Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 29-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyanning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib, o‘zaro hamkorlik ko‘lami barcha sohalarda kengayib borayotgani, bunda O‘zbekiston va Xitoy davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2012 yil iyun oyida Xitoyga rasmiy tashrifi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning 2013 yil sentyabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi hukumatlari o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida madaniy-gumanitar, axborot almashinuvi, shaharlararo aloqalar, kichik biznes, temir yo‘l qurilishi sohalariga oid qator hujjatlar imzolandi.