Foto: Muxiddin Ali
DJ Piligrim: Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?
O‘zbekistonda futbolni sevishadi va ko‘pchilik bolaligidan sevimli jamoasini tanlab, unga ishqibozlik qiladi. Musiqachi Ilhom Yo‘lchiyev (DJ Piligrim) “Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?” loyihasi doirasida nega “Barselona” ishqibozi ekanligi va “Real Madrid”
muxlislari orasida “Barsa” kiyimida o‘tirish qandayligi haqida gapirib berdi.

Intervyu 2021-yil 18-noyabr kuni o‘tkazilgan

2009-yildan beri “Barselona”ga muxlislik qilaman. O‘shanda Moskvadagi Monolit Records leyblida ishlardim va kechqurunlari televizorda futbol tomosha qilardim. “Arsenal” — “Barselona” o‘yinini yaxshi eslayman, kataloniyaliklar londonliklarni shunchaki yanchib tashlashgandi. O‘shanda o‘zimga yoqadigan futbolni ko‘rdim va hayratda qoldim, sevib qoldim. Hattoki oradan bir qancha vaqt o‘tib sevimli klubimning madhiyasiga remiks yozdim.
“Barselona” ortidan butun dunyoni kezib chiqdim
Jamoada qoyilmaqom yigitlar yig‘ilgan edi. Professionallar, sehrgarlar, faylasuflar, afsungarlar va daholar. Yarim himoyada Inyesta, Messi va Xavi triosi mo‘jizaviy ishlarni amalga oshirardi. Va men: “Bo‘ldi, “Barselona”, ​​men abadul-abad senikiman!”, dedim.

“Barselona”ning 2008-2011-yilgi Pep Gvardiola davridagi o‘yinini quyidagicha tavsiflash mumkin: yaratish, maydonda hukmronlik qilish va o‘yinni nazorat qilish, ajoyib o‘yin ko‘rsatish va raqibning faol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik.
реклама
реклама
“Barsa”ning 2011-yildagi barcha 11 nafar asosiy tarkib o‘yinchisi mening sevimli futbolchilarim hisoblanadi. Bu ideal jamoa edi, har kim o‘z pozitsiyasida eng zo‘ri edi. Keyinchalik ko‘plab klublar va terma jamoalar o‘sha yilgi “Barsa” futbolini o‘z o‘yinlariga tadbiq qilishdi.

Gvardiola davrida jamoa ortidan men haqiqatda butun dunyoni kezdim: Portugaliya, Monako, Fransiya, Madrid, Germaniya. Chunki men “kule” (Barselona muxlisi — tahr.), fan-klub aʼzosiman. Biz klub qo‘shiqlarini kuylardik, bayroqlarni hilpiratardik. Sevimli jamoamni qo‘llayman deb o‘nlab holatlarda ovozimdan ayrilganman.
Lekin so‘nggi uch yil davomida “Barsa”ning o‘yinini ko‘zimni yumib kuzatib keldim. Yuragimni ushlab, og‘ir nafas olib, o‘zimni yomon his qilib futbol ko‘rardim. Bir qancha vaqt klubimizni unchalik vijdonli bo‘lmagan odamlar boshqardi. Sobiq prezident Bartomeu (men uni Barmaley deb atayman) ko‘p pullarni o‘g‘irladi, noto‘g‘ri transferlarni amalga oshirdi va hozirgi prezidentga faqat muammolarni qoldirdi: moliyaviy inqiroz, qarzlar.
“Barselona”ning mag‘lub bo‘lish u yoqda tursin, durang o‘ynashga ham haqqi yo‘q
Turmush o‘rtog‘imga qasam ichib: “Boshqa muxlislik qilmayman, fan-klub aʼzoligini cho‘zdirmayman, bitta ham futbolka yoki paypog‘ini sotib olmayman, o‘yinlarini ham ko‘rmayman”, degan paytlarim bo‘lgan. Kimlar ustimdan kulmadi, kimlar bizga tupurmadi, kimlar omadsizliklarimizga bigiz qilib ko‘rsatmadi, lekin baribir klubga xiyonat qilmadim va hech qachon xiyonat qilmayman. Yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham sevimli klubing bilan birga bo‘lishing kerak. Haqiqiy muhabbatni soxtasiga almashtirib bo‘lmaydi.

Klubning muammolari o‘zi bilan, falsafasi bilan bog‘liq emas edi. Muammo boshqaruvdagi odamlarning noto‘g‘ri ishlar bilan shug‘ullanganliklari va klubning DNKsiga xiyonat qilganliklarida edi.

“Barselona” muxlislari “Real”ni yoqtirmaydi. Bu abadiy qarama-qarshilik, ikki xil falsafa. “Real Madrid” — har qanday yulduzni pulga sotib oladigan qirollik klubi. U individual shaxslardan iborat bo‘lib, jamoadagi har bir o‘yinchi 2-5 daqiqada o‘yin natijasini bir o‘zi hal qila oladigan super yulduz hisoblanadi. “Barselona” esa klubdan kattaroq – bir oila misoli. Ular maydon tashqarisida ham o‘zlarining ijtimoiy faolligi, xayriya ishlari, imkoniyati cheklanganlarga yordam ko‘rsatishi bilan namuna bo‘lmoqda. “Barsa” – butun boshli madaniyat.

“Real”ga qarshi o‘yinlarda ketma-ket to‘rtta mag‘lubiyatga uchragandik, bu juda alamli bo‘lgan edi. “Barselona” futbolchilarining mag‘lub bo‘lish u yoqda tursin, durang o‘ynashga ham haqqi yo‘q. Ular har doim 3 yoki 5 ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishlari va o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qolishlari kerak.
Hozir klub rahbariyati o‘zgardi va biz inqirozdan chiqib ketyapmiz. Biz afsonalarni, “Barselona” DNKsi bo‘lgan odamlarni taklif qildik. Bu DNK - “La Masiya”da (“Barselona” bolalar futbol maktabi) o‘qitiladigan klub falsafasi. Bu yerda bolalarga chempionlik va yetakchilik tuyg‘ulari singdiriladi. Bu maktabning 16-18 yoshli yigitlari allaqachon 30 yoshli professionallardek o‘ynashadi. Do‘stlar, tomosha qiling, bizda yangi davr. Yangi “Barsa”ning yangi davri!

Ishonchim komilki, bosh murabbiy Xavi kelishi bilan butun jahon “Barsa” dunyodagi eng zo‘r klub ekanligini ko‘radi. Ishonchim komilki, yaqin kelajakda biz barcha trofeylarimizni qaytarib olamiz. Xavi klubga qaytganidan hamma xursand bo‘ldi. Chunki “Barsa” ko‘rsatayotgan futbol ajoyib, u sizni o‘ziga rom etadi. Bu aql futboli emas, qalb futboli.

Asosiy ishim tufayli har doim ham o‘yinni to‘liq ko‘rishga ulgurmayman, lekin kuzatishga harakat qilaman. Kataloniya dam olish kunlari elektr energiyasini tejaydi, shuning uchun “Barselona” kunduzi o‘ynaydi. Bu vaqtda Toshkentda soat 20:00 bo‘lib, men esa sahnada bo‘laman. Telefonimni yoqaman va hisobni kuzatib borish uchun uni yaqin joyga qo‘yaman. Internet orqali o‘yinlarni bemalol tomosha qila olaman.
Mendan 20 metr narida Lionel Messi ikkita gol urdi, mening ustimdan esa pivo quyishgan, sigaret qoldiqlarini ustimda o‘chirishardi, “Real” bayroqlari bilan urishardi.
Kichik o‘g‘lim futbolga qiziqmaydi. Ota-onam ko‘nikib ketishgan, turmush o‘rtog‘im ham. U inson o‘z hayotiga, oilasiga, bolalariga ko‘proq vaqt ajratishi kerak deb hisoblaydi, lekin men allaqachon “Barsa”ga “kasal” bo‘lganman, shuning uchun meni kechir, azizam, lekin men umrim oxirigacha “Barsa” ishqiboziman.

Odamlar butun umri davomida El Klasikoni (“Real Madrid” va “Barselona” o‘rtasidagi o‘yin) jonli tomosha qilishni orzu qiladi. Men oltita El-klasikoda bo‘lganman, to‘rttasida g‘alaba qozonganmiz, bittasida durang o‘ynaganmiz, bittasida mag‘lub bo‘lganmiz.

Eng esda qolarli “El-Klasiko”lardan biri 2011-yilning 2-aprelida bo‘lib o‘tgan. Ushbu Chempionlar ligasi doirasidagi o‘yinda “Barsa” madridliklarga qarshi o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘shanda “Real Madrid” fan-klubi tribunasida “Barselona” libosida o‘tirgandim. Mendan 20 metr narida Lionel Messi ikkita gol urdi, mening ustimdan esa pivo quyishgan, sigaret qoldiqlarini ustimda o‘chirishardi, “Real” bayroqlari bilan urishardi. Keyin zirhli va avtomatli to‘rtta gvardiya xodimi meni o‘zlari bilan o‘rab, olib chiqib ketishdi. Men esa baqirardim: “I am sorry. Russo turisto, I am sorry” (Kechirasiz. Men rus turistiman). Bu videoni Kataloniyadagi qaysidir restoranda ko‘rsatsam, ular mendan pul olishmaydi, men bilan suratga tushishadi.
реклама
реклама
Futbol — bu faol shaxmat, zamonaviy gladiatorlar jangi. O‘yin orqali erkaklar stadionda va televizor ekranlarida barcha salbiy hissiyotlarini sochadilar. Futbol teatr kabi go‘zal va taʼsirchan bo‘lsa, u hayotga aylanadi.

Futbolchilarning qayerdanligi, kim ekanligi muhim emas. Biz barchamiz diniy yoki irqiy mansubligimizdan qatʼi nazar insonlarmiz, hammamizning ichimizda bir ruh bor. Uning nomi esa sevgi. Va bu sevgi menda 14 yildan beri yashaydi. Visca el Barca i visca Catalunya (Yashasin “Barsa”, yashasin Kataloniya).
Matn: Davlat Umarov
Fotosuratlar muallifi Muxiddin Ali, DJ Piligrim.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.