12-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi kunida senatorlar 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ham ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Bu haqda Senatning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Senatorlar hududlarning va iqtisodiyot tarmoqlarining imkoniyatlarini ishga solish, mehnat resurslaridan demografik omillarni hamda iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda oqilona foydalanish, bandlikning samarali shakllarini rivojlantirishga butun choralar bilan ko‘maklashish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbusini rag‘batlantirish yo‘li bilan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks va o‘zaro bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ham ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Dastur Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini, mehnat bozorining hozirgi va kelgusidagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga, aholi bandligi, tegishli maqsadli dasturlarni ishlab chiqish sohasidagi davlat siyosatining prinsiplariga hamda xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Dasturda yangi yirik sanoat ob’ektlarini ishga tushirish, ishlab turgan korxonalarni rekonstruksiya qilish va kengaytirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, qishloq joylarda xususiy uy-joylar qurishni hamda qurilishda pudrat ishlarini rivojlantirish dasturlarini ro‘yobga chiqarish, fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalash, aholini infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga hamda obodonlashtirish ishlariga jalb etish, tashkil etilayotgan ish o‘rinlarining saqlanib qolishini va barqaror ishlashini ta’minlash, xotin-qizlarni, nogironlarni va boshqa aholi toifalarini, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojlarni ishga joylashtirish, kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikning, hunarmandchilik, xizmatlar va servis sohasining rivojlanishini yanada rag‘batlantirish, kasanachilikni kuchaytirib borish va boshqalar hisobiga 2014-yilda 983,6 mingta ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Dasturni ro‘yobga chiqarish doirasida ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga alohida e’tibor beriladi. 2014-yilda Dastur parametrlariga muvofiq tashkil etiladigan yangi ish o‘rinlariga, shuningdek, mavjud bo‘lgan va zaxira qilingan ish o‘rinlariga kasb-hunar kollejlarining qariyb 500 ming nafar bitiruvchisini ishga joylashtirish mo‘ljallangan.