2023-YIL BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
Vazirlar, muftiy, Eldor Shomurodov, Konsta, Doniyor G‘aniyev, hokim, diplomatlar, ekspertlar, sanʼatkorlar, sportchilar hamda jamoatchilikning boshqa faollari 2022/2023-o‘quv yili bitiruvchilariga
o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirishdi.
2023-YIL BITIRUVCHILARIGA MUROJAAT
Vazirlar, muftiy, deputat, hokim, diplomatlar, ekspertlar, san’atkorlar, sportchilar hamda jamoatchilikning boshqa faollari 2022/2023 o‘quv yili bitiruvchilariga o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirishdi.
“Gazeta.uz” davlat arboblari, xalqaro tashkilotlar va jamoatchilikning faol vakillaridan 2022/2023 o‘quv yili bitiruvchilari va yoshlarga o‘z maslahatlari va tilaklari bilan murojaat qilishlarini so‘radi.

Ularga an’anaviy ravishda uchta savol berildi:

  1. O‘zingizni bitiruvchi deb tasavvur qilsangiz, o‘zingizga nimalarni maslahat berardingiz?
  2. Yangi avlod vakillari qanday uchta muhim xislatlarga ega bo‘lishlari kerak?
  3. 2022/2023 o‘quv yili bitiruvchilariga maslahat va tilaklaringiz.

Ularning javoblarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Hilola Umarova
O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
Ayni vaqtda ushbu savollarni o‘qiy turib, bitiruvchi sinf o‘quvchisi sifatida katta-katta orzularga ko‘milib, kelajak haqida xayollarga berilganim yodimga tushdi.

Albatta, har bir yosh yigit-qiz kamolga yetib borar ekan, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yadi va ana shu manzilga eltuvchi rejalarini, hayotiy prinsiplarini yarata boradi.

Bitiruvchilarga maslahatim, bugungi katta yo‘l ostonasida o‘zingizning aniq rejangizga ega bo‘ling. Iste’dodingizni namoyon etish uchun sizni hech nima to‘xtatmasin. Nimanidir yaratishingizdan oldin sizga ittifoqchilar, hamkorlar va jamoa kerak bo‘ladi. Ular sizga ishonishi kerak, shuning uchun o‘z reputatsiyangizni mustahkamlang. Aynan hozir, yo‘lning boshida u haqda o‘ylashni boshlash kerak. Rostgo‘ylik va to‘g‘riso‘zlik — bu imijni shakllantiradigan xislatlardir. Shuni yodda tuting!

Bugungi yangi avlod vakillarining mazkur xislatlarga ega bo‘lishini istardim:

  • Avvalo, har bir qilayotgan ishining jamiyatga, ota-onasi va o‘z kelajagiga qanchalik ta’sir o‘tkazishini tahlil qila olishi kerak.
  • Halollik va to‘g‘riso‘zlik. Ish unumi va umr mazmuni ana shu xislatlarga juda bog‘liq ekanligiga o‘z hayotimda ko‘p duch kelganman.
  • Zamonaviy bilimlar va xorijiy tillarni imkon qadar puxta egallash. Shuningdek, mas’uliyat va fidoyilik, muammolarni yechishda kreativlik bilan yondashish har bir kishini faqat yuksaklikka ko‘taradi.
реклама
реклама
Qadrli bitiruvchilar! Jasorat faqat kinolarda yoki afsonalarda bo‘lmaydi. Bugun sizning o‘z oldingizga qo‘ygan har bir maqsadingiz va unga yetishish yo‘lidagi sa’y-harakatingiz zamirida ham katta mardonavorlik mujassam.

O‘z hayot yo‘lingizni o‘zingiz yarating — boshqalar zabt etgan cho‘qqilarni izlamang. Bu yo‘lda yuzaga keladigan to‘siqlardan o‘tishda hech qachon o‘z ichki ishonchingizni yo‘qotmang! Siz barchasiga erisha olasiz, sizning ortingizda jonajon Vatanimiz, xalqimiz, ota-onangiz, yaqinlaringiz ko‘z tikib turibdi. Ishoning, siz bu jamiyatga foyda keltira olasiz!

Yodda tutingki, bugun siz olayotgan ta’lim va puxta bilimlar ertaga yurtimiz taraqqiyotida katta tirgak bo‘lishi shubhasiz.

Ezgu orzular qilishdan to‘xtamang. O‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlarga erishish yo‘lida dadil bo‘ling.
Ibrohim Abdurahmonov
O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri
1. Agar o‘tmishga qaytib, o‘zimga — maktab bitiruvchisiga maslahat berish imkoniyatim bo‘lganida, marrani kengroq olishdan hayiqma, derdim. Bitiruvchilarda ertangi kun oldida qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, katta hayotga qadam tashlayotgan yoshlarimiz zo‘r imkoniyatlar va sinovlar davri boshlanadi. Hozirgi tajribam va aqlim bilan o‘zimga ko‘proq tillar o‘rganishni, ko‘proq bilim olishga harakat qilishimni maslahat bergan bo‘lardim. O‘z istaklaringga quloq tut, shu bilan birga o‘qishdan va rivojlanishdan to‘xtama derdim. Odamlarga va dunyoga ochiq bo‘l, o‘z fikring, qadriyatlaringni hamisha himoya qil, muhimi, o‘zingga, o‘z kuchingga ishon, deb aytardim. Bitiruvchilar keng imkoniyat turibdi — shu imkoniyatlardan kengroq foydalanishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

2. Yoshlar — mamlakat kelajagi, butun insoniyat taqdiri ularning qo‘lida. Ularda tabiat in’om etgan ijodkorlik, g‘ayrat va shijoat barq uradi. Yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun, avvalo, kuzatuvchan bo‘lishlari kerak. Ular atrofda sodir bo‘layotgan voqeliklarni o‘rganishlari, muammolarni tahlil qilishlari va yechimlarni qidirishlari lozim. Ikkinchidan, yuqorida aytganimdek, katta marralarga intilishi va qiyinchiliklardan qo‘rqmasligi kerak. Uchinchidan, “Boshqalar nimalar qilmagan?” degan savolni o‘z oldiga qo‘yishi va hali amalga oshmagan ishlar bilan shug‘ullanishi kerak. Avval hech kim qilmagan ishlarni bajarishga harakat qilib, ilm-fan, madaniyat, jamiyat va davlat rivojiga hissa qo‘shishni oldiga maqsad qilish muhim.

3. Maslahatim — o‘z yo‘lingizni topishga astoydil harakat qiling. Hayotning ikir-chikir, mayda masalalariga o‘ralashib, bir joyda qotib qolmang. Ularni ham hal etish kerak albatta. Lekin o‘z oldingizga qo‘ygan ulkan g‘oyalarni, orzu-maqsadlarni hech qachon tashlab qo‘ymang.

Orzungiz va maqsadingiz, noyob g‘oyangiz — bu hayotingizga ma’no beradigan, sizni to‘g‘ri harakatlarga yo‘naltiradigan mayoq. U qiyinchiliklarni yengishga, to‘siqlardan o‘tishga undaydi, rivojlanishingiz, ijod qilishingizga ilhom bag‘ishlaydi. Aynan unga intilish yo‘lidagi harakatlaringiz va unga erishingiz orqali baxt tuyg‘usini his qilasiz.

Katta g‘oyani amalga oshirish uchun bor kuch-g‘ayratingizni ishga soling. G‘oyangiz kimgadir ma’qul keladi, kimgadir ma’qul kelmasligi ham mumkin. Maqsadingizni tushunmaganlar atrofingizda topilmasa, ularni qidirishdan charchamang. Orzungizni o‘zidan-o‘zi, mo‘jiza bilan amalga oshmaydi, buning uchun qattiq mehnat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Muhimi, har kuni orzungiz sari bir qadam tashlang.

Orzu qilishdan qo‘rqmang, hatto kimdir ustingizdan kulsa ham, yoki shu ishni qilishdan sizni qaytarsa ham. Kimdir orzungga yetolmasa yoki buni amalga oshirishning iloji yo‘q, desa ishonmang. O‘z orzungizni birovlarniki bilan solishtirmang, o‘z orzusiga erishganlarga hasad qilmang. Orzungizni unutmang, unga befarq bo‘lmang. Orzungizni yolg‘iz qoldirmang, hamisha u bilan birga bo‘ling. Orzungiz — bu sizning hayotingiz va uni faqat o‘zingiz amalga oshira olasiz.
Nuriddin domla Xoliqnazarov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
1. Bismillahir rohmanir rohim. Avvalo, muhtaram yoshlarimizni hayotning muhim bosqichlaridan biriga qadam tashlash arafasida turganlari bilan muborakbod etaman. Savolingizga kelsak, unga javob berish bir tomondan imkoniyat bo‘lsa, boshqa tomondan kishiga mas’uliyat yuklaydi. Ilm dargohlarini bitirayotgan ilm toliblarga tajribali, ulug‘ ustozlarimizdan eshitgan va kitoblarda o‘qigan o‘gitlarimizni aytish juda ham manfaatli bo‘ladi degan umiddaman.

Hozirgi davr bilan bizning yoshligimiz o‘tgan, ta’lim-tarbiya olgan mustabid davrning juda katta farqi bor. Hozirda yurtimizda ilm olish uchun kundan-kunga keng sharoitlar bor. Yoshlarimiz bu imkoniyatlar qadriga yetib, ilm olishga intilsinlar. Bu yo‘lda sabrli bo‘lsinlar. Chunki ilm yo‘li mashaqqat va riyozatni talab etadi. Bunga qat’iyati va bardoshi yetmagan kishi yuksak ilm cho‘qqilarini zabt eta olmaydi. Har doim niyati xolis, maqsadi aniq va astoydil intilgan kishigina muvaffaqiyatga erishadi. Yangi hayot ostonasiga qadam tashlagan bitiruvchilar ham mana shu xislatlarni o‘zlarida mujassamlashtirsalar, kelgusi umr yo‘llarida toyilmaydilar, insha Alloh. Eng asosiysi, o‘z maqsadlaridan chalg‘imay, olg‘a yursinlar va bu yo‘lda doim ulug‘ insonlar va ota-onalar duosini olsinlar.

2. Avvalo, yoshlikni qadrlash zarur. Amallarimizning eng yaxshisi bizga berilgan umrni g‘animat bilish. Haqiqat shuki, inson qo‘lga kiritadigan eng katta boylik, uning umridir. Har bir narsaning evazi bor. Faqatgina umrning evazi yo‘q. Zero, insonga berilgan umr qaytib kelmaydigan va faqat bir marotaba beriladigan boylikdir. Bandaning eng yaxshi amali, umrini bekorchi, dunyo va oxiratiga foyda bermaydigan narsalarga sarflamaslikdir. Shu bois ham ulug‘larimiz vaqtlarining qadriga yetishgan. Hasan Basriy rahimahulloh: “Shunday zotlar bor ediki, ular o‘z vaqtlariga sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo‘lganingizdan ham ko‘ra qattiqroq haris edilar”, deganlar.

Ikkinchisi, odob-axloqli bo‘lishga intilish. Yoshlar tarbiyasida ilm bilan husni xulq — insondagi barcha fazilatlarning eng oliysidir. Chunki husni xulq egasidan doimo yaxshilik kutiladi: o‘ziga, oilasiga, jamiyatga, balki butun atrof muhitga undan faqat manfaat yetadi. Shuning uchun farzandlarimizni yomon xulq, buzuq g‘oyalardan fikrini toza, musaffo qilmog‘imiz darkor. Hadisi shariflardan birida: “Ota farzandiga go‘zal odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deyilgan (Imom Termiziy rivoyati).

Uchinchisi, foydasiz narsalardan saqlanish. U xoh amal, xoh kalom bo‘lsin farqi yo‘q. Foydasiz narsadan murod — insonga dunyoda ham, oxiratda ham foyda keltirmaydigan ishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “G‘ofillardan bo‘lmagin”. Zero, sizdan umringizning har bir lahzasida ham Allohdan g‘ofil bo‘lmasligingiz talab qilingan.

To‘rtinchisi, jamiyat uchun foydali shaxs bo‘lib yetishish. Zero, odamlar va jamiyatga foyda berish kishining yaxshiligidan darak beradi. Hadisi shariflarda ham “Insonlarning eng yaxshisi odamlarga ko‘proq foydasi tegadiganidir”, deyilgan (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

3. Ibn Abbos raziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib bunday deganlar: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”.

Aslida yoshlik ayni kuch-shijoatga to‘lgan davr bo‘ladi. Shu bois ota-bobolarimiz “Yoshlikda olingan ilm toshga naqshdir” deb bejiz aytishmaydi.

Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz ham yoshlik chog‘laridan ilmu ma’rufatni puxta egallashgan. Ayniqsa, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq, jo‘g‘rofiya va islomiy ilmlarni chuqur o‘zlashtirishgan. 18 yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilganlar.

Bundan kelib chiqadiki, farzandlarimiz yoshlik davridan unumli foydalanib, o‘zlari qiziqqan ilmlarni o‘qisinlar. Bu yo‘lda tinimsiz harakatda bo‘lsin. Shundagina kelajakda o‘z maqsadlariga yetishadi.

Alloh taolo yurtimiz kelajagi bo‘lgan farzandlarimizni ilmli, hunarli bo‘lib voyaga yetishlarini hamda el-yurga, Vatanga, barcha musulmonlarga foyda keltiradiganlardan bo‘lishlarini nasib etsin!
Akbar Toshqulov
O‘zbekiston adliya vaziri
1. Albatta, o‘zini rivojlantirishni. Bitiruvchilik — bu hayotning muhim nuqtasi, balki ilk muhim qarorni berish, kelajakka ta’sir o‘tkazuvchi qarorlar qabul qilish pallasidir. Eng birinchi navbatda maqsadni aniq qo‘yib olish, yo‘nalishni belgilash va shu yo‘lda o‘zini o‘zi rivojlantirib borishni maslahat bergan bo‘lardim. Shaxsning o‘sishi va muvaffaqiyatlari eng avvalo uning o‘ziga kerak, bundan keyin har qanday natija faqat o‘zini rivojlantirib, o‘z ustida ishlash, tinimsiz va muttasil mehnat ortidan kelishini tushunishz lozim.

2. Birinchi, kommunikabellik. Hayotda muloqotga ochiqlik va muloqotni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ko‘p narsani hal qiladi. Chunki inson ijtimoiy majudot, har bir ishimizning natijasi baribir yana kimlargadir, ular bilan munosabatlarimiz va muloqotlarimizga bog‘liq. Shuning uchun bilim olish, aqlli bo‘lish bilan bir qatorda rivojlanish kommunikabellik ortidan kelishini ham hisobga olish kerak.

Ikkinchi, oldinga intilish, entuziazim. Shijoat, maqsadga tomon jon-jahdi bilan intilish to‘siqlarni yengib o‘tishga va yangiliklar yaratish uchun juda zarur, busiz rivojlanishni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Uchinchi, bilim va professionalizm. O‘z ishini yaxshi bilishi, professional bo‘lishi muhim, chunki bularsiz rivojlanib bo‘lmasligi bilan bir qatorda malakasizlik, uquvsizlik, bilimsizlik shaxsning o‘ziga va jamiyatga katta zarar keltiradi.

3. Muvaffaqiyat faqat oliy ma’lumotga va diplomga bog‘liq emas, shuni unutmaslik kerak. Bugun zamon boshqacha talablarni qo‘ymoqda. “Skil”larni faqat universitetlar beradi degan ishonch xato. Universitet muhit yaratadi, kichik ekotizim hosil qiladi, bu mutaxassisning shakllanishiga yordam beradi. Biroq xuddi shu natijaga kurslar, treninglar ham olib kelishi mumkin.

Kerakli malaka va bilimlarga ega bo‘lish hamda to‘g‘ri kasb tanlash — eng muhimi. Kasb tanlashda texnologiyalar rivojini hisobga olish zarur. Shunday sohalar borki, ular yo‘qolib ketyapti yoki yaqin kelajakda yo‘qolib ketishi mumkin. Masalan, raqamli banking, sun’iy intellekt rivojlanishi tufayli kassirlik, bank; onalayn savdolar rivoji sabab sotuvchilikka ehtiyoj kamayib, treyderlik, yetkazma xizmati, SMM, IT muhandislikka esa ehtiyoj ortib bormoqda. Olaylik, 10 yildan keyin men tanlagan kasbga talab tushib ketsa, yana nima qila olaman degan savolga ham javob o‘ylab qo‘yish kerak.
реклама
реклама
Shavkat Umrzoqov
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi
1. Bitiruvchilar, katta hayot ostonasidagi yoshlar 3, 5 va 10 yil muddatga mo‘ljallangan aniq maqsadlarni qo‘yib, ularga bor kuch va imkoniyatlarni ishga solgan holda erishishlarini tavsiya qilaman.

2. Yangi avlod vakillari o‘z tanlangan sohada aqliy mehnat qila olishi kerak, deb hisoblayman. Bu mehnat jarayonida ikki xislat — adolat va halollikka amal qilishlari muhim. Shunda yoshlar, albatta, maqsadiga erishadi, shaxs sifatida rivojlanadi.

3. Yoshlar o‘zi tanlagan soha va mutaxassilik bo‘yicha istiqbolli, qilish mushkul bo‘lgan va hamma ham qila olmaydigan katta maqsadlarni qo‘yishi, bu maqsadlarga erishish yo‘lida qiyinchilikdan qo‘rqmasligi, mehnatdan qochmasligi, faqat faollik, ildamlik va tashabbuskorlik bilan harakat qilishi muhim deb hisoblayman.

Tilagim, O‘zbekiston va shahrimiz yoshlari yurtimiz va dunyo tarixida oilasi, Vatani, umuman, insoniyat uchun faqat yaxshilik keltirgan degan ezgu nom bilan qoladigan, ulug‘ ajdodlarimiz Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sinolardek yetuk shaxslar bo‘lishsin!
Kamola Mahmudova
Yevropa Tiklanish va taraqqiyot bankining Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari
Maktabni tamomlaganimga bu yil roppa-rosa 30 yil to‘ldi. Ortga nazar tashlasam va o‘zimni bitiruvchi sifatida tasavvur qilsam, quyidagi maslahatlarni kaminaga bergan bo‘lardim. O‘z o‘rnida bu maslahat va tavsiyalarim bugun maktabni bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan uka-singillarimizga ham asqotadi, degan umiddaman:

  • Hech narsadan qo‘rqmang. Hayot jasoratni mukofotlaydi. Hayot bu - sizning shaxsiy hikoyangiz.
  • Sinab ko‘rmaganingiz uchun vaqtlar o‘tib, juda ko‘p afsuslanasiz. Shu sababli hamma narsani o‘zingizda sinab ko‘ring.
  • Orzularingizdan ko‘zlaringizni uzmang. Rejalar ko‘pincha turli omillar tufayli biz xohlagandek amalga oshmaydi. Taraqqiyot ham doim to‘g‘ri yo‘l emas. Siz ko‘zlagan va yurib ketayotgan yo‘lning boshi berk bo‘lsa, boshqa yo‘ldan yurishda davom eting. Inson izlanishdan, mehnat qilishdan to‘xtab qolmasligi kerak.
  • O‘qish davomida va charchagan paytlaringizda bo‘sh kelmang, yengilib qolmang. Charchagan vaqtlaringiz biroz dam olib, o‘qishni davom ettiring.
  • Sport bilan shug‘ullaning. Hayotni ahamiyat bilan kuzating, har narsaga ehtiyot bo‘ling va tabiatni saqlang.
So‘zim yakunida, O‘zbekistondagi barcha maktab bitiruvchilarini hayotining yangi sarguzasht bobi boshlanishi bilan tabriklayman. Barchamiz sizlar bilan g‘ururlanamiz. Sizlar mamlakat va jamiyatning umidi hamda boyligisiz!
Doniyor G‘aniyev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
1. Vaqtni orqaga qaytarish imkoni bo‘lganida, o‘zimga juda ko‘p maslahatlar bergan bo‘lardim. Birinchi navbatda, o‘z ustimda ko‘proq ishlash va sayohat qilishni, bir qancha xorijiy tillarni o‘rganishni maslahat berardim. Eng asosiysi esa hayotdan lazzatlanib yashash kerakligini aytardim. Chunki bu umr judayam qisqa va biz ko‘p hollarda o‘zimizga katta maqsadlar, talablar va kutilmalarni qo‘yamiz. Shaxsiy hamda atrofimizdagi odamlarning bizga nisbatan kutilmalarini, ularning ishonchini oqlash uchun hayotimizni yoki orzularimizni qurbon qilamiz. Shuning uchun o‘zimga shaxsiy orzu va istaklarim bilan yashash shartligini, xatolardan, muvaffaqiyatsizlikdan va kamchiliklardan qo‘rqmaslikni maslahat berardim. O‘zimga aytadigan oltin maslahatim shu bo‘lardi.

2. Bugungi har bir maktab bitiruvchisi xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini bilishi va albatta, boshlang‘ich kompyuter, matematik savodxonlikka ega bo‘lishi minimum talab hisoblanadi. Chunki hozirgi raqobatdarbosh dunyoda siz o‘z qishlog‘ingizdagi tengdoshlaringiz bilan emas, balki dunyodagi milliardlab yoshlar bilan raqobatlashasiz.

Ikkinchi va muhim xislat shuki, bitiruvchilarda insoniy ko‘nikmalar shakllangan bo‘lishi kerak. Raqamli dunyoda hozir texnologiyalar juda rivojlanib bormoqda. Keyingi 5-10 yilda sun’iy intellekt juda ko‘plab jismoniy mehnat yoki boshlang‘ich aqliy mehnat o‘rnini egallaydi. Lekin sun’iy intellekt hech qachon insoniy ko‘nikmalar: odmlar bilan muloqotda til topishish, yetakchilik va boshqa ko‘plab qobiliyatlarga ega bo‘lolmaydi. Shu sababli hozirgi bitiruvchilar shu narsalarga juda e’tibor berishlari lozim, ya’ni insoniy ko‘nikmalarni shakllantirishi, odamlar bilan muloqot qilishni o‘rganishi kerak. O‘zlariga ishongan holda liderlik qobiliyatini shakllantirishga alohida e’tibor berishlari zarurk. Negaki, taraqqiyot qanchalik rivojlanmasin, yetakchilik qobiliyati bor insonlarga nisbatan ehtiyoj hamisha baland bo‘ladi.

Bundan buyon Vatan deganda, kichik bir qishloq, shahar yo viloyatni emas, butun dunyoni tushunish va ko‘rishni o‘rganishlari kerak. Yangi avlod o‘z qobiliyatini namoyon etish, orzu va maqsadlariga erishishda kichik bir joyda chegaralanib qolmay, dunyoning istalgan burchagida yashashga, u yerda ishlashga va u yerda o‘z orzulari ortidan quvishga tayyor bo‘lishlari kerak. Ular mana shunga moslashuvchan bo‘lishlari lozim nazarimda.

3. Barcha bitiruvchilarni hayotining yangi bir bekatiga qadam qo‘yayotgani bilan tabriklayman. Kelajakdagi faoliyatlariga omad va muvaffaqiyatlar tilayman. Ularga esa quyidagi maslahat va tavsiyalarimni aytishni lozim topdim:

Birinchi maslahatim shuki, hayot davomida vaqtdan unumli foydalanishlari va uning qadriga yetishlari zarur. Hayotda hamma narsani o‘z vaqti bo‘ladi. Kimningdir yutug‘i, omadi 25 yoki 35 yoshida, ayrimlarga 40 yoshida keladi. Shu sababli shoshilmasdan, yengilmasdan o‘z maqsadlari, orzulari sari kurashishni maslahat beraman.

Insoniy xislatlarni yo‘qotmaslik juda muhim. Kamtarlik, yaxshi inson bo‘lish, boshqalarga yordam berishdan qo‘rmaydigan shaxs bo‘lishlarini istayman. O‘z ustilarida ishlashga doim tayyor turishlari, kitob o‘qishlari lozim. Shu bilan birga o‘z huquqlarini biladigan, siyosiy faol, jamiyat uchun jon kuydiradigan inson bo‘lishlarini tilayman.

Uchinchi maslahatim esa hayotdan zavq olishni, yaqinlar, do‘stlar va oila a’zolar bilan yaxshi hayot kechirishni ham o‘ylash kerak. To‘g‘ri, o‘qish, izlanish va mehnat ham qilish kerak albatta. Lekin hayot faqat o‘qish va ishlashdan iborat emas, ijtimoiy hayotni ham unutmaslik lozim. Imkon qadar ko‘proq sayohat qilishga, unutilmas xotiralar, lahzalarga yaratishga harakat qilishlarini maslahat berardim.
Matilda Dimovska
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili
1. Odatda yoshlarga maslahat berishni xohlamayman. Ammo bitiruvchilik davrimga qaytib qolsam, o‘zligimni anglash ustida ishlashni hamda biz yashayotgan muhitni va umuman dunyoni yaxshiroq o‘rganishni maslahat berardim. Chunki inson o‘zini anglashi juda muhimdir.

Biz bilan oldinda nima bo‘lishini hech kim ayta olmaydi. Lekin bizga zavq beradigan ishni, hayotdagi maqsadlarimizni va albatta, o‘zimizni topishimiz kerak. Dunyo bizdan va atrofimizdagi narsalardan anchagina katta. Biz buni tushunishimiz zarur. Xullas, dunyoga bo‘lgan qiziqishni saqlab qolishni maslahat berardim, shunda imkoniyatlarimiz cheksiz bo‘ladi.

2. Yangi avlod ega bo‘lishi kerak bo‘lgan eng muhim xususiyatlardan biri, menimcha, sayyoraga g‘amxo‘rlik qilish, atrof-muhitni asrashdir. Tabiatni asrashni kundalik odatlardan biriga aylantirish kerak.

Bugungi yoshlar dunyodagi tez o‘zgarishlar tufayli nafaqat texnologik jihatdan usta, balki kreativ va innovatsion bo‘lishlari ham kerak. Buning uchun chaqqon bo‘lish talab etiladi. Yangi narsalarni faqatgina innovatsion ruhda bo‘lsakgina yarata olamiz. Va bu kelajakda muvaffaqiyat qozonish uchun muhim omillardan biri bo‘ladi.

Va nihoyat, ba’zi narsalar abadiy qadriyat hisoblanadi, bular insoniylikning asoslari bo‘lmish o‘zaro hurmat, rahmdillik, saxiylik va yaxshi odam bo‘lish.

3. Avvalo, bu yilgi bitiruvchilarni tabriklayman. Sizlarga maslahatim, to‘yib nafas oling va hayotdan zavq oling. Bu yoz sizniki! Biling-ki, bundan buyog‘iga yoz fasli siz uchun bunaqa ruxda o‘tmaydi, shuning uchun undan to‘liq foydalaning. Dunyoni tushunishdan tashqari, qanday qilib yaxshi hordiq chiqarish mumkinligini ham tushunish muhimdir. Shunaqa ekan, hozir siz hayotdan zavq oladigan va qiziqishlaringizni oshiradigan payt!
Konsta (Sharif Abdullayev)
Reper
O‘zimni bitiruvchi deb tasavvur qilganimda kollej yoki universitetga o‘qishga kirish uchun shoshilmaslikni, duch kelgan ta’lim muassasasiga kirmaslikni, bu masalada bemalol o‘ylab ko‘rib, keyin qaror chiqarish kerakligini aytgan bo‘lardim.

Uchta eng muhim xislat:

  • Xorijiy tillarni bilish.
  • Internetni tushunish va undan mustaqil foydalanish.
  • Odamgarchilik.

Bizdagi maktablarda oliy o‘quv yurtida o‘qishni juda muhim, deb uqtirishadi. To‘g‘ri, oliy ta’lim olish muhim jarayon. Lekin bu universitetda va shu yili, degani emas. O‘qishning yo‘llari, joylari va turlari ko‘p. Shu bois shoshmasdan, o‘zingizga yoqadigan kasb bo‘yicha o‘qishingizni maslahat beraman.

Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmasam, birov qizini bermaydi yoki uydagilar turmushga uzatib yuboradi, deb o‘ylashni to‘xtating. Bu borada yaqinlaringiz bilan maslahatlashing, ularga orzu va maqsadlaringiz, rejalaringizni ochiq-oydin ayting. O‘zingiz qiziqmagan yoki bilimingiz yetmagan yo‘nalishga kirish imtihonlaridagi ballning pastligi sabab hujjat topshirishga yugurmang.

Hammasi yaxshi bo‘ladi!
реклама
реклама
Shodiya Abduqodirova
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kino va teatr aktrisasi
1. Maktabni bitirayotgan Shodiyaga rejalarni puxta qilishni va shu asosda ish tutishini, nima xohlayotganini aniq bilishini, o‘zi bilan o‘zi ko‘proq gaplashishini aytgan bo‘lardim. Ahamiyat bersangiz, aksariyat bitiruvchilar kelajakdagi maqsad va rejalarini oldindan shakllantirib, aniqlashtirib bormaydi. Xorijlik yoshlar hali maktabni bitirmasidan turib, qaysi kasb egasi bo‘lishini maqsadga aylantirishadi. Bizdagilarning ko‘pchiligi ikkilanish bilan maktabni bitiradi. “Bilmadim”, “ko‘ramiz” kabi fikrlarda yuradi, noaniqlik bor. Bu borada albatta, ota-onalarning ham mas’uliyati baland bo‘lishi kerak. Ular farzandi bilan ko‘proq gaplashishi, orzu va rejalariga quloq tutishi zarur.

O‘zim oliy o‘quv yurtiga to‘rtinchi urinishda kirgan bo‘lsam, har yili turli yo‘nalishga hujjat topshirganman. U paytlarda nimaga qiziqishimni tushunib yetmaganman. Tilshunoslikka, sotsiologiyaga, huquqshunoslikka ham qiziqishim bo‘lgani uchun aniq bittasini tanlashga qiynalganman. Agar maktabni bitirishdan oldin aniq rejam bo‘lganida edi, maqsadlarimga ertaroq erishardim. Shunday bo‘lsa-da, san’at sohasi orqali ham orzu va maqsadlarimni ko‘pi amalga oshdi.

2. Yangi avlod vakillarida o‘ziga va bilimiga ishonch kuchli bo‘lishi kerak. Agar ular o‘ziga ishonsagina, shunda atrofidagilarda ham ishonch uyg‘ota oladi. O‘ziga nisbatan ishonch esa bilim orqali shakllanadi. Bilimsizlik hamisha ishonchsizlik uyg‘otadi. Bilimli odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchi uning harakterida, o‘zini tutishida, nigohida, nutqida baribir sezilib turadi. Pul yoki maddohlik bilan topilgan ishonch vaqtinchalik bo‘lib, odamni vaqt o‘tib sindirib qo‘yishi mumkin. Shu sababli bilimli bo‘lish har doim kishiga o‘ziga nisbatan ishonch beradi. Bundan tashqari, hozirgi yoshlar dunyoviy bilim bilan birga diniy ilimni ham egallashini istardim. Bu shaxs sifatida shakllanishda juda muhim nazarimda.

Shuningdek, hozir innovatsion g‘oyalar va yangiliklar davrida yashayapmiz. Bitiruvchilar kelgusida qaysi kasbni tanlashidan qat’iy nazar kamida bitta xorijiy tilni bilishi kerak. Bu zamon talabi. Agar repititorga borish uchun imkoniyat bo‘lmasa, internet orqali ham o‘rganish mumkin.

3. Bitiruvchilarga o‘ziga nisbatan ishonch va shijoatini so‘ndirmasligini tilayman. Hamma narsa yaxshi bo‘lishiga ishonib yashashsin. Niyatni toza, maqsadni baland qilishsin. Doim harakat va izlanishda bo‘lishsa, ko‘zlagan marralarini albatta, zabt etishadi. Ular qalbidagi yoshlik cho‘g‘i va iroda aslo tark etmasligini tilab qolaman!
Eldor Shomurodov
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori, Italiyaning “Spetsiya” klubi futbolchisi
Hozirgi tajribamdan kelib chiqib, maktabni endi bitirayotgan Eldor Shomurodovga ayrim xatolarimning oldini olishga yordam beradigan maslahatlar bergan bo‘lardim. Hayotimning shu davrigacha ko‘p narsa o‘zim xohlagandek, o‘zim rejalashtirgandek bo‘ldi, buning uchun shukr qilaman - hayotimdagi ko‘p narsani o‘zgartirmagan bo‘lardim. Ammo baribir xatolar bo‘lgan - o‘zimni bitiruvchidek tasavvur qilsam, 17-18 yoshli Eldorga o‘sha xatolarga yo‘l qo‘ymaslikni maslahat berardim.

Menimcha, katta hayot ostonasidagi yigit-qizlar birinchi galda o‘ziga ishonishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mahkam tutishi kerak. Sabr-toqatli bo‘lish - bu xislatsiz biror natijaga erishish qiyin. Shuningdek, o‘ziga tanqidiy ko‘z bilan qaray bilish - bu ham muhim. Mana shu uch jihat oldingizga qo‘ygan maqsadga yetish, natijaga erishishingizda katta ahamiyatga ega bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, bitiruvchilarga yon-atrofga e’tiborli bo‘lishni - yaxshilardan o‘rnak olish, yomonlarning salbiy xatti-harakatlaridan to‘g‘ri saboq chiqarishni maslahat bergan bo‘lardim. Har doim yaxshi bo‘lishga, yaxshilikka intilish kerak.

Bugun maktablarni bitirayotgan barcha ukalarimiz va singillarimizga yangi hayot yo‘lida omadlar tilayman. Hammasi o‘z qo‘lingizda, olg‘a intilsangiz bas!
Behzod Hoshimov
iqtisodchi
Agar kelajakni bilgan holda ortga nazar tashlaydigan bo‘lsam, maktabni endi bitirayotgan o‘zimga, katta ehtimol bilan, “ko‘proq mehnat qilishim kerak”, degan bo‘lardim. Masalan, men matematikani o‘qiganman, lekin fundamental matematika va falsafani o‘qib-o‘rganishga yanada ko‘proq e’tibor qaratgan bo‘lardim. Shuningdek, sport bilan jiddiyroq shug‘ullangan bo‘lardim. Bitiruvchi Behzod Hoshimovga maslahatlarim shu.

Sun’iy idrok va boshqa shu kabi texnologiyalar rivojlanayotgan va tez o‘zgarayotgan dunyoda fikrlay olish xislati katta ahamiyatga ega. Inglizchada “learning to learn” degan tushuncha bor — bu odam u yoki bu narsani (masalan, bilimni) qay yo‘sinda tez va oson o‘zlashtirishini o‘zi uchun bilishi demak - mana shu “o‘rganishni o‘rganish” xislati ham hayotda juda asqatadi. Fundamental bilimlar nafaqat bitiruvchilarga, nazarimda, barcha uchun muhim hisoblangan hozirgi davrda mana shu ikki ko‘nikma, mana shu ikki xislat juda zarur ham foydali, deb hisoblayman. Bu tavsiya va maslahatlarni, tabiiyki, faqat bitiruvchilarga emas, balki o‘zimga ham qaratilgan desam bo‘ladi.

Bitiruvchilarga erkin jamiyat va erkin iqtisodiyotga ega erkin jamiyatda ulg‘ayishlarini tilagan bo‘lardim. Aynan erkin bozor, erkin siyosatga ega erkin jamiyatlardagina insonning iqtidori, mehnati, uddaburonligi bozor tomonidan rostmana taqdirlanadi. Erkin bo‘lmagan jamiyatlarda esa, afsuski, buning aksini ko‘ramiz. Aynan erkin bo‘lmagan jamiyatlarda “diplomni nima qilasan, chang bosib yotadi”, “diplomlilar bilan diplomsizlar baribir bir xilda pul topadi” degan gaplarni eshitamiz. Vaholanki, erkinroq jamiyatlarda bilimli kishilar albatta ko‘proq pul topadi, ijtimoiy mavqei ham yuqoriroq bo‘ladi va hokazo. Shu bois, bitiruvchilarga tilagim - erkin jamiyatlarda o‘z o‘rinlarini topishsin, mehnatlari bilan muvaffaqiyatlari chambarchas bog‘liq bo‘lsin.
Otabek Shukurov
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi vitse-sardori, Turkiyaning “Fatih Karagyumryuk” klubi futbolchisi
Bitiruvchilar — o‘smirlikdan chiqib, butunlay yangi, katta hayotga qadam tashlash arafasida turgan yoshlardir. Bu shunday bir muhim davrki, unda qaysi yo‘lni tanlasangiz, keyinchalik ham asosan shu yo‘ldan ketasiz. Ya’ni bitiruvchi yap-yangi va imkoniyatlarga to‘la yo‘lning boshidagi bir inson. Agar bitiruvchilik davrimga qaytib qolsam, bundan cheksiz xursand bo‘lardim, albatta. Chunki hammasini boshidan, bor imkoniyatlardan to‘la foydalanish imkoni qayta tug‘ilgan bo‘lardi. Imkoniyatlar bor ekan, ularni boy bermaslik kerak.

Insonga birinchi galda o‘ziga bo‘lgan ishonch kerak. O‘ziga bo‘lgan ishonch qancha yuqori bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ikkinchidan, kishi yaxshi ish, amallar niyati bilan tavakkal qilishdan, yangilikka murojaat qilishdan, yangi qadam tashlashdan qo‘rqmasligi kerak. Uchinchidan, har qanday holatda ham aql bilan, imon bilan ish tutish kerak. Yuqoridagi uch xislatni jamlagan holda qilingan sa’y-harakatlar albatta o‘zining yaxshi mevasini beradi.

Biz maktabni bitirganimizga unchalik ham ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin zamon shunchalik tez rivojlanib, o‘zgarib boryaptiki, hozirgi bitiruvchilar oldida bizdagidan ham ko‘proq imkoniyatlar bor. Men ularga qanday yo‘nalishni tanlashlaridan qat’i nazar o‘z ishlarining ustasi bo‘lishni, qo‘rqmay yangiliklarga intilishni, marrani baland — hatto eng yuqorisidan ham balandroq olishni tilagan bo‘lardim. Chunki o‘sha eng yuqori marrani egallaganlar ham sizu biz kabi inson.

Maqsad qilingan marraga yetish yo‘lida hech narsadan tolib-toymaslik, qiyinchilik va mashaqqatlar oldida to‘xtamaslik kerak. Barchangizga qo‘rqmay hayotda faqat olg‘a intilishni tilab qolaman.
Komil Jalilov
Ta’lim bo‘yicha ekspert
Men va tengdoshlarimning bitiruvchilik davrimiz qandaydir qiziq pallaga to‘g‘ri kelib qolgan. O‘tish davri, deydimi. Bizni oldinda nimalar kutyapti, aniq tasavvurimiz yo‘q edi, lekin orzular, umidlar ulkan edi. Bu orzu-umidlardan qaysilaridir amalga oshdi, qaysilaridir esa yo‘q. Hozirgi maktab bitiruvchilarida, nazarimda, bizdan ko‘ra imkoniyatlar ko‘proqdek, faqat bu imkoniyatlardan unumli foydalanish kerak. O‘ylab qarasam, o‘sha paytda ba’zi muhim qarorlarni inersiya bilan, oqimga ergashib qabul qilgan ekanman. Bu qarorlar xato bo‘lgan yoki ulardan afsusdaman, deya olmayman, lekin agar o‘zimni bitiruvchi deb tasavvur qilsam, shunday qarorlarni qabul qilishda puxtaroq o‘ylashni maslahat bergan bo‘lardim.

Biron narsani qilar ekansiz, shunchaki “hamma shunday qilyapti, men ham qilishim kerak” degan o‘y bilan emas, o‘zingiz uchun qiling. Oqimning bir qismi bo‘lmang, o‘z pozitsiyangiz bo‘lsin. Sizga nima yoqadi, nimani chin ko‘ngildan, maza qilib bajarasiz, shuni ham hisobga oling. Mayli, xato qilarsiz, lekin xatolardan o‘rganish, saboq chiqarish ham normal holat. Masalan, hali kim bo‘lish, qaysi yo‘nalishni tanlash haqida bir qarorga kelmagan bo‘lsangiz, “hamma mening bu yil institutga kirishimni kutyapti” yoki “hamma o‘qishga topshiryapti”, deb duch kelgan oliygohga hujjat topshirish shart emas. Ishlang, sayohat qiling, kasb o‘rganib ko‘ring — o‘zingizga yoqadigan narsani topib olish uchun o‘zingizga vaqt va imkon bering. Siz — hamma emassiz, siz — sizsiz.

Nazarimda, hayotda inson va mutaxassis sifatida kerak bo‘ladigan xislatlar — tanqidiy fikrlash (birov nima desa ishonib ketavermasdan, tahlil qila olish), yangi vaziyatlarga moslasha olish va yangi narsalarni o‘rgana olish, shuningdek, empatiya (birovning quvonch va g‘amiga sherik bo‘la olish, insoniylik). Mana shu narsalar ustida ishlang. O‘qing, izlaning, yangi narsalarni sinab ko‘rishdan, o‘zingiz uchun yangi dunyolar kashf qilishdan hech qachon qo‘rqmang. Va to‘g‘ri bo‘ling — men yaxshi ko‘radigan hikoyalardan biri qahramoni aytganidek, “yaxshi oyoq kiyim kiyish istagi oyoqlaringizni noto‘g‘ri yo‘lga boshlamasin”.
Tim Torlou
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi
1. Agar men maktab bitiruvchisi bo‘lgan paytimga qaytib, o‘zim bilan suhbat qila olganimda edi, birinchi navbatda orzularimni amalga oshirishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Bunday gaplar qanchalik ko‘p gapirilgan bo‘lsa ham, bu juda muhim. Har kim ham o‘z orzularini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun, siz maktabni bitirib, hayotning yangi bosqichiga qadam qo‘yganingizda, hech bo‘lmaganda o‘zingiz orzu qilgan faoliyat sohasini tanlashga harakat qilishingiz kerak. O‘zingiz yoqtirgan, sizga zavq keltiradigan kasbni yoki ishni toping va agar hayotda shu ish bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lsangiz, u holda siz juda omadlisiz.

2. Bugungi dunyo shu qadar tez rivojlanmoqdaki, ilgari odamlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan ko‘pgina fazilatlar bugungi yoshlarga kerak bo‘lmasligi ham mumkin. Ammo, menimcha, muvaffaqiyatga erishish uchun quyidagi uchta fe’l-atvor xislatlarini o‘zingizda rivojlantirishingiz kerak:

  • Qiziquvchanlik — bilim va rivojlanishga intilishdan to‘xtamang;
  • Moslashuvchanlik — zamonaviy hayotning o‘zgarishlarga va hayotning turli sharoitlariga tezda moslasha olishga intiling;
  • Qat’iyat yoki maqsadlilik — maqsadlarga erishish yo‘lida taslim bo‘lmang. Ba’zan qat’iyat juda muhim ahamiyatga ega.
3. Tavsiyalarim borasida — menga o‘xshagan yoshi kattalarning tavsiyalariga kamroq quloq solishni maslahat beraman.

Hurmatli O‘zbekiston bitiruvchilari! Sizga muvaffaqiyatlar, maqsadlaringizga erishishingiz va orzularingizni amalga oshirishingizni tilayman. Umid qilamanki, har biringiz o‘zingizga yoqqan ishni topasiz va shu yo‘nalishda rivojlanishda davom etasiz.
Materialni Mirolim Isajonov, Muhrim A’zamxo‘jayev, Shuhrat Latipov, Davlat Umarov tayyorladi.
Illustrator: Eldos Fozilbekov.

Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” va boshqa uchinchi shaxslarga tegishli www.gazeta.uz veb-saytida joylashtirilgan fotografik, grafik va boshqa materiallardan har qanday holda foydalanish taqiqlanadi.

Biror qiziqarli voqea yoki hodisani bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz?

Hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting