O‘zbekistonda byudjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining maoshi oshdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligi qarori bilan byudjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Endi, Institut direktori, professorning bazaviy lavozim maoshi 1 414 838 so‘mdan 1 485 580 so‘mgacha, kichik ilmiy xodim, fan nomzodiniki — 997 341 so‘mdan 1 047 208,00 so‘mgacha, tajriba orttiruvchi tadqiqotchiniki — 787 260 so‘mdan 826 623 so‘mgacha ko‘tarildi.

Ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga 2013 yil 15 dekabrdan ilmiy va rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari o‘zgarganligini hisobga olib ish haqlarini qayta hisoblab to‘lanishini ta’minlash topshirildi.

Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 2 dekabrdagi «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 18 avgustdagi «Ilmiy xodimlar mehnatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini bajarish maqsadida qabul qilindi.