Dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va kadetlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslarining birinchi kunidayoq kadetlar ikkita oltin, bitta kumush va ikkita bronza, jami beshta medalni qo‘lga kiritdilar. Bu haqda O'zbekiston MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qit’a chempionati 11-13 dekabr kunlari Xitoyning Xaynan shahrida bo'lib o'tmoqda. 12-13 dekabr kunlari bu yerda o‘smirlar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Kadetlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Kamron Nurillayev (- 55 kg) va Suhrob Tursunov (- 66 kg) barcha raqiblarini yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, finalgacha kechgan bellashuvlarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Muhammadkarim Hurramov (- 81 kg) kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Terma jamoa hisobiga bronza medallarini Rahim Subhonov (- 50 kg) va Renat Nazmetdinov (+ 90 kg) keltirishdi.