvurlarni yotqizish ishlarining har bir bosqichida jarayon qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi rasmlar bilan boyitilgan asosiy qo‘llanmalarni tarqatish kerak. Soha mutaxassisi bo‘lmagan oddiy fuqarolar, albatta, texnik nazorat ishlarini amalga oshira olmasligi mumkin, lekin ular quvurlarning diametrini, xandaqning o‘lchamini, quvurlarni to‘ldirish usulini (masalan, maydalangan tosh, qum, tuproq va boshqalar bilan) osongina ajrata oladi va pudratchining qonunbuzarliklari yoki insofsizligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar bera oladi.

jamoatchilik nazoratи, ichimlik suvi ta’minoti, натижаларга erishish ofisi

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham ichimlik suvi sifati, suv ta’minoti darajasi va suv ta’minoti va kanalizatsiya korxonalarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini joriy etish davlatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu munosabat bilan tumanlar kesimida quyida ko‘rsatilgan parametrlar bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlarni muntazam yangilab turish va GIS xaritalarda bog‘langan holda aholiga muntazam taqdim etib borishngi yo‘lga qo‘yish zarur:

  • foydalanishga topshirilgan obyektlarning kilometrlari soni;
  • suv ta’minotiga ulanganlik va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati haqida so‘rovnoma o‘tkazilgan odamlar soni;
  • foydalanishga topshirilgan obyektlar soni;
  • jamoatchilik va manfaatdor tomonlarni jalb qilish komponentni amalga oshirilgan loyihalar soni.

Ammo GIS xaritalari ommaga taqdim etilishi uchun qonun hujjatlariga ba’zi o‘zgartirishlar kiritish kerak. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi qaroriga binoan, suv ta’minoti tarmoqlari va inshootlarini aks ettiruvchi maxsus xaritalar, rejalar va sxemalar aholisi 100 mingdan ortiq bo‘lgan aholi punktlari uchun davlat siri hisoblanadi.

Hukumatning 2022-yil 26-oktabrdagi qaroriga binoan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi milliy fazoviy axborot infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibiga ichimlik suviga taalluqli qismi uchun mas’ullar sifatida kiritilgan, chunki ko‘p yillar “O‘zsuvta’minot” ushbu vazirlikning tarkibiy organlaridan biri edi. 2023-yilda “O‘zsuvta’minot” vazirlikdan alohida organ sifatida chiqib ketdi, ichimlik suvi kadastrini yuritish masalalari esa hech kimga biriktirilmadi, oqibatda esa bu ish to‘xtab qoldi.

Yuqorida aytib o‘tilgan mexanizmlarning amalga oshirilishi, albatta, infratuzilma qurilishida shaffoflik va mas’uliyatni, qurilish sifatini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, bunday qadamlar qurilish jarayonida korrupsiyani kamayishiga olib keladi, qolaversa, hukumat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash uchun katta imkoniyatlarga ega.

Shu o‘rinda yozuvchi Tomas Fullerning so‘zlari bilan xulosa qilmoqchimiz: “Quduqlar qo‘rishni boshlamasdan, suvni qadrlashni boshlamaymiz”. Muhimi — kechikmaslik.

Ushbu kolonka Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, u 2026-yilga qadar sog‘liqni saqlash, maktab infratuzilmasi va ichimlik suvi sohalarida 12 ta ko‘rsatkichga erishishga qaratilgan. Maqsadlardan biri “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda 5,2 mln kishiga ichimlik suvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish bilan bog‘liq. Ofis muntazam ravishda muhim tashabbuslarni jamoatchilik bilan baham ko‘rishni, ularni muloqotga taklif qilishni va sharhlarda takliflar almashishni rejalashtirmoqda. Yaqin kelajakda jamoatchilikka maqsadlarga erishish yo‘lidagi taraqqiyotni kuzatish imkonini beruvchi onlayn deshbord ishga tushiriladi.