Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmanov 15-16 fevral kunlari umumshahar shanbaligini tashkil etish haqida farmoyishini e'lon qildi.

Poytaxt hokimligi axborot xizmatida ta'kidlanishicha, noodatiy tarzda sovuq kelgan fevral oyi poytaxtning xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlari, hokimliklar oldiga qator kutilmagan muammolarni keltirib chiqardi. Bu muammolar ichida gaz va elektr ta’minotidagi ehtiyojning bir necha barobar ortib ketishi, yo‘llarning muzlashi va hokazolar bor.

Ob-havo sharoiti biroz yengillashsa ham, ammo Toshkentning ko‘plab ko‘chalari, ayniqsa oftob tushmaydigan joylarda hali yaxmalak bo‘lib yotgan hududlar yetarli, deb aytilgan bayonotda.

Farmoyishga ko‘ra, yo‘llardagi muz qoplagan joylarni, shuningdek, hali olib ketishga ulgurilmagan qor uyumlarini olib chiqish, yo‘llarda qorning tezroq erishi uchun tuz-qum aralashmasi sepish ishlari hashar yo‘li bilan amalga oshiriladi. Shahardagi savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish shoxobchalari atrof-hududlarini, bozorlarning kirish qismlarini qordan tozalash ishlarini tashkil etish ham belgilangan. Qor uyumlari va chiqindilarni olib chiqib ketish uchun qo‘shimcha transport vositalari jalb etilib, bu ish tizimli ravishda tashkil etiladi.

Poytaxtdagi 63 ta ko‘chaga (ro‘yxati keltirilmagan) alohida e’tibor qaratiladi, deb ta'kidlangan bayonotda.

Hasharda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, barcha korxona va tashkilotlarning faol ishtiroki ko‘zda tutilgan. Tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga tumanlar hokimlari hamda mahallalar raislariga shaxsiy mas’uliyat yuklangan.