Toshkent shahrining Sergeli tumanida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Koreya Respublikasi Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida Kasb-hunarga o‘qitish markazi ochildi.

Ushbu markaz Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 13 avgustdagi “Toshkent shahrida Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida Kasb-hunarga o‘qitish markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etildi.

Markazning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Aktam Haitov, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Chon De Van va boshqalar ishtirok etdi.

Yangi markazda ish bilan vaqtincha band bo‘lmagan 360 nafar yoshlar mashinasozlik, elektrotexnika, elektronika, axborot texnologiyalari, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda tahsil olib, kasb tayyorgarligidan o‘tadi.

Markaz zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari, uskunalar, dastgohlar o‘quv qurollari va qo‘llanmalar bilan jihozlangan.

Bu yerdagi o‘qish jarayoni korxonalarning ishchi-mutaxassislarga bo‘lgan talabidan kelib chiqqan holda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar asosida o‘tkaziladi.

Markazda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan o‘quvchilar uchun 100 o‘rinli yotoqxona ham mavjud.

Bu yerda kasb tayyorgarligidan o‘tgan yoshlarning barchasi ish bilan to‘liq ta’minlanadi.