Foto:Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Dmitriy Povarov: Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?
O‘zbekistonda futbolni sevishadi va ko‘pchilik bolaligidan sevimli jamoasini tanlab, unga ishqibozlik qiladi. Jurnalist Dmitriy Povarov “Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?” loyihasi doirasida ushbu sport turiga qanday mehr qo‘ygani, nega Markaziy Osiyoda Yevropa futboli ishqibozlari ko‘pligi va futbol dunyoni qanday birlashtirgani haqida gapirib berdi.
Sovet davrida tug‘ilgan odam uchun futbol bolalikdanoq qiziqarli voqelik bo‘lib kelgan. Maktabning birinchi yillaridanoq futbol yoki xokkey haqida his-tuyg‘ularga berilib muhokamalar qilardik. O‘zbekistonda futbol muxlislari ko‘proq edi.

Bu muhabbatga har kim turlicha yo‘llar bilan keladi. Men uchun bu 1982-yilda, 12 yoshdaligimda sodir bo‘lgan. Ilk marotaba Ispaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatini tomosha qilganman. Fransiya va Germaniya o‘rtasidagi yarim final o‘yini kechagidek esimda. Nemislar 1:3 hisobida yutqazayotgandi va hamma Fransiya keyingi bosqichga chiqadi deb o‘ylardi. Ammo Germaniya hisobni tenglashtirib, 3:3 ga yetkazdi. Bir payt FRG darvozaboni Toni Shumaxer oyoqlari bilan Patrik Battistonning “hayotiga nuqta qo‘yishi”ga sal qoldi (Patrik Battiston Shumaxerga urilib, hushini yo‘qotadi). Uning hayoti xavf ostida edi. O‘shanda Shumaxer sariq kartochka ham olmagandi, hozir esa o‘yindan chetlatilardi.
Har hafta chiqadigan “Futbol-Xokkey” gazetasi kiosklarda qolmasdi. 1986-yilgi Jahon chempionati uchun men uni kutubxonadan o‘g‘irlaganman
Bu shunday hissiyotlarga boy o‘yin ediki, meni o‘ziga ohangrabodek tortardi. Bolalikda sizga nima kerak? Albatta, badiiy adabiyot va filmlarga teng keladigan go‘zal, juda yorqin va maroqli hikoya bo‘lishi kerak. O‘shanda baʼzi o‘yinlar zerikarli, 0:0, gohida chidab bo‘lmas va tomosha qiladigan narsasi yo‘q o‘yinlar ham bo‘lishini hali bilmas edim, lekin bu men uchun boshlang‘ich nuqta edi. Shu tariqa futbol muxlisiga aylandim.
реклама
реклама
Bolaligim Samarqandda o‘tgan. O‘shanda futbol haqida maʼlumotlar juda kam edi. “Futbol-Xokkey” haftalik gazetasi chiqar edi, uning narxi 15 tiyin, lekin uni kiosklardan sotib olish deyarli imkonsiz edi. Kiosk xodimi gazetani ashaddiy muxlislar uchun saqlab qo‘yardi, menga o‘xshagan bir g‘o‘r bola kelib so‘rasa, “Yo‘q” degan javobni olardi. Shu darajaga bordi-ki, 1986-yilgi Jahon chempionati uchun kutubxonadan ushbu gazetani o‘g‘irlaganman.

Futbolga statistik maʼlumotlar orqali qiziqib qoldim va bu meni o‘ziga rom etdi. O‘z jamoamni, xayoliy mamlakat chempionatini tuzardim. Bu meni “kim gol urdi”, “qaysi daqiqada”, “qachon” kabi masalalarda bilimdonga aylantirdi. Kelajakda bu menga futbol viktorinalarining ishqibozi sifatida qo‘l keldi. Ammo o‘shanda bu turli xil markalar va yorliqlarni yig‘ish o‘rniga edi.
Sovet bolasi 1987-yilda “Chelsi” haqida nimani bilishi mumkin edi?
O‘sha paytlarda futbol bo‘yicha bir yillik maʼlumotnomalar ham yil yakunlari bo‘yicha nashr qilinardi. Ularni ham topish amri mahol edi. Ota-onam bilan Ittifoq mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilganimizda, doimo shunday maʼlumotnomalarni sotib olardim. Bu men uchun topilma edi. Ko‘proq g‘arb futboli haqida o‘qirdim.
Sovet davrida tug‘ilgan, hozir 50 yoshdan oshgan odamlar bolaligidan qaysidir g‘arb klubiga muxlis bo‘lganini aytsa, buni tasavvur qila olmayman. 90-yillarning o‘rtalarigacha g‘arb klubining o‘yinini o‘z ko‘zi bilan yoki hech bo‘lmaganda televizorda ko‘rish mumkin edimi?

Men o‘zim “Chelsi” o‘yinining translyatsiyasini birinchi marta qandaydir qisqa tutashuv tufayli ko‘rib qolganman. Filologiya fakultetining birinchi kursida o‘qirdim. Samarqandda yashardim, go‘yoki tabiat hodisasi menga qandaydir sovg‘a yuborgandek bo‘ldi. Televizorda qisqa tutashuv yuz berdi va birdan Eron yoki Afg‘oniston kabel kanalida ketayotgan Angliya Premer-ligasi translyatsiyasi yoqilib qoldi. Hayratlanib, ekranga mixlandim. Translyatsiya bir-ikki soat davom etdi. So‘ngra g‘oyib bo‘ldi. Ertasi kuni, balki yana ko‘rsatishar, degan umidda televizorni yoqib qo‘ydim, lekin kutganim amalga oshmadi. Shu bilan translyatsiya qaytmadi.
“Sen xuddi “Tottenxem” kabisan, yuqori cho‘qqilarni ham zabt etmading, pastga ham tushib ketmading, — arosatda qolib ketgansan”
1982-yilgi jahon chempionatida Shimoliy Irlandiya terma jamoasi juda yaxshi o‘ynadi. Ularning tarkibida darvozabon Pat Jennings bor edi. U irlandlar uchun juda ramziy o‘yinchi hisoblanardi. U o‘shanda “Tottenxem” klubi darvozasini qo‘riqlardi. “Tottenxem” so‘zida qandaydir joziba, g‘ayrioddiy narsani ko‘rdim.

Keyinroq sport jurnalisti Frenk Teylorning “Professionallar” kitobida “Tottenxem” haqida o‘qidim. Unda professionallik nuqtai nazaridan futbolda pul ishlash yomon ekani haqida gapirilardi. O‘shanda barcha bir million funtga sotib olingan futbolchining transferini muhokama qilishardi va bu qandaydir kosmik darajadagi narx ekanligi aytilardi. “Ey xudo, buyog‘i qanaqa bo‘ladi?”, — deb savol berardi ushbu kitob muallifi.

“Tottenxem”ni kuzatishni boshladim. Bu klub “Bryuggeda yashirinish” filmida ham istehzoli tarzda yoritilgan edi: “Sen xuddi “Tottenxem” kabisan, yuqori cho‘qqilarni ham zabt etmading, pastga ham tushib ketmading, — arosatda qolib ketgansan”. Mana shu doimiy arosatdagi holat meni o‘ziga tortgan bo‘lsa kerak.
Ispaniyada “Real Madrid”ni, Germaniyada Dortmundning “Borussiya”sini qo‘llab-quvvatlayman. Fransiya chempionatini esa tomosha qilmayman. Yoshligimda Italiya chempionati juda yopiq edi: katenachcho va shunga o‘xshash narsalar.

Germaniyaning “Xoffenxaym” klubi haqida qayg‘urgan paytlarim ham bo‘ldi, chunki klubning pastdan yuqoriga yoki aksincha tepadan pastga sho‘ng‘ishi har doim hayajonli va qiziqarli hodisadir. Balki men futbolni sport ruhida tomosha qilmasman va shu jihatim bilan boshqalardan ajralib turarman. Bu hayotning qandaydir ichki hissiyotlari orqali sodir bo‘ladi, har holda futbol ham hayotning bir qismi-ku.

Toshkent, Olmaota yoki Dushanbedagi odamlar g‘arb klublarini chiroyli o‘yin sababli qo‘llab-quvvatlaydilar. Biz g‘arb filmlarini, adabiyotini yaxshi ko‘ramiz, garchi bu bizning mentalitetimizga mos bo‘lmasa ham. Albatta, biz bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan syujetlar va hikoyalar ham mavjud. Lekin baribir u biroz boshqacha tilda yoziladi. Biz hammamiz bir dunyo odamlarimiz, futbolda bo‘lgani kabi.
Mening professional va shaxsiy hayotim futbol bilan uyg‘unlashganidan baxtiyorman. Ikkita jahon chempionati, bitta Yevropa chempionatida qatnashishga muvaffaq bo‘ldim.

JCH-2018 da aslida hech narsani hal qilmagan Kosta-Rika va Braziliya o‘rtasidagi uchrashuvda braziliyalik muxlislar sektorida bo‘ldim. Men o‘yindan zavq olayotgan muxlislar olomonida edim. Bu kayfiyat metrodagi eskalatorlar va vagonlardan boshlanib, stadionga kirishgacha davom etgan edi. Gol urilishi bilanoq boshimga pivo chelagi tushib ketdi. Braziliyalik muxlislar orasida bo‘lganda o‘zingni “Marakana”da (Braziliyadagi stadion) o‘tirgandek his qilasan.

Rossiyadagi 2018-yilgi Jahon chempionati
Foto: Dmitriy Povarov
Umuman olganda, jonli o‘yinlar juda hayajonli va odamga ko‘p ehtiroslar bag‘ishlaydi. Masalan, 2006-yil Germaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida sovuqqon deb hisoblangan nemislar Myunxen metrosini larzaga solishgandi. Butun fan-zona plastik stakanlar bilan to‘lib ketgan edi. Shu bilan birga, qandaydir ommaviy janjallar bo‘lmagan. Tartib bor edi.

2018-yilda Rossiyada, politsiya nazoratini hisobga olgan holda, ehtiroslarning alangalanishi qiyin edi. Rossiyadagi jahon chempionati haqida nima deyishmasin, u juda yaxshi tashkil etilganligini ayta olaman. O‘shanda Rossiya haqiqatdan ham juda katta mehmondo‘st mamlakatga aylangan edi.

Futbolga qandaydir drama sifatida qaramaslik kerak. Bu oddiy o‘yin va 90 daqiqadan keyin hammasi tugaydi. Biz esa baʼzan bahslashishda davom etamiz. Ammo bir-birining oyoq va qo‘llarini sindirishga tayyor bo‘lgan odamlar hushtak chalingandan keyin hamma narsani unutishadi, to‘g‘ri kamdan-kam vaziyatlarda jiddiy holatlar ham sodir bo‘ladi. Bu 90+ daqiqalar hissiyotlarni chiqarish uchun bir vaqt.
Uchrashuvning natijasi o‘zingni qanday tutishing, qaysi oyoq bilan turganing, sharf, futbolka yoki futbolkani qanday kiyganingga bog‘liqdek tuyuladi
реклама
реклама
Har qanday muxlisning o‘z klubi bilan alohida munosabati bo‘ladi. Masalan, Pochettino bosh murabbiylikdan ketganidan so‘ng “Tottenxem” yoki elitaga sakrashi yoki pastga tushishi kerak edi. So‘ng klub yutqazishni boshladi. Avvaliga o‘yinlarni tomosha qilmasam, “Tottenxem” yaxshi o‘ynaydi, deb o‘yladim. Men o‘yinlarni tomosha qilishni to‘xtatdim va ular haqiqatdan ham yaxshi o‘ynay boshladi. Lekin bu shunchaki kuchsiz jamoalarga qarshi o‘yinlar edi. Keyin esa “Liverpul”ga qarshi o‘yinni tomosha qildim, “Tottenxem” mag‘lub bo‘ldi. O‘shanda o‘zimga o‘yinni tomosha qilganim uchun mag‘lub bo‘ldik, deb aytdim. Keyin o‘yinni internetda kuzatib borishga qaror qildim, ammo bu ham yordam bermadi, natijalar turlicha edi.

Menimcha, mana shu muxlislarning munosabati bo‘lsa kerak. O‘yinga mukkasidan ketasan va har xil taskinlarni o‘ylab topasan, sening hatti-harakatlaring o‘yin natijasiga taʼsir qiladigandek, bu klub o‘yinining bir qismidek tuyuladi. O‘zingni klubdan ajralmasdek his qilasan, go‘yo bu g‘ayritabiiy metafizika bilan bog‘liq, bu qaramlikka o‘xshaydi. Bunday muxlislar o‘yin voqealari o‘zlari atrofida sodir bo‘lishiga ishonadi.
Messining obrazi xuddi futbol Masihidek
Sportda omad va belgilarning o‘z o‘rni bor. Masalan, Denis Kazanskiy Rossiya terma jamoasining Xorvatiyaga qarshi o‘yinini sharhladi. Hamma Kazanskiy omadsiz, shuning uchun ham Rossiya yutqazdi, deb yozdi. Bunday lotereyalik faraz har qaysi o‘yinda mavjud.

Menga hayotida qandaydir burilish nuqtalari bo‘lgan futbolchilar yoqadi. Messi va Ronaldu o‘rtasidagi dilemmada men Ronalduni tanlayman. U yaxshiroq o‘ynagani uchun emas. Messi har doim ijobiy kayfiyatda, u xuddiki futbol Masihi obrazida. Ronaldu esa doim qandaydir allambalo voqealarga aralashib yuradi, ajabtovur iboralarni aytadi, lekin shunga qaramay u tirikroq ko‘rinadi. Uning javoblarini telefondagi Alisa javoblari bilan solishtirish mumkin. U baʼzida bemaʼni gaplarni aytadi, faqatgina tirik insongina gohida safsata gaplarni aytishi mumkin.

Men Diego Maradonani stereotiplar va qoliplarni buzgan odam sifatida ajratib ko‘rsatishim mumkin. U hech qachon matbuotni ham, o‘zini ham, hech kimni zeriktirib qo‘ymasdi. Ha, bularning barchasi kokain yo‘laklari va Belarusdagi klub bilan bog‘liq so‘nggi voqealar bilan aralashib ketadi. Ammo arman radiosida aytilganidek, biz uni buning uchun emas, balki qoliplarni buzganligi, oddiylikdan ustun bo‘lganligi uchun yaxshi ko‘ramiz. Meni Messidek ilohiy o‘yinchilardan ko‘ra, taqdiri chigal futbolchilar ko‘proq hayratda qoldiradi.
Диего рукотворный
Dmitriy Povarov kolonkasi
Futbol dunyoning global ekanligini ko‘rsatib beradi. Myunxendagi metroda ketayotganimda qaysi bekatda tushishim kerakligi yodimdan chiqib qolganini eslayman. Unchalik yaxshi bo‘lmagan chet tilim bilan odamlardan so‘radim. Va birdan ruscha aksentli ovoz yo‘lni tushuntirib, meni qayerdan ekanligimni so‘ray boshladi. Toshkentdan ekanligimni bilgach, Toshkentda ko‘rgazma tashkil etuvchi kompaniya egasining ism-familiyasini aytdi.

Myunxenda londonlik va toshkentlik bir vagonda uchrashib, ularning O‘zbekistonda ishlovchi umumiy tanishlari borligi maʼlum bo‘lsa, bu futbol aslida butun borliq miqyosidagi bayram ekanidan dalolat beradi. Futbol tufayli Vladimir Maslachenko bilan tanishganman va u bilan gaplashganman. Yoki Myunxenda Vasiliy Utkin bilan ko‘rishib qolib, u bilan birga barga borganman. Metro vagonining modeli — bu globallashuv konsentratsiyasi, u biz intilayotgan ochiq dunyoni ifodalaydi.

Albatta, O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatida ko‘rishni istardim. Bu butunlay samimiy istagim. Jahon chempionatiga chiqsak, u yerga borish uchun imtiyozlarimiz bo‘lardi – muxlislar jamoasini yig‘ib, O‘zbekistonni chinakam ko‘p millatli mamlakat aholisi qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatardik.
Matn: Davlat Umarov
Fotosuratlar muallifi Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting