26-dekabr kuni Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini tasdiqlash to'g'risidagi qonunga imzo chekdi. Qonun matni «Xalq so'zi» gazetasida e'lon qilingan.

Byudjet kodeksini tasdiqlash to'g'risidagi qonun 28-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan bo'lib, 12-dekabr kuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma'qullangan.

Vazirlar Mahkamasi Byudjet kodeksi normalarining amal qilishi va samaradorligini muntazam monitoring va tahlil qilib keladi. Zarur bo'lgan hollarda Byudjet kodeksining ayrim normalarini yanada takomillashtirigsha qaratilgan takliflarni kiritadi.

1-yanvardan kuchga kirayotgan Byudjet kodeksi eksperiment sifatida ikki yil — 2014 va 2015 yillarda amal qiladi.

Byudjet kodeksining matni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi va O'zbekiston Respublikasini Qonun hujjatlari to'plamida e'lon qilinadi.

Gazeta.uz avval xabar berganidek, Byudjet kodeksi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjati bo'lib, u qonunchilik bazasining va uni huquqiy qo‘llash tizimining yagonaligini ta’minlayadi.

Byudjet kodeksi butun byudjet jarayonini (Davlat byudjetini shakllantirish, tasdiqlash, ijro etishni hamda nazoratni ta’minlashni) yagona va yaxlit qonun hujjatida tizimlashtirishni, Davlat byudjetini ham, byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarni ham tartibga solishning yagona prinsiplarini qo‘llanishni, byudjet jarayoni barcha qatnashchilarining vakolatlarini hamda ularning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini belgilashni, shuningdek, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirib, mahalliy byudjetlarning daromadlar manbalarini mustahkamlab qo‘yishni, barcha darajalardagi byudjetlar o‘rtasida vakolatlarni taqsimlashni va ularning o‘zaro hamkorligini nazarda tutadi.

Kodeksda amalga oshirish manbalari va mexanizmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat byudjeti bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari va sohalari, shu jumladan grantlar va texnik hamkorlik mablag‘larini jalb etish, ulardan foydalanishni monitoring va nazorat qilish tartibi, davlat tomonidan xorijdan mablag‘ jalb qilish va davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi, moliyaviy nazoratni, shuningdek, davlat moliyasi tizimida buxgalteriya hisobi va hisobotini ta’minlash mexanizmi belgilanmoqda.

Byudjet kodeksining qabul qilinishi amaldagi Soliq kodeksi bilan birgalikda davlat moliyasining yagona birxillashtirilgan, xalqaro standartlarga mos bo‘lgan qonunchilik bazasini shakllantirishga, byudjet sohasidagi huquqiy munosabatlarni tizimlashtirishga, shuningdek, byudjet jarayonining hamma bosqich va darajalarida yagona huquqiy normalar va yondashuvlar qo‘llanilishini, mamlakat byudjet tizimining ochiq-oshkoraligini va barqarorligini ta’minlashga imkon beradi.