O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 12-dekabr kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Chjan Syaoni diplomatik vakolat muddati tugagani munosabati bilan qabul qildi.

Davlatimiz rahbari elchining faoliyatini, bugun yuksak darajada rivojlanayotgan O‘zbekiston va Xitoy hamkorligini yanada mustahkamlashga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar, ayniqsa, oliy ta’lim, fan va texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, san’at, turizm va boshqa ko‘plab sohalardagi hamkorlikka yuksak baho berildi.

Chjan Syao samimiy qabul va o‘z missiyasini bajarishi davomida yaratilgan shart-sharoitlar uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi. Elchi mamlakatimizda o‘tkazgan yillari uning hayotida eng yorqin, unutilmas sahifalar bo‘lib qolishini alohida ta’kidladi.

Chjan Syao Xitoyning O'zbekistondagi elchisi deb 2011-yil mart oyida tayinlangan edi. Uning xizmati mobaynida 2012-2013-yillarda Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Pekin va Toshkentga amalga oshirilgan tashriflar doirasida umumiy qiymati 20 milliard AQSh dollaridan ortiq qariyb 80 savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy bitimlar imzolandi.

Joriy yilning aprel oyida Prezident farmoni bilan Chjan Syao «Do'stlik» ordeni bilan taqdirlangan.