12-dekabr kuni Toshkent shahrida ochilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida 16 ta masala, shu jumladan, 9 ta qonun ko‘rib chiqiladi.

Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabariga ko'ra, senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjeti, shuningdek, 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tasdiqlaydilar.

Yalpi majlisda ko'rib chiqiladigan qonunlar jumlasiga «O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqalar kiradi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga kiritilgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.