10-yanvar kuni Prezident Islom Karimov «Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Vatan himoyachilari kuni O‘zbekistonda 14-yanvarda nishonlanadi.

O‘zbekistonning mudofaa qudratini yanada yuksaltirish, milliy xavfsizlikni va davlat chegaralari daxlsizligini ta’minlash, yoshlarni milliy istiqlol g‘oyasi va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shayotgan katta hissasi, milliy manfaatlarni himoya qilish va tinchlikni ta’minlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani uchun 117 kishi mukofotlandi.

Xususan, «Fidokorona xizmatlari uchun», «Mehnat shuhrati» va «Do‘stlik»ordenlari bilan bittadan, II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan — 2 kishi, «Mardlik» ordeni bilan — 9, «Jasorat» medali bilan — 41, «Shuhrat» medali bilan — 30 va «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan — 32 kishi taqdirlandi.

Ulardan biri, Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi bataloni militsioner-kinologi Umrzokov Abdurashid xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida mardlarcha vafot etgan edi.

Taqdirlanganlarning to‘liq ro‘yxati bilan O‘zA sahifasida tanishish mumkin.