Toshkentda Yangi yil tadbirlari maktab qishki ta'tilining birinchi kunidan, yani 28-dekabrdan o'tkaziladi. Bayram tadbirlari 8-yanvargacha davom etadi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati.

Gazeta.uz'ga ma'lum bo'lishicha, mamlakatning bosh archasi o'rnatilgan «Mustaqillik maydoni»dagi bayram tadbirlari ertalabki soat 11 da boshlanadi.

Kirib kelayotgan yangi yil munosabati bilan Toshkent shahar hokimligi tomonidan «Mustaqillik maydoni»dan tashqari, «O‘zbekdavlatsirki», Uchtepa tumani Algoritm dahasidagi «Roison Electronics» korxonasi oldi hamda Yunusobod tumani Ahmad Donish ko‘chasi 12-mavzedagi maydonlarda 28-dekabrdan 8- yanvargacha Yangi yil tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.

Mutasaddi tashkilotlar zimmasiga ushbu maydonlarni bayramona badiiy bezatish, yangi yil dasturlari tayyorlash, xavfsizlik choralarini belgilash, fuqarolarning miriqib dam olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish vazifalari yuklatildi.

Belgilangan tadbirlarga muvofiq, ushbu maydonlarda shoshilinch tibbiy yordam, sanitariya-epidemiologiya xizmatlari xodimlari ham jalb etiladi.