O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 5-iyul kuni “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish hamda fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida qabul qilingan hujjatga ko‘ra, 1-avgustdan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar hamda ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar miqdori o‘rta hisobda 1,15 baravar oshiriladi.

1-avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:

  • ish haqi — oyiga 72355 so‘m;
  • yoshga doir pensiyalar va bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 141 520 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 86 835 so‘mni tashkil qiladi.

Ish haqiga qo‘shiladigan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek, pensiyalar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolali oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 1-avgustidan boshlab Prezident farmonida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 1-avgustidan boshlab farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirishi belgilandi.