O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasiga 2013- yil davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo’yicha 4400ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

Mazkur murojaatlarning 48,5 foizi yozma ravishda va 51,5 foizi ishonch telefonlari orqali qabul qilingan, deb xabar berilmoqda qo'mita saytida.

Iste’molchilardan tushgan jami murojaat va shikoyatlarning aksariyati kommunal sohaga (59,1%), savdo va umumiy ovqatlantirish sohasiga (19,4%), transport, aloqa kommunikatsiyalari sohalariga (9,7%) va boshqa sohalarga (11,8%) to’g’ri kelgan.

O’z navbatida, ishonch telefonlari orqali kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi bo’yicha tegishli choralar ko’rilgan bo’lsa, qolgan 60 foizi bo’yicha Qo’mitaga berilgan vakolatlar doirasida tegishli tushuntirishlar berildi.

Iste’molchilik huquqlarini himoya qilish borasida fuqarolardan kelib tushgan murojaat va shikoyatlarni ko’rib chiqish natijasida iste’molchilarning hisobiga 958,3 mln.so’m qayta hisob-kitob qilib berildi.