30-iyulidan 14-avgustga qadar O‘zbekistonlik ziyoratchilarni Ramazon oyidagi (ikkinchi bosqich) umra safariga yuborish rejalashtirilgan. 30-iyul kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 170 nafardan iborat dastlabki guruhi umra safariga kuzatib qo‘yildi, xabar berdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati.

Ziyoratchilar Makka va Madina shaharlarida umra ibodatlarini ado etadilar. Ziyorat 10 kunni tashkil etadi (Madinada 4 kun, Makkada 5 kun, Jiddada 1 kun). O‘zbekistonlik ziyoratchilarni joylashtirish uchun Madina shahrida “Masjidi nabaviy”dan 25 metr masofada joylashgan to‘rt yulduzli “Markaz at-Toyyiba” mehmonxonasi, Makka shahrida “Haram masjidi”dan 1000 metr uzoqlikdagi “Markaz al-Mavadda” mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan. Ziyoratchilar ibodati, ovqatlanishi (iftorlik, saharlik), ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish, kuzatish va kutib olish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan. Umra ziyoratidan fuqarolarimizning qaytishi 9-avgust kunidan 25-avgust kuniga qadar amalga oshiriladi.

Ziyoratchilarning Toshkent aeroportidan kuzatish tadbirlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirliklar va idoralar xodimlari (Umra ishchi guruhi) bilan birgalikda uyushgan holda amalga oshirilmoqda. Ramazon umra ziyoratida jami 2000 nafar fuqarolarimizning (Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 10 ta charter reysida) safarlari tashkil etiladi. Umra safari davomida ziyoratchilarga 2 nafar ishchi guruh, 10 nafar shifokor va 2 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

Ushbu umra mavsumi Ramazon oyi — yozning jazirama issig‘iga to‘g‘ri kelishini hisobga olgan holda, yoshi katta, keksa ziyoratchilar orasidan surunkali kasallik bilan kasallangan kishilarga ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda. Mazkur masalada Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari hamkorligida yo‘riqnoma ishlab chiqilgan va barcha ziyoratchilarga tarqatilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistonida ob-havo va iqlim sharoitini keskin isib ketishi natijasida Saudiya metrologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining bergan rasmiy bayonotiga ko‘ra, ziyoratchilar mavsum davrida muayyan vaqtlarda ochiq hududlarda harakat qilmasliklari haqida tushuntirilmoqda. Shu bois, o‘zbekistonlik ziyoratchilar orasida keksa va surunkali kasalliklar bilan og‘rigan fuqarolarga yozning issiqligi ta’sir qilish ehtimoli bo‘lsa, ro‘zasini ochishi mumkinligi yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tavsiyasi tushuntirib borilmoqda.

Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun’iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyesining dasturlarini tomosha qilib, Vatanimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan. Shu bilan birga, safar mobaynida fuqarolarimiz Makka va Madina shaharlaridagi tarixiy joylarni ziyorat qilishga muyassar bo‘ladilar. Umra ziyoratchilarini Jidda aeroportida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari Prezident qarori asosida Jiddadagi Bosh konsullikda joriy etilgan Haj va umra masalalari bo‘yicha attashe tomonidan tashkil etilmoqda.