«Artel» savdo belgisi «Sport», «Race», «Sprint» mobil telefonlari va «Adi5 S» hamda «Perfect1» smartfonlarini taqdim etdi. Bu haqda O'zA xabar bermoqda.

O‘zbekistonda o‘zbek tilidagi mobil telefon ishlab chiqarish bo‘yicha dastlabki loyiha «O‘zeltexsanoat» uyushmasi tarkibidagi «Infinity Electronics» qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirildi. Loyihaning birinchi bosqichida iste’molchilarga olti rusumdagi mobil aloqa vositasi, jumladan, sensor ekranli uchta «Adi5», «Adi5 CDMA» va «Komi3» smartfonlari, shuningdek, «U30», «H35» va «D83» telefonlari taklif etildi.

Jahon bozoridagi talablar inobatga olingan holda, «Artel» mobil telefonlari ko‘plab funksiyalar, texnologik yangiliklar va zamonaviy dizayn asosida ishlab chiqarilmoqda. Yuqori sifatli ushbu telefonlar xorijnikidan ancha arzon bo‘lib, mahalliy foydalanuvchilar uchun qator qulayliklarga ega. Bundan tashqari, «Artel» yil davomida o‘z mahsulotlari uchun O‘zbekistonda bepul servis xizmati ko‘rsatadi.

«O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisi Tabriz Jalilovning so‘zlariga qaraganda, mobil telefon ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichida takomillashgan rusumdagi aloqa vositasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Loyihaga ko‘ra, yiliga 800 ming dona telefon ishlab chiqarish va asosan kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun qariyb oltmishta yangi ish o‘rni tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Ta’kidlash joizki, «Artel» brendi ostida «Sport» rusumidagi yangi mobil telefon va yangi «Adi5S», «Perfect1» smartfonlari zamonaviy texnologik uskunalar yordamida elektronika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalar bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda. AQShning «Motorola», Janubiy Koreyaning «LG Electronics», «Alcatel» Fransiya-Amerika kompaniyasi, Tayvanning «MediaTek» va «Foxconn» kompaniyasi, «Rohde&Schwarz GmbH&Co KG» xalqaro kompaniyalar guruhi shular jumlasidan. Yangi mahsulot alohida sifat xususiyatlari bilan ajralib turadi. Masalan, «Perfect1» smartfoni sakkiz pikselli kamera, to‘rt yadroli protsessor va 1 gigobayt xotiraga ega. Bu telefon O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dastlabki shunday moslamadir.

Texnik nazorat mahsulot sifatini ta’minlaydigan asosiy elementdir. «Infinity Electronics» qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyati laboratoriyasida aloqa vositalari sohasida jahon standartlariga mos zamonaviy o‘lchash uskunalari o‘rnatilgan.

«Infinity Electronics» qo‘shma korxonasi direktori Alisher Savurovning ta’kidlashicha, mobil telefon ishlab chiqarishda «sifat-narx» nisbatiga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘z samarasini bermoqda. «Artel» savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan telefonlar O‘zbekistonda tez ommalashib bormoqda. Bugungi kunda korxonada ishlab chiqarilgan qariyb 250 ming dona telefon nafaqat ichki, balki xorij bozorlarida ham sotildi. «Sport» rusumidagi yangi, yanada quvvatli, chiroyli va yupqa mobil telefonlar va har ikki rusumdagi yangi smartfon iste’molchilarga manzur bo‘lishiga ishonamiz.

Yana shuni ta’kidlash kerakki, «Infinity Electronics» qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyati «Pifagor Trading» riteyler kompaniyasi (Birlashgan Arab Amirliklari) bilan «Sport» rusumidagi yangi mobil telefon va «Adi5 S», «Perfect1» smartfonini eksport qilish bo‘yicha dastlabki shartnoma tuzdi. Bu kompaniya, o‘z navbatida, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ushbu mahsulotlarni dunyo bo‘ylab sotadi.