Osiyoning so‘nggi to‘rt yillikdagi eng yaxshi hakami Ravshan Ermatov XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish uchun 17-iyul kuni Buyuk Britaniya poytaxti Londonga jo‘nab ketdi.

2010-yil JAR stadioni mezbonlik qilgan jahon chempionatida eng ko‘p — beshta uchrashuvni boshqarib borgan Ravshan Ermatov London-2012 Olimpiadasining futbol turnirida ham qatnashadi. Unga qanotlarda Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov yordam berishadi, xabar berdi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

London-2012 Olimpiadasiga so‘nggi tayyorgarlik sifatida mazkur trio O‘zbekiston ikkinchi ligasidan o‘rin olgan “Paxtakor-2” va “Qanot” klublari ishtirokidagi o‘yinni boshqarib bordi. Buni Ermatovning o‘zi quyidagicha izohladi: “Ikkinchi liga bellashuvlarini boshqarish nisbatan qiyin. Sababi u sizdan katta va alohida e'tiborni talab qiladi. O‘yin qoidalari ko‘p buziladi va siz maydonda ishsiz qolib ketmaysiz”.

25-iyul kuni start oladigan Olimpiadaning futbol musobaqasida 16 mamlakat kurash olib boradi. “A” guruhini mezbon Buyuk Britaniya, Senegal, BAA va Urugvay olimpiyachilari tashkil qilgan. Mos ravishda “V” guruhida Meksika, Janubiy Koreya, Gabon, Shveysariya, “S” guruhida Braziliya, Misr, Belaruss, Yangi Zelandiya, “D” guruhida Ispaniya, Yaponiya, Gonduras va Marokko terma jamoalari kurash olib boradi.