29-avgust — 9-sentabr kunlari Buyuk Britaniya poytaxti Londonda XIV Paralimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi. Ularda 166 davlatdan kelgan 4200 nafar atlet sportning 20 ta turida g‘oliblik uchun kurashadi.

Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, yozgi Paralimpiadada O‘zbekiston sharafini 10 nafar sportchi suzish, pauerlifting, dzyudo hamda yengil atletika bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda himoya qiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari (jami 19 nafar) Londonda 24-avgust kuni jo‘nab ketadi. Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ining ko‘tarilishiga bag‘ishlangan tadbir 28-avgustga rejalashtirilgan.

Ayni kunlarda mamlakat paralimpiyachilari Toshkent viloyatida so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda. Yig‘inlarga eng tajribali mutaxassislar jalb etilgan.