1. Birinchi navbatda til o'rganishni maslahat bergan bo'lardim. Chunki bugungi kunda butun dunyoda zamonaviy bilimlarning 87 foizdan ortig'i ingliz tilida yaratiladi. Bular: ilmiy maqolalar, kashfiyotlar, kontentlar va boshqalar. Bugun ingliz tilini bilmay turib, zamonaviy bilimlarga yetishish imkoniyati juda past. Dunyo bilimlarini bitta sandiqqa joylasak, ingliz tili — ularning kaliti. Shu sababli ham til o'rganishni iltimos qilib qolardim. Bu insonga dunyoni ochib beradi, chegaralarni olib tashlaydi.
Bundan tashqari, ko'proq kitob o'qinglar, degan bo'lardim. Mutolaa miya faoliyatining rivojlanishi, miyada yangi to'qimalarning shakllanishi uchun juda muhim hisoblanadi. Kitob o'qigan sari odamda mantiq, kreativlik rivojlanib, fantaziyasi (tasavvuri) yaxshilanib boradi. Shuning uchun inson qancha ko'p kitob o'qisa, dunyoqarashi ham kengayadi.
Shuningdek, imkon qadar ko'proq sayohat qilish kerakligini ta'kidlagan bo'lardim. Uy, televizor, ijtimoiy tarmoqlar bilan cheklanib qolmay, o'zi yashayotgan shahardagi hali bormagan joylariga, qo'shni shaharlarga borish kerak. Imkoni yetsa, chet elga borish lozim. Inson har safar sayohat qilganida, ichki dunyosida nimadir o'zgaradi, dunyoqarashi shakllanadi. Fikrlar xilma-xilligini ko'radi, unda tolerantlik, bag'rikenglik, toqatlilik rivojlanadi: turli millat vakillarini boricha qabul qila boshlaydi.
Oliy ta'limda bo'ladimi yoki professional kareradami, ko'proq do'st orttirishga, yaxshi insonlar bilan networking qilishga undagan bo'lardim. Sababi — yaxshi insonlar bilan suhbat qurish ham, do'st bo'lish ham xuddi kitoblar yo sayohat kabi bilim, tajriba beradi, imkoniyatlar ochadi.
Yoshlardan oila qurish masalasida shoshmaslikni iltimos qilgan bo'lardim. Tushunaman, hozir emotsiya, yoshlik… Lekin bu qaror keyingi 50−70 yillik hayotga ta'sir qiladi. Yaxshisi, 25 yoshgacha o'zingizni shaxs sifatida shakllantiring, professional sohada nimagadir erishing, moliyaviy tomondan mustaqil bo'ling, jamiyatga foydasi tegadigan va o'ziga ishongan shaxsga aylaning, so'ng, o'zingizga mos insonni uchratganingizda, oila quring.
2. Yuqorida aytib o'tganimdek, til bilish juda muhim. Imkon qadar ko'proq ilm olish va sayohat qilish zarur.
3. Inson shakllangan dunyoqarashi doirasida kontent iste'mol qiladi. Kitob o'qisa ham bir xil mavzu, kino ko'rsa ham bir xil mavzu… Natijada insonning fikr doirasi torayib boradi, boshqa fikrlarga nisbatan betoqat bo'lib, faqat bitta fikr atrofida o'ralashib qoladi.
Masalan, faqat bitta mavzudagi kitoblarni o'qisangiz, dunyoqarash o'smaydi, birgina mavzu ichida chuqurlashib qolasiz, xolos. Shu bois ma'lumot olganda, kontent qabul qilganda, imkon qadar rang-baranglikka ahamiyat qarating. Bu sizga turli dunyoqarashlarni ko'rish, tushunish, o'zingiz kirgan g'oya ichidagi xatoliklarni anglash va eng muhimi, kamchiliklar va ustunliklar bilan solishtirib, o'z fikringizga ega bo'lish imkonini beradi.
Tilagim — o'qing, o'rganing, rivojlanishdan hech qachon to'xtamang, hayotda katta marralarni zabt eting. Sizdan oldingi avlodlar qilmagan ishni siz qilasiz, ularda bo'lmagan imkon sizda bor. Orzudagi O'zbekistonni yaratish imkoniyati sizda borligiga ishoning.
Materialga izohlar