2021-yil bitiruvchilariga murojaat
Bosh vazir o‘rinbosari, Mass-media fondi rahbariyati, YeI elchisi,
Uzbekistan Airports rahbari, Antikorrupsion agentlik direktori va
Toshkent hokimi 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchilariga
o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirishdi.
Mamlakatlar pandemiya bilan kurashib, endi qanday rivojlanish mumkinligi haqida bosh qotirib turgan bir paytda, mutlaqo yangi sharoitlarda o‘zini namoyon qilishi kerak bo‘lgan yangi avlod vakillari yetishib chiqmoqda.

2020-2021 o‘quv yilida maktab o‘quvchilari va oliygoh talabalari anʼanaviy taʼlim shakliga qaytishdi, lekin hamma ham yil bo‘yi taʼlim dargohida tahsil ololmadi. Ularning ko‘pchiligi o‘qishni yana masofaviy tarzda bitirishiga to‘g‘ri keldi.

“Gazeta.uz” davlat arboblari, elchilar va hokimlardan 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchilari va yoshlarga o‘z maslahatlari va tilaklari bilan murojaat qilishlarini so‘radi.

Biz ularga uchta savol berdik:

1. O‘zingizni bitiruvchi deb tasavvur qilsangiz, o‘zingizga nimalarni maslahat berardingiz?
2. Yangi avlod vakillari qanday uchta muhim hislatlarga ega bo‘lishlari kerak?
3. 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchilariga maslahat va tilaklaringiz.

Eʼtiboringizga ularning javoblarini havola qilamiz.
Aziz Abduhakimov
Bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri
Birinchi navbatda nafaqat taʼlim olish, balki amaliy ko‘nikmalarni orttirish va shaxsiy rivojlanish istiqbollarini aniqlash uchun ustoz tanlash muhim. Bu professional o‘sish uchun juda katta ahamiyatga ega.

Shuningdek, o‘zingizga qiziqarli bo‘lgan yo‘nalishlarni chuqur o‘rganish uchun diqqatni jamlay olish kerak. Kitob va adabiyot o‘qish fikrlashni samarali ravishda rivojlantiradi va kerakli ko‘nikmalarni egallash imkoniyatini beradi. Internet mavjudligi esa har bir kishiga turli xil maʼlumotlarni olishga keng imkoniyatlar ochadi.

Yangi avlod uchun quyidagi hislatlar muhim:
  • Tahlil qilish qobiliyati;
  • Yetakchilik qobiliyati;
  • Soft-skill‘larni rivojlantirish — bugungi kunda ular eng asosiy ko‘nikmalardan biri. Ularga kommunikatsiya, tanqidiy fikrlash, muammolarga yechim topish, kreativlik, jamoada ishlash, muzokaralarni olib borish sanʼati, o‘z hayotini tashkillashtira olish, taym-menejment, mojarolarni hal qilish, masʼuliyatlilik va etiket kabi ko‘nikmalar kiradi.

Aziz bitiruvchilar!

Oldingizga qo‘ygan maqsadlarga erishishdan hech qachon qo‘rqmaslik kerak. Har bir o‘tilgan to‘siq — bu siz orttirgan noyob hayotiy tajriba.

Esingizda tuting, taʼlim olish — bu o‘zingizga kiritadigan eng muhim investitsiyangizdir. Katta hajmdagi ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda, bugun har bir kishi Vazir bo‘lish imkoniyatiga ega. O‘zingizni rivojlantirishdan to‘xtamang.
Saida Mirziyoyeva
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari
Maktabdagi so‘nggi kunlar... Minglab bitiruvchilar hayotida ushbu so‘nggi kunlar yangi boshlanish bo‘ladi.

Men sizlarni maktabni bitirganingiz bilan tabriklayman va qachonlardir kattalardan olgan maslahatimni sizlar bilan ham bo‘lishmoqchiman. Oldinda sizlarni uzun va umidga to‘la hayot kutib turmoqda, ushbu umidlarning ro‘yobga chiqishi faqat bir kishiga – oynadagi aksingizga, o‘zingizga bog‘liq. Sizdan boshqa hech kim sizning hayotingizni boshqarmaydi va o‘z hayotingiz uchun o‘zingiz javobgarsiz.

Tug‘ilishingiz bilan sizda tanlash huquqi bor, tanlovlaringiz aksariyat hollarda to‘g‘ri bo‘lishiga tilakdoshman, lekin baʼzida siz xato qilishingiz ham mumkin. Ushbu xatoliklardan xulosa chiqarish va ularni boshqa takrorlamaslik zarur.

Shuni esingizda tutingki, isteʼdodni olqishlash uchun yangragan qarsaklar ortida yuz ming soatlab to‘xtovsiz o‘z ustida ishlash yotibdi. Har bir g‘alaba ortida yillab mehnat, har bir shohsupa ortida to‘siqlar tog‘i bor.

Haqiqat bo‘yicha yashamoqchi bo‘lsangiz, mazmunli hayot kechiring, oqim bo‘yicha suzmang, maqsad sari dadil qadamlar bilan intiling. Faqatgina qayerdan kelganingiz va nimalarni yengib o‘tganingnizni ko‘rish uchun ortga nazar tashlashingiz mumkin.

Qalbingiz intilgan har qanday kasbni tanlang, atrofdagilarga eʼtibor bermasdan, shubhalarsiz, garchi bu kasb jamiyatdagi qarashlarga qarshi bo‘lsa-da va anʼanaviy tarzda erkaklar kasbi hisoblansa-da.

Jasur bo‘ling, jasurligingiz asosini yaxshilab tushunib, har bir qadamingiz va har bir so‘zingiz uchun javob bering.

Hayotimizdagi realliklar sababli (ayniqsa yosh qizlar, maktablardagi bitiruvchi-qizlarimizga nisbatan) sizlarga birinchi navbatda omad emas, sizlarni qo‘llab-quvvatlashlarini, atrofdagilar sizga mehribon va tushunuvchan bo‘lishlarini va ota-onalar o‘z farzandlarining tanlovlarini qo‘llab-quvvatlashlarini tilayman.

Isteʼdodingizni namoyon etish uchun sizni hech nima to‘xtatmasin. Siz bu jamiyatga foyda keltira olasiz, siz mustaqil bo‘la olasiz.

Xatolar sizni faqatgina kuchliroq, omadsizliklar esa aqlliroq qilsin, chunki hayotda uchraydigan har bir qiyinchilik – bu rivojlanish, borlig‘ingizning asosini tashkil etadigan muhim bir bo‘lak.

Hayot yo‘lingizda sizga muvaffaqiyatlar va g‘ayrat tilayman!
Akmal Burxonov
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori
Men o‘zimga faolroq bo‘lishni, erinmaslikni, har qanday bilim va ko‘nikmalarni egallashni maslahat bergan bo‘lardim. Sport bilan ko‘proq shug‘ullanish, iloji boricha ko‘proq tillarni o‘rganish. Va eng asosiysi — o‘z maqsadimni tanlab, unga intilish.

Va albatta, sabr, sabr va yana bir marotaba sabr. Chunki o‘qish bo‘ladimi yoki ish — bu sportchi uchun ham, aʼlochi uchun ham maʼlum bir jismoniy yoki aqliy mehnat.

Uchta eng muhim hislatlar:

Moslashuvchanlik. Yangi davr doimiy o‘zgarishlarga boy. Hozir hech kim hayotda nimaga to‘qnash kelishini va unga ko‘proq nima kerak bo‘lishini ayta olmaydi. Moslashuvchan va o‘zgarishlarga tayyor tura oladigan kishilar tezroq o‘z yo‘lini topib, hayot yo‘nalishlarida harakatlanishda davom etadi.

Innovatsiyalarga intilish. O‘ylashimcha, bu inson rivojlanishi uchun eng muhim va kerakli xususiyatlardan biri. Zamonaviy dunyoda novatorlarga bo‘lgan talab ko‘proq va ular muvaffaqiyatliroq odamlardir.

Xabardor bo‘lish. Oramizda ko‘pimiz «Axborotga ega bo‘lgan kishi dunyoni boshqaradi» degan jumlani eshitganmiz. Bu hozir bizning jadal ravishda o‘zgarayotgan dunyomizda har qachongidan ham dolzarb. Yangi cho‘qqilarni zabt etish, qarorlar qabul qilish va muammolarni hal qilish uchun doimo xabardor bo‘lish, ishonchli maʼlumotga ega bo‘lish, ularga baho berish va ayni vaziyat uchun to‘g‘ri keladigan yo‘lni tanlash kerak.

Barcha bitiruvchilarni o‘qishni tugatganliklari bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga muvaffaqiyatli start tilayman. Omad, yangi g‘alabalar, yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi, baxt va muvaffaqiyat hayotingiz hamrohi bo‘lsin.

O‘zgarishlardan qo‘rqmang va katta orzularingiz sari jasorat bilan ildam qadam tashlang. Kelajakda sizni kutib turgan narsalarning barchasi birinchi navbatda faqat o‘zingizga bog‘liq. Harakat qiling, olg‘a intiling va hech qachon taslim bo‘lmang!
Rano Jo‘rayeva
Uzbekistan Airports kompaniyasi bosharuvi raisi
[Maktab yoki universitetni bitirayotgan o‘zimga shunday derdim]: «Bir umr o‘qishga, o‘rganishga to‘g‘ri keladi!»

Uchta eng muhim hislatlar:
  • Dangasalik qilmaslik;
  • Ingliz tilini bilish;
  • Sport bilan shug‘ullanish.

XXI asr va 2021 yilda barcha bitiruvchilarga zamonga monand loyihalarda o‘zlarini topishlarini tilayman.
реклама
реклама
Komil Allamjonov
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi
Men 17 yoshdagi o‘zimga faqatgina bir narsani aytardim: «Hech narsadan qo‘rqma, Komil».

Yoshligimda hayotni zaharlaydigan ko‘p qo‘rquvlar bo‘lgan, lekin men ularning hammasini yengdim.

G‘oyalaringiz muvafaqqiyatga erishmasligidan, hech narsada omadingiz chopmasligidan, barchasi boshlanishida yuqori darajada emasligingizdan va obro‘li qarindoshlaringiz yo‘qligidan qo‘rqmang. Agar aniq maqsad bo‘lsa – olg‘a intiling va unga erishing, va agar nimanidir boshlagan bo‘lsangiz – undan voz kechma.

Yolg‘on gapirish va quruq vada berishdan qochish kerak. Agar qo‘lingizdan kelmasligini ko‘rsangiz, vada bermang; agar vada bersangiz, shu ishni bajaring. Barcha kuchingizni sarflagan bo‘lsangiz-da, hech narsa hal bo‘lmasa, to‘g‘risini ayting. Chunki ishonch – bu kapital, bu maqsadga erishish formulasining tarkibiy qismi.

Nimanidir yaratishingizdan oldin sizga ittifoqchilar, hamkorlar va jamoa kerak bo‘ladi. Ular sizga ishonishi kerak, shuning uchun o‘z reputatsiyangizni mustahkamlang. Va qanchalar toyilsangiz ham, qanchalar kuyib qolsangiz ham, reputatsiyangiz sizni oyoqqa turg‘izadi va yordam beradi. Shuni yodda tuting. Aynan hozir, yo‘lning boshida u haqda qayg‘urishni boshlash kerak. Rostgo‘ylik va to‘g‘riso‘zlik – bu imijni shakllantiradigan hislatlardir.

Men barcha bitiruvchilarga o‘z oldilariga ulkan maqsadlar qo‘yishlarini tilayman, bu dunyoda iloji yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Raketa qurib, kosmosga uchib ketishni xohlab qolishadimi – buni amalga oshirish oddiy va oson. Garvardga o‘qishga kirish, Gollivud kinoyulduzi bo‘lish yoki ikkinchi Bill Geyts bo‘lish – bularning barchasiga erishishning imkoni bor. Olamga keng nazar bilan qarashni o‘rganish va o‘z oldiga sunʼiy to‘siqlar qo‘yishni to‘xtatish kerak.

Biz ham buyuk, badavlat va hurmatga sazovor mamlakatni qurmoqdamiz, va asosiy umidimiz keng fikrlaydigan va o‘z orzularini ro‘yobga chiqara oladigan yoshlardan.
Sharlott Adrian
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi
Agarda men hozir bitiruvchi bo‘lsam, yana-da ko‘proq bilim olishni xohlardim, bugun va kelajakda biz duch keladigan muammolarga yechim topishda qo‘l keladigan ko‘nikma va kompetensiyalarni orttirishga harakat qilardim. Men faqat bitta mutaxassislik bilan cheklanib qolmasdan, o‘z ongimni turli soha bilimlariga ochiq qoldirardim.

Men barqaror, yashil, adolatli, inklyuziv va tinch dunyoni barpo etishga yo‘naltirilgan o‘zgarishlarda qatnashish uchun o‘z salohiyatimni rivojlantirardim.

Uchta eng muhim hislatlar:

  • Qiziquvchanlik, qiziquvchan bo‘ling va shundayligingizcha qoling, hech qachon bilim olishdan to‘xtamang.
  • Tanqidiy fikrlashni rivojlantiring, savol bering, doimo faktlarni tekshiring.
  • Odamlarni va tabiatni hurmat qiling, ular sizga hali kerak bo‘ladi.

Hurmatli bitiruvchilar, chin qalbimdan sizlarga baxtli, mazmunli, faol va xavfsiz kelajak tilayman!
Jahongir Ortiqxo‘jayev
Toshkent hokimi
Maktab yoki universitetni bitirayotgan o‘zimga shunday degan bo‘lardim: «Vaqtingni amaliyotga sarfla, hech qachon to‘xtab qolma va taslim bo‘lma. Yangi yo‘llarni izla, o‘zingga xoslikni yo‘qotma. O‘zingni o‘zing sina – hatto o‘zingga ham yetishishning iloji yo‘qdek tuyulgan maqsadlarni nishonga ol. Asosiysi – tavakkal qilishdan qo‘rqma».

Uchta eng muhim hislatlar:

  • Maqsadga intiluvchanlik, olma pish og‘zimga tush demay, kerakli vaqtda qaror qabul qilib, ishni bajarish qobiliyati.
  • Sadoqat — o‘z maqsad va ideallariga, atrofidagi insonlarga, o‘z yurtiga sodiqlik.
  • Kuchli iroda — istaging bo‘lmasa ham, zarur bo‘lganida o‘zingni ishlashga majburlay olish.

Hurmatli bitiruvchilar!

O‘z hayotingizni o‘zingiz bunyod eting – oson yo‘llarni, boshqalar zabt etib bo‘lgan cho‘qqilarni izlamang, o‘zingizning ishingizni qiling, o‘z olamingizni, taqdiringizni, vaziyatingizni yarating. Birovga ergashmang — ergashtiring. Bironta ishda birinchi bo‘lishga harakat qiling.

Va unutmang: hammasi albatta yaxshi bo‘ladi.
Omad tilayman! Sizga ishonaman!
Materialni Davlat Umarov tayyorladi.
Illyustrator: Eldos Fazilbekov
Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” va boshqa uchinchi shaxslarga tegishli www.gazeta.uz veb-saytida joylashtirilgan fotografik, grafik va boshqa materiallardan har qanday holda foydalanish taqiqlanadi.

Biror qiziqarli voqea yoki hodisani bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz?
Hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting