15-22-mart kunlari Toshkent shahrida «Oila salomatligi» loyihasi doirasida xayriya aksiyasi o‘tkaziladi. Ushbu aksiya «Ayollar kengashi» RJB hamda Operation Smile Singapore hamkorligida bo‘lib o‘tadi. «Operation Smile» — butunjaxon bolalar tibbiyoti xayriya tashkiloti bo‘lib, yuzida nuqsoni bor bolalarni bepul operatsiya qilish bilan shug‘ullanadi.

Fond Forum matbuot xizmati xabar berishicha, bir necha kun mobaynida Turkiya, Singapur, Filippin, Malayziya, Indiya, Rossiya va AQSHdan tashrif buyurgan 30 nafar yetakchi mutaxassis Toshkent pediatriya tibbiyot institutida 180 nafar Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi yuzida nuqsoni bor bolalarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadilar. Operatsiyalar 17-22-mart kunlari soat 07:00 dan 19:00 gacha o‘tkaziladi..

O‘tgan yillarda «Operation Smile Singapore» bilan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida bu kabi xayriya aksiyalari uch marotaba amalga oshirilgan edi. Ushbu aksiyada 387 nafar bolalar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ulardan 215 nafari bepul operatsiya qilindi.

2010-2012-yillarda «Oila salomatligi» loyihasi «Ayollar kengashi», Sog‘liqni saqlash vazirligi, Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasi (TIKA) hamkorligida o‘tkazilgan edi. Ushbu aksiyada yuz-jag‘ sohasida nuqsoni bor 250 nafar bolalar turk mutaxassislari tomonidan plastik opersiya kilingan.

«Oila salomatligi» loyihasi «Ayollar kengashi» jamoat birlashmasi va hamkor tashkilotlar tomonidan 2009-yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Loyiha doirasida o‘zbekistonlik shifokorlar uchun bepul maslahatlar va mahorat-darslari o‘tkazish maqsadida isroillik, germaniyalik, rossiyalik va turkiyalik mutaxassislar mamlakatimizga tashrif buyurishgan. 5000 dan ortiq bemorlar tekshiruvdan o‘tkazilib, 400 dan ortiq mutaxassislar malaka oshirish bo‘yicha treninglarda ishtirok etishgan.

Shu yilning 11-fevral kuni Toshkent shahrida Koreya Respublikasining yetakchi akusher-ginekolog Bum-Chae Choi tomonidan bepushtlik bilan to‘qnashgan 19 nafar ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tdilar. 25-27-fevral kunlari esa «Salus Vita» tibbiy sog‘lomlashtirish markazida xindistonlik neyroxirurg Varindera Paul Singh, bolalar kardioxirurgi Muthu Jothi va bolalar otolaringologi Ameet Kishore tomonidan 400 kishi bepul tibbiy tekshiruvdan o‘tdilar.