2022-yil bitiruvchilariga murojaat
Vazirlar, deputat, UNICEF vakolatxonasi rahbari,
IT-Park direktori, Inkuzart hamda faol jamoatchilik vakillari
2021-2022-o‘quv yili bitiruvchilariga
o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirishdi.
Turli xil inqirozlar va tub o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan dunyo kelajak avlod zimmasiga yangi vazifalarni yuklashi mumkin.

“Gazeta.uz” davlat arboblari, xalqaro tashkilotlar va faol jamoatchilik vakillaridan 2021-2022-o‘quv yili bitiruvchilari va yoshlarga o‘z maslahatlari va tilaklari bilan murojaat qilishlarini so‘radi.

Biz ularga uchta savol berdik:

1. O‘zingizni bitiruvchi deb tasavvur qilsangiz, o‘zingizga nimalarni maslahat berardingiz?
2. Yangi avlod vakillari qanday uchta muhim hislatlarga ega bo‘lishlari kerak?
3. 2021-2022-o‘quv yili bitiruvchilariga maslahat va tilaklaringiz.

Eʼtiboringizga ularning javoblarini havola qilamiz.
Baxtiyor Saidov
Xalq taʼlimi vaziri
Bugun maktabni tamomlayotgan har bir o‘quvchi uchun hayotidagi yana bir muhim eshiklardan biri ochilmoqda. Bu esa katta hayotga yo‘l demakdir!

Ayni shu fursatda bitiruvchilarga maktab yillarini, maktabdagi do‘stlari va albatta, ularni katta hayotga tayyorlagan, eng qimmatli va zarur narsalarni sarmoya qilgan o‘qituvchilarini doimo yaxshi xotiralar bilan yodga olishlarini tilayman.

Bugun maktab bilan xayrlashayotgan bitiruvchilarimiz — to‘g‘ri tanlov qilib, o‘zingiz uchun sevimli va kerakli kasbni egallashga, barcha muvaffaqiyatsizlik, to‘siqlarni chetlab o‘tishga va hozir intilayotganlaringizga ko‘maklashuvchi yo‘ldan borishga harakat qiling!

Intiling, jasoratli bo‘ling, faqat oldinga qadam bosing, hech qachon ortga chekinmang. Bir nechta tillarni o‘rganing va albatta kitob o‘qing. Faqat orzular bilan emas, aniq maqsadlar bilan yashang. 10 yildan keyin o‘zingizni hayotda kim sifatida ko‘rishingizni bugundan tasavvur qila oling.

O‘z ustingizda ishlashdan hech qachon to‘xtamang. Inson Men barchasiga erishdim, degan kuni yashashdan to‘xtaydi. Shu bois doim oldingizga yuksak maqsadlar qo‘ying va ular sari olg‘a intiling.

Hasad tuyg‘usi insonni yeb bitiradigan eng yomon illat, shu bois faqat atrofingizdagi insonlarga havas ko‘zi bilan qarang.

Aziz bitiruvchilar! Sizlarga katta hayot yo‘lida faqat omad va zafarlar yor bo‘lishini tilayman!

Maktabda olgan bilimlaringiz bilan ustozlaringiz yuzlarini yorug‘ qilib, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishingizni, vatanimiz ravnaqini yuksaklarga ko‘taradigan farzand bo‘lishingizni tilayman!
Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
[Maktab yoki universitetni bitirayotgan o‘zimga shunday derdim]: “Imkon boricha davlat ishida ishlamagan holda, halol va o‘zingga bemalol yetadigan mablag‘ topish mumkin bo‘lgan kasbni o‘rganishga harakat qil. Vaqtingni shunga sarfla. Imkonsiz qolsanggina, davlat xizmatchisi sifatida ishlash mumkin bo‘lgan kasbni tanla va o‘qi”.

Bitiruvchilar uchun uchta muhim hislatlar:

  • O‘zini boshqalar g‘ayriixtiyoriy boshqarishiga yo‘l qo‘yish darajasida befarq bo‘lmaslik;
  • Odam ongli mavjudot — inson ekanligini hech qachon unutmaslik;
  • Yolg‘ondan yiroq bo‘lishga intilish.

Aziz bitiruvchilar! Hayot yo‘lingiz tanlagan kasbingiz yuzingizni yorug‘ qiladigan, oilangizni halol boqadigan va ko‘ngil xotirjamligini olib keladigan yo‘l bo‘lsin. Sog‘liqning qadriga yeting, vaqtingizni qadrlang. Hammasini qo‘lga kiritish mumkin bo‘lsa-da, bu ikkisini topib ham sotib ham olomaysiz.
Abduqodir Toshqulov
Oliy va o‘rta-maxsus taʼlim vaziri
“Bitiruvchi” so‘zi bir qarashda oddiygina tuyulishi mumkin, biroq uning maqomida shunchalar muhim mohiyat borki, bu yetilgan va bitgan tarbiya, takomiliga yetgan maʼrifat deganidir.

Siz jamiyatning bir parchasi bo‘lgan oilangizning vakilisiz. Siz shu oilalarning niyat va rejalari, orzularini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda shaxsiy, jamoaviy vazifalarni ado etish uchun qarshimizda turibsizlar.

Bitiruvchi maqomiga ega bo‘lar ekansiz, o‘zingizni katta hayotga qalban va ruhan tayyorlab borishingiz zarur. Chunki hammasi birdan yorishib ketadi, oldingizga to‘shalgan bepoyon yo‘llar sarhadi va oq rangdan iborat keng ochiqlik sarosimaga solib qo‘yishi mumkin. Ko‘z ilg‘amas mavhumlik yuksak maqsadlar sari odimlashda dilga shubhalar soladi. Boisi, bu davr siz uchun eng sinovli palladir.

Bitiruvchilarimiz o‘zi ishlab keta oladigan, qiziqishlariga mos tushadigan sohani tanlab ish boshlashi va yangi hayot ostonasini bosishlari kerak bo‘ladi. Men bu o‘tish davri iztiroblarini qalban his etaman. Biz ham bu zinalarni bosganmiz, bir maslahatgo‘yga, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatguvchiga ehtiyojimiz bo‘lgan.

Inson uchun atalgan eng katta neʼmatlardan biri – hayot. Siz undan zavqlanib, o‘zingiz uchun yaratilgan sharoitlardan maksimal darajada foydalanib yashashingiz kerak. Umar Xayyomda bir go‘zal bayt bor: “Tashqaridagi yomg‘irni ko‘rib bir inson barg ustidagi bir tomchining qanchalik mo‘jiza ekanligini, unda qancha dunyo borligini anglasa, ikkinchisi esa, loyga qarab fikr qiladi”.

Yangi avlod uchun eng kerakli bo‘ladigan narsa – xatarlardan ehtiyot bo‘lish. Hayot xatarlari kuchayib bormoqda: axborot huruji, dangasalik, loqaydlik, vatanparvarlik hissining yo‘qligi, beqarorlik, vaqtichog‘lik, tushkunlik. Shu xatarlarni tanishingiz kerak.

Yaxshilar orasiga, niyati, maqsadi bir bo‘lgan jamoaga qo‘shiling. Shundagina siz taqdiringizni to‘g‘ri hal qilishni, boshlaganingizni bitirishni o‘rganasiz.

Abu Nasr Al-Farobiy “Inson o‘z maqsadiga faqatgina o‘zini o‘zi takomillashtirish orqali yetadi” deb aytgan.
Inkuzart
Strit-art rassom
Poyezd “Yangi hayot” deb atalmish shaharga kelib to‘xtadi. Bu hayotingning demo versiyasidagi oxirgi bekat. Buyog‘iga yashash uchun pul to‘laysan va piyoda yurasan!

Xov ana, ko‘ryapman uzoqdagi nuqtani. Bilaman, u sening orzuying, undan ko‘zingni uzma va yo‘lingda uchraydigan maslahatchilar, aqllilar, qo‘rqituvchilar, ishonmaydiganlarga qaramay yur, yugur, qoqil, mayli yiqil. Oyog‘ingga urishsa emakla, lekin to‘xtama!

Ko‘zingni kattaroq och, hech narsadan qo‘rqma. Bu sening hayot yo‘ling. Hech kimning senga qanday yashashni o‘rgatishga xaqqi yo‘q. O‘z yuraginga quloq sol!

Sen albatta o‘sha nuqtaga yetasan va baxtli bo‘lasan.
реклама
реклама
Munir Mamedzade
UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari
Ortga nazar tashlab, maktab yoshidagi o‘zimga va o‘z tengdoshlarimga biz uchun qadrli bo‘lgan ishlar bilan erta yoshdan shug‘ullanishni boshlashni tavsiya qilgan bo‘lardim. O‘zimga faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishni va zamonam muammolari haqida bor ovozda gapirishni maslahat bergan bo‘lardim.

Bugun men Malala va Greta kabi yoshlarni ko‘rib, ularning o‘zini va tengdoshlarini o‘zlari uchun muhim bo‘lgan taʼlim va iqlim o‘zgarishi kabi muammolarga yechim topishga safarbar qilganliklaridan hayratlanaman. Men o‘zimga ertaga emas, bugunning o‘zidayoq yetakchi ekanligimni aytardim.

Har bir yoshda ushbu uch hislat bo‘lishi muhim deb hisoblayman:

Qiziquvchanlik — savollarga javoblar, muammolarga yechimlar va hayot mazmunini izlashda tinim bilmaslik.

Jasurlik — siz yaqinda duch keladigan “katta hayot” sinovlariga qarshi turish uchun kuchingizni ko‘rsatish, va, eng muhimi, jamiyatdagi mavqeingiz, kelib chiqishingiz, jinsingiz va qobiliyatlaringizdan qatʼi nazar o‘z orzularingiz va istaklaringiz ortidan qo‘rqmasdan ergashish. Har birimiz o‘ziga xos va betakror shaxsmiz. Shuning uchun, sizni oldinda kutib turgan tafovutlar va imkoniyatlarni qabul qiling.

G‘amxo‘rlik — o‘zingiz haqingizda g‘amxo‘rlik qilish va boshqalarning dardini tinglash — ayniqsa o‘z tengdoshlaringiz, jamiyat va atrofingizdagi dunyonikini, shuningdek hech kimni ortda qoldirib ketmaslik. Agar atrofingizdagi odamlarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga motivatsiyangiz bo‘lsa, siz har jabhada muvaffaqiyat qozonishingiz mumkin.

Hayotning yangi bosqichiga o‘tish siz uchun oson kechishiga, yo‘lingiz qiyinchiliklarga to‘la bo‘lmasligiga umid qilaman.

Maktabni bitirayotganlarga oliy taʼlim muassasasiga o‘qishga kirib, sizga as qotadigan va sizni mehnat bozoriga tayyorlaydigan ko‘nikmalarni egallashingizni tilayman.

Universitetni tamomlayotgan yoshlarga esa mehnat bozoriga kirishingiz oson kechishiga tilakdoshman. O‘qishni bitirishi bilanoq ishga joylashib ketadigan bitiruvchilar soni kamligicha qolayotganini bilamiz. Lekin maʼlum vaqt kutishingizga to‘g‘ri kelsa ham, siz uni professional faoliyatingizda kerak bo‘ladigan ko‘nikmalarni egallashga sarflaysiz, deb umid qilamiz.
Irina Matviyenko
Nemolchi.Uz loyihasi asoschisi
Maktab paytidayoq jurnalistikaga, matn bilan ishlashga qiziqardim, maqolalar yozardim. Lekin maktabni aʼlo baholarga bitirganimga qaramasdan, jurnalistika fakultetiga kirish imtihonlaridan o‘ta olishimga ko‘zim yetmadi, o‘shanda hammasi “tanish-bilish” orqali bo‘ladi deb o‘ylaganman.

Keyin esa to‘satdan TATU ga hujjat topshirib, byudjetga o‘qishga kirganman, aslida u yerga kirish ancha qiyinroq edi. O‘shanda demak jurnalistikaga ham o‘zim kira olgan bo‘lardim, deb juda alamzada bo‘lganman.

O‘sha paytlardagi o‘zimga yuraging amri bilan ish tut, deb maslahat bergan bo‘lardim. Birinchi yildayoq o‘qishga kirmasangiz ham, siz yana bir yil o‘z ustingizda ishlab, rivojlanishingiz mumkin, bu uchun hozir kurslar, treninglar yetarli. Bu o‘zini albatta oqlaydi.

OTMga kiradigan bo‘lsak yoki karyera boshlayotgan bo‘lsak, kelajakda talab qilinadigan ko‘nikmalarni o‘zimizda rivojlantirsak yaxshi bo‘lardi:

Tahliliy, tanqidiy fikrlash — ish beruvchilar tomonidan talab qilinadigan eng muhim ko‘nikmalardan biri. Tahliliy fikrlashni rivojlantirib, turli xil sohalarda talabgir mutaxassis bo‘lishingiz mumkin.

Empatiya — bu karyerani rivojlantirish va umuman kishining hayotida kerakli bo‘lgan kommunikatsiya uchun muhim ko‘nikma. O‘ylashimcha, bizning yoshlarimizda bu ko‘nikma yetarli darajada rivojlangan.

Ruhiyat erkinligi — yangi g‘oyalarga tayyor bo‘lish, yangiliklarga ochiq bo‘lish, har qanday shaklda, moslashuvchan bo‘la olishingni his qilish.

Tavakkal qilishdan qo‘rqmang, o‘z orzularingizning ortidan quvishni to‘xtatmang, o‘z fikringizni himoya qilishdan qo‘rqmang. Butun dunyo sizga qarshi turgandek tuyulsa ham, agar siz o‘z pozitsiyangizni bildirsangiz, siz haq yo‘lda ekanligingizga ishonchingiz komil bo‘lsa, hamfikrlaringiz albatta topiladi.
Ruslanbek Davletov
Adliya vaziri
Yoshlarga tilagimiz qanday sinovlar bo‘lmasin, qanday natija bo‘lmasin olg‘a intilishga o‘rganishsin. Baʼzan inson xato qiladi, baʼzan esa yutuqqa erishadi. Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga o‘rganasiz. Yutuqlar esa yana yangi tashabbuslarga chorlaydi.

Daqiqalar, soniyalardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganing. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga odatlaning. Bir kunlik ish rejalaringiz orasida kitob o‘qish albatta o‘rin olsin. Bilimlarni mustahkamlashda kitobdan ham kuchli vosita yo‘qligi bu isbot talab qilmaydigan aksioma. Chunki kitob o‘qish orqaligina g‘oyalaringizni shakllantirasiz. O‘ylaymanki, hozirgi yoshlarda o‘z imkonlarini namoyon etishlari uchun sharoitlar yetarli.

Davlat va jamiyat tomonidan motivatsiya kuchli. Ulardan talab qilinadigani — shijoat va tashabbuskorlik.

Hammamizning boshimizdan o‘tgan. Yoshlikda oddiy narsalarga ham siqilaverardik. Hozir o‘sha voqealarni tahlil qilsak, bular arzimas holatlar ekanligini ko‘rib, yuzimizga tabassum yuguradi. Yoshlik shunchalik tez o‘tib ketadgan fursatki, uni siqilish, kimningdir gapidan taʼsirlanib xafa bo‘lishga arzimaydi. Unda hammamiz chiroyli iz qoldirib yashashimiz kerak. Aytmoqchimanki, hayotdan lazzatlanib yashanglar!

Mustaqil hayot ostonasida turgan bugungi bitiruvchi yoshlarga kelajakka ishonch bilan qadam tashlashlarini, o‘z bilimi va salohiyati bilan davlatimiz taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishlarini tilaymiz!
Farhod Ibragimov
IT-Park direktori
Hamma narsa faqat o‘zingga bog‘liq. Barcha muvaffaqiyatlar va muvaffaqiyatsizliklar o‘z qo‘lingda — sen o‘z yo‘lingni mustaqil bosib o‘tishing va oldingga qo‘ygan maqsadlarga erishishing kerak.

Faqat munosib odamlar, hamfikrlar qurshovida bo‘lgin, boshqalarning yordamiga ishonib qolma. Faqat shu orqali sen shaxs sifatida o‘sishing va muvaffaqiyatga erishishing mumkin.

Yangi avlod vakillariga kerak bo‘ladigan uchta muhim hislat:
  • o‘zgarishlarga moslashuvchanlik;
  • o‘z o‘zini rivojlantirish qobiliyati;
  • noodatiy fikrlashdan qo‘rqmaslik.

O‘zingiz uchun qaysi sohani tanlashingiz, qanday mutaxassis bo‘lishingizdan qatʼi nazar, birinchi navbatda yaxshi inson bo‘lishga va to‘g‘ri amallarni bajarishga harakat qiling.
Umid Gafurov
Troll.uz loyihasi asoschisi
Men bu kunni roppa-rosa 15 yil yil oldin nishonlaganman. Shunchaki shu 15 yil ichidagi fikrlarimni siz bilan bo‘lishmoqchiman.

Ertadan siz uchun “katta” hayot boshlanadi. Oliygohga harakat qilish kerak. Katta ehtimol bilan “obro‘li” oliygoh tanlab, “obro‘li” ishga joylashib, ko‘p pul topishni orzu qilyapsiz. Keyinchi? Qora Malibu olib, dabdabali to‘y va «uchastka qurish»mi? Baxtli bo‘lish uchun bularning barchasini qilish kerak deb o‘ylashingiz mumkin, shularni orzu qilib yurgan bo‘lishingiz ham mumkin.

Lekin, bilasizmi, bu sizning orzularingiz emas. Bu siz yashab turgan jamiyatning orzulari. Men uchun bu — O‘zbekistondagi “baxt standartlari”. Hozir siz 16−18 yoshdasiz va katta ehtimol bilan sizga qaysi mutaxassislikni tanlash yoki qaysi oliygohda o‘qish bo‘yicha maslahatlar yomg‘ir bo‘lib yog‘ilmoqda. Ehtimol, siz uchun allaqachon ish ham topib qo‘yishgandir.

Sizdan iltimos: har doim o‘zingiz yoqtirgan narsani qiling. Agar rassom bo‘lishni istasangiz, “Narxoz”ga hujjat topshirmang. Rejissyor bo‘lish orzuingiz bo‘lsa, “Yuridicheskiy”ga harakat qilmang.

Hozir mamlakatda yuz minglab iqtisodchilar, huquqshunoslar, moliyachilar va boshqa “obro‘li” kasb egalari bor. Yarmi kirakash, qolgan yarmi Rossiyada yuribdi. Faqat o‘z yo‘nalishini sevgan va bilganlar ish topgan bo‘lishi mumkin.

Bugun jamiyatimiz uchun isteʼdodli rassom yarimjon iqtisodchidan ko‘ra ko‘proq zarur! Yuragingizga yaqin kasb tomon harakat qiling.

Mabodo o‘qishga kirolmasangiz, xafa bo‘lmang. Bu hech qanday muammo emas. Diplomning hayotimizdagi ahamiyati haddan tashqari oshirib yuborilgan. Oliy maʼlumot olmasangiz ham, dunyodan ortda qolmaysiz, ishonavering. Bizning aksariyat oliygohlarda 4 yil vaqt sarflab, 100 gramm “karton”dan boshqa biror narsa olmaysiz. Bu achinarli, ammo haqiqat.

Ammo! Nima bo‘lganda ham, siz o‘zingizni rivojlantirish bilan shug‘ullanishingiz shart! Sevgan sohangizda profi bo‘ling. Kuniga bir necha soatni o‘zingiz sevgan mashg‘ulotga sarflang. Til o‘rganing. Ingliz tili allaqachon chet tili emas. Bu hamma bilishi kerak bo‘lgan standart til.

Sayohat qiling. Hech bo‘lmasa qo‘shni shahar yoki qishloqqa. Sayohat uchun pul ayamang. Turli mamlakatlardagi turli odamlar bilan suhbatlashing. Birorta oliygoh berolmaydigan bilimni sayohat beradi.

Agar pulingiz bo‘lmasa, bepul sayohat qilish usullarini izlang. Dunyo kezing. Bizning jamiyatimizdan dam oling. Hech bo‘lmasa bir oy, yaxshisi bir yil. Bu sizga siz o‘ylagandan ko‘proq narsa beradi.

Mashina / uy / to‘y uchun pul ishlashni maqsad qilib qo‘ymang. Hayotingiz o‘tib ketadi. O‘zingizni temir-tersakdan ustun qo‘ying. Boy bo‘lishga intilmang. Pul sizni hayotingizni boshqarishi kerak emas. Hech qanday mansab zavqlanib ishlab topgan pulingizga yetmaydi. Sizga zavq bag‘ishlagan kasb sizni boy qilganini o‘zingiz bilmay qolasiz.

Omad sizga, bitiruvchi!
реклама
реклама
Otabek Bakirov
Iqtisodchi, Bakiroo Telegram-kanali muallifi
O‘zimni bitiruvchi deb tasavvur qilganimda ilm-fan yo‘lidan, ko‘proq imkoniyat va qobiliyatim bo‘lgan matematikani o‘rganishda davom etishim zarurligini aytgan bo‘lardim.

Uchta eng muhim hislatlar:

  • Mustaqil qaror qilishdan qo‘rqmaslik,
  • Xato qilishdan qo‘rqmaslik,
  • Ko‘pchilikka qarshi borishdan qo‘rqmaslik.

Bitiruvchilar o‘zlarida qaysi qobiliyatni ko‘rayotgan bo‘lsa, qaysi sohada o‘zini raqobatli bo‘la olaman, deb hisoblashsa, o‘sha yo‘nalishni tanlashi kerak. O‘zimni hali topmadim, deb hisoblaganlar esa til o‘rganishi zarur.
Davron Fayziyev

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot kotibi, futbol sharhlovchisi

Bo‘sh va bo‘sh bo‘lmagan, uxlash va ovqatlanishdan tashqari hamma vaqtingni o‘qishga bag‘ishla, til o‘rgan. Tanlagan kasbingni chuqurlashtirilgan darajada o‘rgan. Hozir sutkalab bilimni va intellektni oshirishga kuch va energiyang yetadi. Aynan mana shu o‘smirlik vaqtidagi o‘qish tiklanib bo‘lmaydigan bilim manbai. Shu davrda odam boshqa narsalarga chalg‘isa (bu vaqtda bunga faktorlar juda ham ko‘p), keyin yana o‘sha maqsad sari yo‘lga qaytish juda ham qiyin bo‘ladi. Juda uzoqlardan aylanib kelishga to‘g‘ri keladi.

Hattoki ish ham chalg‘ituvchi faktor bo‘lishi mumkin. Kimdir majburlikdan ishlaydi. Agar och qolmayotgan bo‘lsa, ishni yig‘ishtirish kerak. Bu o‘qiydigan payt. Kimdirda esa zo‘r-zo‘r imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Biroq, hattoki dunyoning eng zo‘r mega korporatsiyalaridan ish taklif qilishsa ham, undan voz kechgan holda, bilimni va darajani oshirishga vaqt, kuch, kerak bo‘lsa mablag‘ ishlatish kerak.

Yangi avlod vakillari uchun uchta muhim hislatlar:

  • Halollik, tozalik. Bu juda ham muhim. Halol odam hech qachon o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaydi. Har kimning ko‘ziga tik qaray oladi. Boshi egilmaydi.
  • Odob-axloq. Yoshlikda odam shunaqangi xatolarga yo‘l qo‘yadiki, keyinchalik umri davomida afsuslanib yuradi. Bu xatolar ko‘pincha odob-axloq yo‘qligi natijasida yuzaga keladi.
  • Sabr. Bu aynan o‘qish va bilim olishdagi sabr. Bunda o‘z maqsadidagi yakuniy nuqtani o‘ziga motivatsiya qilib olib, shunga sabr bilan intilish kerak bo‘ladi.

Qaysi sohani tanlashdan qatʼi nazar professionalikka intiling. Eng zo‘ri bo‘lishga, hayotda kerakli mutaxassis bo‘lishga intiling.

Va yana bitta muhim narsa, doimo o‘zingiz hurmat qilgan tajribali insonlarning maslahatlariga quloq tuting. Hech qachon undan o‘zingizni olib qochmang. O‘rganishdan to‘xtamang.

Sportda shunday: Oddiy sport zalidagi mashg‘ulotni olaylik. Odam bitta mashqni bajarayotganda kuchi qolmagan, charchagan holatda murabbiy yana bir yoki ikki marta shu mashqni bajarishni buyursa, o‘sha mashqni bajara olgan insonda rivojlanish bo‘ladi, lekin o‘sha charchagan payt to‘xtasa, bo‘ldi, “planka” o‘sha yerda qoladi, to‘xtaydi.

Shu maʼnoda har doim “Bo‘ldi!” degan paytingizda ham, “Yo‘q, yana ozgina bo‘lsa ham oldinga intilishim kerak” deb odam o‘ziga bosim qilishi kerak.
Materialni Mushtariy Oqboyeva tayyorladi
Illyustrator: Eldos Fozilbekov
Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli.
“Gazeta.uz” va boshqa uchinchi shaxslarga tegishli www.gazeta.uz veb-saytida joylashtirilgan
fotografik, grafik va boshqa materiallardan har qanday holda foydalanish taqiqlanadi.

Biror qiziqarli voqea yoki hodisani bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz?
Hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting