O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gonkong terma jamoasi ustidan 2:0 hisobi bilan g‘alaba qozondi, deb xabar berdi O‘zA.

Saralash turnirining beshinchi turidagi ushbu g‘alaba Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2015 yili Avstraliyada bo‘ladigan Osiyo kubogining final qismida ishtirok etish huquqini berdi.

Uchrashuvning 84-daqiqasida terma jamoa a’zosi Vohid Shodiyev aniq zarba yo‘llab, hisobni ochdi. So‘nggi daqiqagacha hujumkor o‘yin ko‘rsatgan futbolchilar bahs yakunlanishi arafasida mezbonlar darvozasini ikkinchi marotaba ishg‘ol qildi. Gol Odil Ahmedov hisobiga yozildi.

Shunday qilib, besh uchrashuvdan o‘n ochko jamg‘argan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Avstraliyaga boradigan jamoalar qatoriga qo‘shildi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogining saralash musobaqasidagi so‘nggi uchrashuvini 2014 yil 5 mart kuni Toshkent shahrida Birlashgan Arab Amirliklari jamoasiga qarshi o‘tkazadi.