Nima ko'ramiz?
"Gazeta.uz" o'zbek tahririyati jamoasi tavsiya qiladi
Salkam 140 yil avval, 1885-yilning 28-dekabr kuni aka-uka Lyumerlar tarixda ilk bor katta ekranda film namoyishini uyushtirgan edi. Bugungi kunda ushbu sana Xalqaro kino kuni sifatida nishonlanadi. Ham shu sana munosabati bilan, ham bayram dam olish kunlariga bir tavsiya sifatida "Gazeta.uz"ning o'zbek tahririyati jamoasi film tavsiyalari bilan o'rtoqlashishga qaror qildi.
Salkam 140 yil avval, 1885-yilning 28-dekabr kuni aka-uka Lyumerlar tarixda ilk bor katta ekranda film namoyishini uyushtirgan edi. Bugungi kunda ushbu sana Xalqaro kino kuni sifatida nishonlanadi. Ham shu sana munosabati bilan, ham bayram dam olish kunlariga bir tavsiya sifatida "Gazeta.uz"ning o'zbek tahririyati jamoasi film tavsiyalari bilan o'rtoqlashishga qaror qildi.
2023-yilda "Gazeta.uz"ning o'zbek tahririyati "Nima ko'ramiz?" loyihasi doirasida bir muddat film tavsiyalarini berib bordi. Loyiha doirasida, jumladan, rejissor Sarvar Karimov, san'atshunos jurnalistlar Iqbol Qo'shshayeva va Gulmira Musajonova, blogerlar A'zam Qahramoniy (Teacher Azam) va Nodir Nishonov (Dervish_Nod) o'z tavsiyalari bilan o'rtoqlashdi.

"Nima ko'ramiz?" loyihasi 2024-yilda davom ettiriladi. Quyidagi tavsiyalar esa ham 2023-yil uchun yakun, ham bo'lajak qaytish oldidan bir tayyorgarlik o'rnida.
"Parazitlar"
Parasite (2019)
Madina A'zam tavsiya qiladi
fotomuxbir
Janubiy koreyalik rejissor Pon Chjun Xo tomonidan suratga olingan "Parazitlar" boy va kambag'allar o'rtasidagi tafovut, bu tufayli yuzaga keladigan ijtimoiy ziddiyat, shuningdek, firibgarlik, zo'ravonlik bilan farovonlikka intilishning oqibatini o'zida aks ettiradi. Har bir epizod va detal mazmunga ega bo'lib, ulardan birisiz filmni tasavvur qilib bo'lmasligini tomosha qilish jarayonida yaqqol payqaysiz.

Ayniqsa, qahramonlarning diplomni soxtalashtirishi, kimgadir nohaqlik qilish evaziga o'z yaqinlarini ish bilan ta'minlashi, boy qatlamning hayoti kambag'allarga jozibador hamda ideal ko'rinishi, qolaversa, bir jamiyatdagi oilalarning bir-biriga mutlaq qarama-qarshi turmush tarzi — har qanday makon va zamonga begona bo'lmagan muammodir.

Film so'nggida aslida parazit kim degan jumboqqa har bir tomoshabin turlicha javob topadi. Yoki savollar qurshovida qoladi. Ushbu filmning o'ziga xosligi ham, menimcha, shunda.
"Qalb"
Soul (2019)
Davlat Umarov tavsiya qiladi
tahririyat rahbari
Yaxshi ko'radigan filmlarim juda ham ko'p (masalan, Shohruxxon o'ynagan barcha kinolarni bu ro'yxatga qo'shish mumkin), lekin hozir filmlar orasidan negadir "Qalb"ni tavsiya qilgim keldi. Pixar'ning ushbu animatsion filmi hayotga falsafiy nuqtai nazardan qarashga undagani bilan yodimda ko'proq qolgan bo'lishi mumkin.

Multfilm qahramoni bolaligidan orzu qilgan, qalbi bir umr talpingan lahzalarga yetay deganida baxtsiz hodisaga uchraydi. Uning keyingi sarguzashtlari har bir inson uchun o'z qalbiga quloq solish, o'zini anglash, qalbni oshno qiluvchi zavqqa ergashish qanchalik muhimligini ko'rsatadi.

Bu multfilm yunon faylasufi Aflotunning inson qalbi haqidagi mulohazalaridan ilhomlanib yaratilgan bo'lsa kerak, degan xayolga boraman. Aflotun inson tug'ilishidan avval uning qalbi haqiqiy go'zallik nimaligini bilgani, dunyoga kelgach esa Yerda sekin-asta unutilishini ta'kidlagan. Unga ko'ra, aynan qalb insonning tanasiga hayot bag'ishlaydi. Balki shuning uchun bir umr go'zallikka talpinib, uni qidirib yasharmiz.

Multfilmda qalblar faqatgina o'z maqsadini topganidagina "Yerga otlanishi" yoki "tirilishi" ko'rsatilgan. Shuningdek, unda maqsadsiz qalblarning umrbod adashib yurishi, zulmat quliga aylanishi ham zo'r ko'rsatib berilgan. Ba'zida esa qalbning asosiy maqsadi qandaydir mashg'ulot bilan shug'ullanish emas, shunchaki yashashdan iborat bo'lishi mumkinligi ham bayon qilingan.

Hayotning o'zi chindan ham eng oliy go'zallik bo'lsa kerak!
"Raksha Bandhan"
Ziyoda Ramazonova tavsiya qiladi
jurnalist
Rejissor Ray Anandning "Raksha Bandhan" filmida, Hindistondagi turmushga chiqayotgan qizlarning kuyovga sep berish majburiyati ortidagi fojialar bir aka va uning to'rt singlisi misolida ko'rsatilgan.

Onasiga to'rt singlisini uzatmaguncha uylanmaslikni va'da bergan aka, singillarini uzatish, kuyov tomonni qurbi yetadigan sepga ko'ndirish uchun qilmagan ishi, aytmagan so'zi qolmaydi. Sep mojarosi oxir-oqibat to'ng'ich singil o'z joniga qasd qilishi bilan tugaydi. Kuyov tomonga sep berish ijtimoiy jinoyatligi, bu amaliyot to'xtatilmasa, xotin-qizlar qiynalaverishini tushunib yetgan aka qolgan singillarining sepiga yig'ilgan pulni endi ularning ta'limiga sarflashga qaror qiladi.

Filmdagi muammolar O'zbekiston uchun ham begona emas. "Raksha Bandhan" — biror xatti-harakatning xatoligini tushunish uchun qurbonliklar berish shart emasligi, shunchaki iroda ko'rsatilsa, zulm zanjirini uza olish mumkinligini ko'rsatib bergan film.
"Taksi haydovchisi"
Nurulloh Sharipov tavsiya qiladi
muharrir
"Taksi haydovchisi" ishlayotgan soham — jurnalistikaga bog'liqligi uchun ham juda yoqadi. Uni hukumatning erkinlik istovchi fuqarolariga nisbatan qilgan shafqatsizligi kun kelib albatta oshkor bo'lishi haqidagi o'zim ko'rgan filmlar orasida eng yaxshisi deb bilaman. Filmda barcha — kirakashdan tortib jurnalistgacha hamma o'z ishini sidqidildan bajarsa, yomon kunlar tugashi g'oya sifatida ilgari suriladi.

Kvanju qo'zg'oloni nomi bilan tarixga kirgan voqea tafsilotlari haqida hikoya qiluvchi filmda mamlakat kelajagi va fuqarolarning hayotiga xususan jurnalistlar qanchalik ta'sir qila olishi ko'rsatib berilgan. Ayni vaqtda, jurnalistika naqadar og'ir va murakkab kasb ekanini yana bir bor tushunib yetasan kishi.

Ayni vaqtda, bu film — umidbaxsh. Taraqqiy etgan Janubiy Koreya 40−50 yil avval avtoritar va korrupsiyaga botgan o'lka bo'lganini bugun ko'pchilik bilmaydi. Shu ahvoldagi mamlakat ham, agar hamma o'z ishini va sidqidildan bajarsa, zo'ravonlikka qarshi jim turmasa, botqoqdan chiqishi, rivojlanib ketishi mumkin. Filmdan olish mumkin bo'lgan umid ham shunda.
"Masxaraboz"
1994
Mushtariy Oqboyeva tavsiya qiladi
muxbir
Men dunyoning eng mashhur filmlarining hammasini ko'rib boraman deyolmayman. Hatto, tillardan tushmaydigan "Intersteller" ham to'liq ko'rmaganman. Tavsiyam esa taniqli dramaturg Sharof Boshbekov ekranlashtirgan o'zbek filmi — "Masxaraboz". Aytishingiz mumkin, axir u 2019-yil amerikalik rejissor Todd Fillips suratga olgan "Joker" filmini eslatyapti-ku, deb. Lekin, o'zbek masxarabozi allaqachon — 1994-yil suratga olinib, ko'plarning e'tiborini qozonib ulgurgan.

Kinolar odatda yaxshi kayfiyat bilan boshlanib, voqealar o'rtasida keskin burilish, ziddiyat, g'oliblik uchun kurash, so'ngida esa hamma murod-maqsadiga yetishi bilan yakun topadi. Bu filmda ham shunday, lekin samimiy yakun g'oliblik emas, majburlikdan. Menga shunday tuyilgan, har holda. Negaki, film davomida masxaraboz nomini olgan Teshavoy hayotidagi barcha voqealarni samimiy qabul qiladi, hazilga yo'yadi. Hech qaysi muammoga dard deb qaramaydi. Eng qizig'i, u umrida yig'lamagan, ammo oxiri sevgan yori aldov sabab boshqaga majburan turmushga chiqishini ko'rib, "zari yoki zo'ri bo'lmagan"lar hayotda yutolmasligini anglab, yig'laydi. Hatto shuni ham samimiy qabul qilib, yakunda o'zi kabi masxaraboz qizga duch keladi.

Ijodkorlar kreativ tarzda tanishtiriladigan filmdagi aktyor va aktrisalarning mahoratini e'tirof etish joiz. Aksar yosh yigitlarning dardini o'zida mujassam qilgan film, faqat drama yoki sarkazmdan iborat emas, unda ijtimoiy hayotdagi muammolar ham yoritilgan. Kino uchun alohida ishlangan "Atirgullar ochdi chiroy", "Yig'lamayman" qo'shiqlari esa filmni yanada o'ziga xos bo'lishiga hissa qo'shgan. Dialoglarda ham o'ziga yarasha ma'no mujassam. Qisqasi ko'ring, albatta kulasiz va yig'lashingiz ham mumkin.
"Otamdan qolgan dalalar"
1998
Elshod Salimov
muharrir
Shuhrat Abbosovning "Otamdan qolgan dalalar" filmini bundan roppa-rosa bir yil oldin tomosha qilib, nega avvalroq ko'rmaganim haqida o'ylab qolganman. Filmda mahalliy aholining hayoti Chor Rossiyasi istilosidan boshlab izdan chiqqani, o'zi muqaddas deb bilganlaridan birma-bir mahrum bo'lgani uch avlod fojiasida ochib berilgan. Kino 3,5 soat davom etsa, shuncha vaqt har xil tuyg'ular — kuchli hayajon, og'riq, yig'i, nafratni his qilib, erk hammasidan ustun ekaniga yana bir bor amin bo'lganman. Filmdagi yuqori pafos tomoshabinni hech tark qilmaydi.

Qahramonlardan birining eriga qarata aytgan arzlari meni yig'latgan. U tom ma'noda bir asrlik dardlardan shikoyat qilgandek edi. Tappi tayyorlay turib, ularning butun hayoti yolg'on ekani, sodda va aytilgan tomonga og'ib ketaverishlari, qish eshik qoqay deganda ham paxta dalasidan beri kelolmayotganidan qilgan dodi juda ham ta'sirli chiqqan.

Eng og'riqlisi, filmni ko'rayotib, ba'zi narsalar hali ham o'zgarmagani, haqiqiy erkka to'la yetib ulgurmaganimiz haqidagi fikrlar miyamni chimdib olavergan. Buni ifodalash uchun so'zlar ojizlik qiladi, yaxshisi ko'rib, his qilish kerak.

"Leon"
Léon (1994)
Dilruh Isomiddinova tavsiya qiladi
fotomuxbir
Rejissor Lyuk Besson tomonidan suratga olingan "Leon"ga qiziqish va muhabbatim ilk bor 15−16 yoshlarimda, Stingning "Shape of my heart" qo'shig'ini tinglab, yoqtirib qolganimdan keyin uyg'ongan. Avvaliga uni shunchaki tomosha qildim, keyinchalik sevimli aktyorim Jan Reno uchun ko'radigan bo'ldim, lekin asl mohiyatini ulg'aya borib tushundim. Filmning odamni o'ziga jalb qiluvchi bir jihati uning klassik nostalgiya kayfiyatini berishida bo'lsa, yana biri yomon va yaxshi odam haqidagi azaliy (ayniqsa, o'zbekona) stereotiplarni parchalab tashlagani, nazarimda.

Leon o'ta sovuqqon, cheklangan, tartibli va hissiz yashaydi, chunki uning hayotida haqiqiy insoniy munosabatlar (oila, do'stlik, sevgi) yo'q. Oxir-oqibat, u fidokorona sevishni o'rgandi, sovuq va qorong'i hayotida iliq bir nur — Matilda ismli jajji qizaloq paydo bo'ldi. Filmning bosh g'oyasi — sevgisiz biz o'likmiz. Filmni tomosha qilish davomida hissiz qotil niqobi ostidagi mehribon va muhabbatga, fidoyilikka to'la samimiy otani (qaysidir ma'noda o'g'ilni ham) ko'ra olasiz.

Aslida kimdir tavsiya qilgan filmlarni ko'rish menda biroz qiyinchilik tug'diradi. Did individual masala bo'lgani bois, tavsiyachiga yoqqan film mening kutilmalarimni oqlamasligi ehtimoli borligi qo'rqitadi. Qolaversa, ko'p ham kinosevar bo'lmaganim uchunmikin, ko'rganimni tahlil va muhokama qilolmayman odatda. Shu bois kamdan kam tavsiya qilaman. Bu filmga mehrim tushuntirib bo'lmas darajada kuchli, shunchaki uni yoqtirganim boshqalarga ham tavsiya qilishimga yetarli sabab bo'lsa kerak.
"Joker"
Joker (2019)
Ma'murjon Obrahmatov tavsiya qiladi
video operator
Rejissor Todd Fillips suratga olgan "Joker" filmi bosh roldagi Hoakin Feniksning ijrosi bilan ham shedevr, o'ylashimcha. 2020-yili 11 nominatsiyada "Oskar"ga da'vogarlik qilib, 2 tasida g'olib chiqqani ham uning eng yaxshi filmlardan biri ekaniga isbot bo'lsa kerak.

"Joker" ko'p jihatdan o'ziga xos. Sohamdan kelib chiqib aytsam, tasvir sifati, kompozitsiyaning g'oya bilan yaratgan muvozanati, kadrlarning rang-barangligi, ijro texnikasi, ovoz sifati va musiqa hamohangligi rejissorning bu ishi mukammal chiqishini ta'minlagan. DC olgan boshqa filmlarda bunday emasmi? Hatto undan-da a'lo filmlar borligini, ko'proq ekanini inkor qilib bo'lmaydi, lekin bu filmga ajratilgan budjet bilan bundan yaxshirog'ini olish imkonsiz ham.

Filmda atrofda kechayotgan muhim voqea-hodisalarga e'tiborsizlik oqibatida kelib chiqishi mumkin bo'lgan fojia ko'rsatilgan. Uni tomosha qilish orqali befarqlik va adolatsizlik zulmga asos bo'lishini tushunib yetasiz. "Joker"lar hamma yerda bor, ya'ni ular aslida katta muammolarga past nazar bilan qarab, kichik muammolar girdobida qolgan jamiyatlarda yetishadi va kun kelib… "portlaydi"!
"Yo'l"
La Strada (1954)
Xolida Musulmon tavsiya qiladi
fotomuxbir
Italyan neorealizmi namunasi hisoblangan "Yo'l" filmida rejissor Federiko Fellinining o'z davri, qolaversa, butun insoniyatga munosabati aks etgan. Kartinada oddiy xalq hayoti, o'y-fikrlari, nafasiyu qadami ko'rsatilgan.

Menga hissiyot ufurib turgan asarlar juda yoqadi. "Yo'l"da dard, nochorlik, rad etilish, muhabbatga yetisha olmagan qalb iztiroblari va eng alamli iqrorni ko'raman.

Film qahramoni Jelsominaning ko'zlaridan beqiyos ulug' sevgi ufuradi, Zampanoning bilaklari esa bu sevgini zanjirlardek parchalay olmaydi, aksincha, kuch har doim ham yechim bo'lolmasligini isbotlaydi.

Filmni qayta-qayta, yig'lab-yig'lab tomosha qilish mumkin.
"Ibtido"
Inception (2010)
Nazarbek Nazarov tavsiya qiladi
muharrir
Tavsiya qilishim mumkin bo'lgan kinolar serob bo'lsa-da, negadir xayolimga birinchi bo'lib Kristofer Nolanning filmlari keladi. "Ibtido" — ular orasida eng yoqtirganim. Inson ongosti, manipulyatsiya, tushlar — bular biz uchun oxiriga yetilmagan, chala o'rganilgan jabhalardir. "Ibtido" esa shu haqda qayta va qayta mushohada yuritish, o'zingiz uchun har safar nimadir yangilik kashf qilish imkonini beruvchi bir filmdir.

Tomosha qilish jarayonida har safar yangidan savollar paydo bo'ladi, lekin ularga har doim ham javob topa olmaysiz. Umuman, Kristofer Nolan — daho. Uning barcha filmlari — "must-watch". Undan tashqari, Martin Skorseze, Kventin Tarantino, Gay Richi, Ridli Skott, Devid Fincher… (yaxshisi meni kino haqida gapirmay, yo'qsa o'zimni to'xtatolmay qolaman). Ularning bari daho!
"Interstellar"
Shohruh Haydarov tavsiya qiladi
muxbir
"Interstellar" — tomoshabinda hissiyotlar simfoniyasini uyg'otadigan film. Unda ko'rsatilgan ilmiy jarayonlar tomoshabinni zeriktirmaydi, nimadir yangi narsa o'rganishga undaydi. Ayniqsa, haqiqiy san'at asari darajasida yaratilgan saundtreklarini aytmaysizmi!

Filmda ota va uning qizi o'rtasidagi munosabatlar, ularning bir-biriga bo'lgan mehri vaqt, makon va olamni-da oshib o'tishiga guvoh bo'lasiz. Unda ayriliq iztiroblari, diydorga intilish va shu jarayondagi turli lahzalar mahorat bilan tasvirlangan.

Mazkur film orqali inson ruhiyatining murakkabligi, koinotning mislsiz chegaralari va tasavvur qilib bo'lmaydigan qiyinchiliklarga qarshi muhabbatning qudratini ko'rasiz, qotib qolgan hissiyotlaringiz uyg'onib, jonlanadi.
"Qora telefon"
Shahzod Habibullayev tavsiya qiladi
video operator
Skott Derrikson tomonidan suratga olingan "Qora telefon"dagi bosh mavzu va g'oya — bolalik qo'rquvlarini yengish va bu yo'ldagi qiyinchiliklardir. Ushbu kartina tomoshasidan keyin kishi ancha vaqt uning ta'siridan chiqib keta olmaydi. Qo'rquv haqidagi film bo'lishiga qaramay, u qonli sahnalar bilan to'ldiribb, bo'rttirib yuborilmagan.
"12 jahldor erkak"
Muhrim A'zamxo'jayev tavsiya qiladi
muharrir
Men qayta-qayta tomosha qiladigan filmlar ko'p (bunda o'zbek kinosining oltin fondiga kirgan kartinalar tanlovdan tashqari — ularni qayta-qayta ko'rmayman, ular bilan birga yashayman, desam ham bo'ladi) — tasavvuri bepoyon Hayao Miyazakining multfilmlari, "Yulduzlar jangi" va "Garri Potter" epopeyalarining istalgan biror qismi, "Cho'qintirgan ota"ning birinchisi, "Telba Maks"ning 2015-yilgisi, "Interstellar" va hokazo, va hokazo; har yil yanvar-fevral oylarida o'sha yilgi "Oskar"ga nomzod filmlarni imkon qadar ko'rib chiqish ham odat (2023-yilgilaridan "Inisherin banshilari", "G'arbiy frontda o'zgarish yo'q" va "Hammasi har joyda va birdan"ni tomosha qilishni sizga ham tavsiya qilgan bo'lardim). Lekin hozir o'zim ham anchadan beri ko'rmagan bir filmni tavsiya qilmoqchiman.

Ba'zilar: "Mening fikrim nimani ham hal qilardi?", deb, muammoli vaziyatlarda tezda taslim bo'ladi-qo'yadi. Boshqa birovlar: "Ko'pchilik shu ishni to'g'ri deb turganidan keyin, birgina mening qarshi chiqishim nimani ham o'zgartirardi?" deb, noto'g'ri ham adolatsiz qarorlar qabul qilinayotganida yo jim turadi, yo xato yo'ldan ketayotgan ko'pchilik fikriga qo'shilib ketadi, ko'pchilikning zug'umidan hayiqib, mantiqsiz qarorlarga qarshi o'z fikrini aytolmaydi. Aslida esa, haqiqat va adolatga xizmat qiladigan bo'lsa, har bir fikr aytilishi kerak. Haqiqat va adolatga xizmat qiladigan nuqtai nazar faqat bir kishidan chiqsa ham, u yakunda xato yo'ldan ketayotgan ko'pchilikning fikrini o'zgartirishi, navbatdagi noto'g'ri qaror, mantiqsiz qadamning oldini olishga xizmat qilishi mumkin.

Barcha davrlarning eng yaxshi filmlardan biri sifatida tan olingan "12 jahldor erkak"da aynan shu narsa zo'r ko'rsatib berilgan.
"Shoushenkdan qochish"
Bahodir Abdullayev tavsiya qiladi
muxbir
Nolan ijodining muxlisi sifatida, albatta, "Intersellar"ni ko'rishni tavsiya qilardim-kuya, bunga mendan oldin ulgurishibdi-da. Umuman olganda, eng yaxshi ko'radigan va ko'rmaganlar bo'lsa tavsiya qiladigan filmim bu — Frenk Darabontning "Shoushenkdan qochishi". Bu filmni tavsiya qilishning o'zi g'alati bo'lsa kerak. Men bu kinoni Yer yuzida eng kech ko'rgan odam bo'lsam kerak. Mayli, shu tavsiyam bilan kimdir bu filmni qayta ko'rishiga sabab-chi bo'larman balki.

Erkinlik insonning eng muqaddas huquqi va qadriyati — "Shoushenkdan qochish" filmida esa inson buning uchun nimalardan o'tishi mumkinligi mahorat bilan tasvirlangan.

Bosh qahramonning xona eshiklarini qulflab, baland ovozda musiqa qo'yish sahnasi — shedevr. Unda asosiy mavzu erkinlik, asosiy g'oya esa shu erkinlikka olib boruvchi yo'lda inson qanday matonat, iroda ko'rsata olishi deb hisoblayman.
"Oppengeymer"
"Oppengeymer" men uchun 2023-yilning eng yaxshi filmi bo'ldi. Qaysidir olimning biografiyasidan uch soatlik film ishlash va uni yilning eng kassabop filmlaridan biriga aylantirish uchun inson Nolan bo'lishi kerak, menimcha.

Film bizga dunyodagi eng dahshatli qurollardan biri qanday ishlab chiqilgani, o'sha davr va jamiyat, siyosatdagi chirkinlik hamda, eng asosiysi — nima uchun iqtidorli va bilimli insonlar hukumat qo'lida ishlashi fojiali oqibatlarga olib kelishi haqida gapiradi. Nafaqat mazmuni, umuman filmning barcha ijodkorlari ishi juda yaxshi bajarilgani bilan bu kino sizga albatta yoqadi deb o'ylayman. Robert Dauni ijro etgan roli va film uchun bastalangan musiqalar uni yanada bezagan. Filmda maxsus effektlardan foydalanmaslikka harakat qilingani esa alohida mavzu (axir bu Nolan!).

Har qanday filmdan tomoshabin o'ziga turfa xulosalar olishi, filmda boshqalar ko'rmagan o'zgacha mavzularni ko'rishi ko'rishi mumkin. Men iqtidorli insonlarning hukumat qo'lida ishlashi qanday oqibatlar keltirib chiqarishi "Oppengeymer"ning asosiy mavzusi deb o'ylayman. Vijdon azobi, voqealar rivoji inson ixtiyoridan tashqari ekani ham film g'oyasi markazida turadi.

Tavsiya yozayotgan vaqtim xayolimga birinchi kelgani shular bo'ldi. Biri 2023-yilgi, yangi film va uni yaqinda ko'rganman. Ikkinchisi esa menda eng yorqin taassurot qoldirgani uchun birinchilardan bo'lib xayolimga kelgan bo'lsa kerak.
"Kakku uyasi uzra parvoz"
Gulira'no Musayeva tavsiya qiladi
jurnalist
Milosh Formanning "Kakku uyasi uzra parvoz" filmi ijtimoiy notenglikka e'tibor qaratuvchi psixologik dramadir. U har kimga avvalo inson sifatida munosabatda bo'lish kerakligini uqtiruvchi, ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi aqlbovar qilmaydigan voqealarni ochib beruvchi film. Ammo mening eng yoqtirgan filmlarim orasida ekanligining sababi bugina emas, hamma gap uning nimkosasida. Filmda tizimni o'zgartirish, erkka intilish bilan birga, mustabidning standartlariga bo'ysunmaydiganlarning individualligini yo'qotishga urinish aks etadi go'yo. Qolaversa, birgina shaxs o'ziga xosligining chiqitga chiqarilishi ko'pchilik taqdiriga ta'sir qilishi mumkinligiga ham ishora qilinadi.

Unda hayotga tashnalik va hafsalasizlik, intilish va qo'l siltash yonma-yon keladi. Shifoxona — davlat, bemorlarni esa xalq deb oladigan bo'lsak, ular orasida, sog'dek ko'ringanlar aslida naqadar telbaligi, ba'zilarga esa, aksincha, telbanamo yashash ma'qulligi, kimlardir o'zini soqovga solishiga guvoh bo'lasiz. Qoyilmaqom psixologik rollari bilan ma'lum Jek Nikolson gavdalantirgan qahramon, filmda dastlab qoidalar asosida nimalarnidir o'zgartirmoqchi bo'ladi, ovoz berish, murosa yo'llarini sinab ko'radi. Befoydaligini tushunib yetgach esa boshqacha yechim topmoqchi bo'ladi.

Rejissor ta'biri bilan aytganda Sovet ittifoqining metaforasi bo'lgan "psixushka"da ham Oruellning tillarga doston, hammani kuzatib, nazorat qilib turadigan "katta og'a"si singari obraz — hamshira Ratched bor. U tartib-qoidalarga bo'ysunmaydiganlarni, isyonkorlarni yoqtirmaydi, ularning tanobini tortib qo'yadi. Yengil jazo emotsional manipulyatsiya, tabletka va shok terapiyasi bo'lsa, oliysi tafakkurga hujum — lobotomiya, "sabzavotlashtirish"dan iborat bo'ladi.
"Diqqat markazida"
Spotlight (2015)
Tom Makkartining "Diqqat markazida" filmi jurnalistika idealda qanday bo'lishi kerakligini ko'rsatib beradi. Real voqea, Pulitser mukofotiga loyiq topilgan surishtiruvga asoslangan mazkur film katolik cherkovidagi axloqsizlik — pedofiliya jinoyatiga doir kirdikorlarini fosh etadi.

Murg'ak bolalarning hayoti toptalgani, din niqobi ostidagi jirkanchliklarga guvoh bo'larkansiz, bo'g'zingizga nimadir tiqiladi. Shu bilan birga, hozir ham boshqa bir mamlakatda zo'rlanish va xo'rlanishlar bilan bog'liq shu kabi holatlar yuz berishi mumkinligi, bosti-bosti bo'lib ketishi mumkinligini o'ylab, dahshatga tushasiz.

Tomosha davomida surishtiruvga asos bo'lgan voqeani nafaqat siz yashaydigan mamlakat, balki butun sayyoradan daf bo'lishini, The Boston Globe jurnalistlaridagi professionallikni esa, imkoni bo'lsa, kargo qilib, o'z yurtingizga keltirib olishni istaysiz. Xullas, bu insoniylik va kasbga doir tushunchalarni filtrdan o'tkazishga undaydigan film.
Tavsiyalarni Gulira'no Musayeva to'pladi.
"Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Қизиқарли нарсаларни биласизми? У ҳақида бошқаларга айтиб бермоқчимисиз? Ўз ҳикоянгизни sp@gazeta.uz электрон манзилига юборинг.