29-fevral kuni O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligida Microsoft korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, xabar berdi O‘zAAA matbuot xizmati.

Microsoft vakillari korporatsiyaning O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘z faoliyatini kengaytirish bo‘yicha kelajak rejalarini bayon qildilar.

O‘zbek tomon axborot texnologiyalarini davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy va ta’lim sohalariga joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Ayniqsa, O‘zbekistonda dasturiy mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil qilishning muhimligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan Microsoft korporatsiyasi o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorlik haqida kelishuv imzolandi.

Hujjat Microsoft yechimlariga asoslangan o‘zbek tilida dasturiy mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Microsoft axborot-resurs markazini tashkil etishni o‘z ichiga olgan ta’lim sohasidagi o‘zaro tashabbuslarni, O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Microsoft korporatsiyasiga 1975-yilda asos solingan bo‘lib, u dasturiy ta’minot, xizmat ko‘rsatish hamda shaxsiy kompyuter va serverlar uchun internet texnologiyalar yaratish bo‘yicha jahonda yetakchidir.

Microsoft mahsulotlari dunyoning 80 ga yaqin mamlakatida sotiladi, 45 ga yaqin tilga tarjima qilingan (shu jumladan o‘zbek tiliga) va ko‘pchilik shaxsiy kompyuterlar platformalariga mos tushadi.