Foto:Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Kirill Altman: Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?
O‘zbekistonda futbolni sevishadi va ko‘pchilik bolaligidan sevimli jamoasini tanlab, unga ishqibozlik qiladi. Jurnalist Kirill Altman “Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?” loyihasi doirasida nega O‘zbekistonda mahalliy klublarga muxlislik qilinmasligi va futbolda oddiy hisobdan ko‘ra nima jozibaliroq ekanligi haqida gapirdi.
Men 1994-yildan futbol tomosha qilishni boshlaganman. Maktab davrida hamma ikkita jamoaga muxlislik qilardi: “Real” yoki “Manchester Yunayted”. O‘sha paytlarda hatto “Barselona” ham unchalik mashhur emas edi. Men “Real” ishqibozi edim. O‘shanda Raul va Moryentes avlodi del Boske boshchiligida maydonga tushardi. 2003-yilda del Boske murabbiylikdan ketganidan so‘ng men ularni kuzatishni to‘xtatdim.

Biroz vaqt o‘tgach, Londonning “Arsenal” jamoasiga qiziqishni boshladim. Aniq asos yo‘q edi, lekin o‘shanda Vengerning umidli yoshlari yetishib chiqqa boshlagan edi (Arsen Venger — murabbiy): Fabregas, Uilsher, Rasiski, Van Persi. Bu yigitlar shunchalik aqldan ozdiradigan va yoqimli futbol o‘ynashardiki, men 15 yilga ushbu klubga mahliyo bo‘lib qoldim.
Bizni barga kiritishni xohlashmasdi, chunki muxlislar stollarni sindirishardi. Hozir, albatta, men bu vahshiylik ekanligini taʼkidlayman.
2009-yili Amerikadan qaytdim va Toshkentdagi “Arsenal” muxlislari guruhiga qo‘shilib qoldim. Ular hatto rasmiy fan-klub maqomini olish uchun ham ariza berishgan edi. Biz har hafta 25-30 kishilik guruh bo‘lib, har xil barlarga borardik, baqirardik, “We love you Arsenal, we do” deb qichqirardik.

Fan-klub bilan birga yig‘iladigan paytlarimiz juda ajoyib damlar edi. Men uzoq vaqtdan beri bunday his-tuyg‘ularni boshdan kechirmayapman. Adashmasam, biz Premier Lounge‘da yig‘ilardik, lekin bizni ichkariga kiritishni xohlamasdilar, chunki muxlislar stollarni sindirishardi. Hozir men bu vahshiylik ekanligini taʼkidlayman, albatta. Men hech nimani sindirmasdim, lekin boshqa yigitlar hammasini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishardi, ayniqsa g‘alabadan keyin mag‘lubiyatdan ko‘ra ko‘proq narsalar sinardi.
реклама
реклама
“Arsenal”ga muxlislik qilishni boshlaganimning birinchi yilidayoq jamoa ligadagi birorta o‘yinda mag‘lub bo‘lmasdan, mashhur Oltin dublni qo‘lga kiritdi. Ammo shundan keyin muammolar boshlandi. Yildan-yilga odamning hafsalasi pir bo‘lib boraverardi. Har yili qandaydir bemaʼni hodisalar ro‘y berardi, bir mavsumda besh-oltita shunday umidsizlik holatlari bo‘lardi. “Arsenal” birinchi bo‘limda 4:0 hisobida g‘alaba qozonishi, keyin esa yutqazishi yoki durang o‘ynab qo‘yishi mumkin edi. Chempionlar ligasining nimchorak finallarida doim chiqib ketishardi. Jamoani shunchaki tor-mor qilishardi, “Bavariya” ularni uch marta yer tishlatgan.

Biz unchalik zavq olmay qo‘ydik. O‘sha paytda, hatto “abadiy to‘rtinchi o‘rin” haqidagi mem ham tug‘ildi, aslida esa buning hech qanday asosi yo‘q edi. Klub faqatgina ikki yoki uch marta to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Bungacha “Arsenal” oltinchi, uchinchi, ikkinchi o‘rinlarni egallagandi.

“Arsenal”ning o‘yini asta-sekin turg‘unlashdi, murabbiy Venger har doim bitta narsani qaytarardi, ammo hech narsa o‘zgarmasdi. Bu juda uzoq va qiyin davr edi. Va keyin futbol menga zavq bag‘ishlamay qoldi.
Har safar “Arsenal” futbolchilari maydonga tushganda, men qo‘rqardim
Vengerning ketishini kutmay 2018-yilda “Arsenal” bilan xayrlashdim, chunki besh-olti yildan beri menda hech qanday his-tuyg‘ular qolmagandi. Men vaqt o‘tib “Arsenal”ga qiziqishni to‘xtatgan juda ko‘p odamlarni bilaman. Ammo hozir muammolar girdobida qolgan “Manchester Yunayted”ni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganlar ham bor. Lekin “Arsenal” muxlislarining azobi 10 yil oldinroq boshlangan.

Biroz vaqt futbolni kuzatishni to‘xtatdim. Ammo 2019-2020-yilgi mavsumda “Bavariya” meni o‘ziga rom etdi. O‘sha paytdagi murabbiy Nik Kovach o‘z intervyularidan birida shunday degan edi: “Siz faqatgina 100 km/soat tezlikda yurishga qodir bo‘lsangiz, avtobanda 200 km/soat tezlikda harakatlana olmaysiz”. U ishdan bo‘shatilganidan so‘ng, uning yordamchisi Xansi Flik murabbiy etib tayinlandi va yangi o‘yinchilarsiz, xuddi shu tarkib bilan Bundesliga (Germaniya chempionati) kubogini qo‘lga kiritdi, “Barselona”ni tor-mor qildi va Chempionlar ligasida g‘olib bo‘ldi. Va men bu jamoani yoqtira boshladim. O‘sha mavsumdan beri “Bavariya”ning yangi muxlisi bo‘ldim.
Agar O‘zbekiston klublari haqiqiy his-tuyg‘ularni ulashganida, bizda ham muxlislar olomoni bo‘lardi
“Bavariya”da menga futbolchilar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik yoqadi, har bir bo‘g‘inda ajoyib professionallar o‘ynaydi. “Arsenal”dan keyin bu juda katta farq edi. Har safar “Arsenal” futbolchilari maydonga tushganda, men qo‘rqardim.

2020-yilda Germaniyaga borib, “Bavariya” o‘yinini jonli ravishda tomosha qilishni rejalashtirgandim, ammo pandemiya boshlanib qoldi. Keyin sayohat qilish uchun kerakli vaksina bilan emlandim, menda Shengen vizasi ham bor, lekin hozir Germaniyaga kirish qiyin. Eng katta orzuim – “Bavariya” g‘alaba qozonadigan Chempionlar ligasi finalini tomosha qilish.
Futbol – bu tomosha va eng avvalo hissiyotlardir. O‘zbekistonda haqiqiy his-tuyg‘ular ulashadigan klublar bo‘lganida, bizda ham muxlislar olomoni bo‘lardi.

Ha, Namanganda “Navbahor” bor. Viloyatlarda futbol ko‘rishga kelishadi, “Paxtakor” o‘yinlariga besh-olti ming odam yig‘ilsa kerak. Shunchaki, bizda chempionat qanday o‘ynalishini hamma tushunadi. Qandaydir xayolparastlikda yashaydigan odamlar ham bor, ular nimadir sodir bo‘ladi, deb o‘ylaydi.

Lekin aslida O‘zbekiston chempionati dahshatli botqoqlik. Men har qanday klubga, jumladan “Paxtakor” yoki “Bunyodkor” bo‘ladimi, muxlislik qilardim. Ammo ularning o‘yinini tomosha qilish unchalik qiziq emas. Yevropa futbolida esa qandaydir tomoshani ko‘rasiz. “Arsenal” qanchalik yomon o‘ynamasin, hech bir mahalliy klub bunday o‘yinni ko‘rsatib bera olmaydi.
реклама
реклама
Odatda, Bundesliga o‘yinlari dam olish kunlari bo‘lib o‘tadi. Chempionlar ligasi kunlari esa uyquni qurbon qilaman, yaqinda kechki soat 3 gacha o‘yinni tomosha qildim. Men translyatsiya uchun abonement sotib olgan bo‘lardim, Bayern TV telekanaliga obuna bo‘lardim, lekin O‘zbekiston uchun obuna yo‘q, garchi men tijoriy jihatdan daromad keltiradigan muxlis bo‘lsamda.

Men yomon ko‘radigan klublar yo‘q. Lekin baʼzilarini jinim ozgina suymaydi: “Barselona” va “Chelsi” klublariga chidab turolmayman. Men har doim ularga qarshi muxlislik qilaman, chunki bu klublarda menga yoqmaydigan futbolchilar bor. Futbolchi qandaydir ahmoqlik qilsa, unga muxlislik qilishni xohlamaysiz.
Oddiy hisobdan ko‘ra chiroyliroq narsalar bor
Men “Arsenal”ga muxlis bo‘lganimda hamma uni top klub deb o‘ylardi, garchi “Arsenal” hech qachon top klub bo‘lmagan bo‘lsada. Ajoyib stadioni, yaxshi marketing bor, biznes yaxshi yo‘lga qo‘yilgan xolos. Siz qandaydir moʻjizani kutasiz, lekin vaqti-vaqti bilan klub qandaydir o‘rtamiyona klubga yutqazib qo‘yaveradi.

“Arsenal”ning muvaffaqiyatsizliklari menga kuchli taʼsir qilardi, ammo men buni yengilroq qabul qila boshladim va endi men natijaga emas, balki o‘yindagi detallarga eʼtibor berishga harakat qilaman. Oddiy hisobdan ko‘ra chiroyliroq narsalar bor. Endi meni oddiy narsalar ham hayratlantiradi: Kimmix qanday o‘ynaydi yoki Levandovski. Futbolni endi yaxshiroq tushunishni boshladim, deb o‘ylayman.

Maftunkor futbol bor, bu «Real Madrid», “Liverpul” esa jangovar o‘yin namoyish etadi. “Bavariya”da esa tizimli ish yo‘lga qo‘yilgan. Men ana shu futbolning muxlisiman. Menga “Bavariya”ning ishlarni amalga oshirish usuli juda yoqadi: ularning biznesga yondashuvi, muxlislar bilan qanday ishlashi, Instagramni qanday yuritishi.

Men bir umrga eslab qolgan uchta o‘yin bor va ularni hali ham tomosha qilishim mumkin. Birinchisi, 2003-yilgi Chempionlar ligasi chorak finalida “Real” va “Manchester Yunayted” o‘rtasidagi o‘yin. “Real” o‘z maydonida 3:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, safarda 4:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘shanda braziliyalik Ronaldo xet-trik (bitta o‘yinda bir o‘yinchi uchta gol urishi – tahr.) qayd etdi, Old Trafford esa o‘rnidan turgan holda uni olqishladi.

Boshqa o‘yin — “Arsenal”ning 2011-yilda “Barselona” ustidan 2:1 hisobida qozongan g‘alabasi. Arshavin va van Persi gol urgandi. Javob o‘yinida hakam van Persini maydondan chetlatib, o‘yinni buzdi va “Arsenal” 3:1 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

Uchinchi o‘yin — albatta, 8:2 hisobida tugagan “Bavariya” — “Barselona” o‘yini. Bu o‘yinlardan keyin bir necha kun o‘zimga kela olmay yurganman. Bu ajoyib tuyg‘ular edi.
Futbolda muxlislar o‘zlarini juda agressiv tarzda tutishadi. Odamlar stadionga ham aynan o‘z his-tuyg‘ularini tashqariga chiqarish uchun kelishadi. Masalan, Turkiyani olaylik. Men bitta o‘yinni stadionda tomosha qilganman, bu top o‘yin emas edi. Lekin hamma baqirardi, nimanidir yondirardi, sindirardi va bunday holat har hafta sodir bo‘ladi. Balki huquq-tartibot idoralari nimadadir sustlik qilishar.

Masalan, hozir Angliyada hech narsa qilib bo‘lmaydi, politsiya darhol olib ketadi, Germaniyada ham shunday. Bizda esa choyxonaning oldida janjallashib qolishlari, baqirishlari, bahslashishlari mumkin. Uchta semiz militsi xodimi turadi — ular nima qilishlari mumkin? Hech narsa. Futbolchilarning umumiy tarbiyasi, umumiy madaniyati esa shunchaki juda past darajada. O‘tgan yilning oktyabr oyida “Paxtakor” ustozi bizda stadionlarning ahvoli yomonligi haqida gapirganda “So‘g‘diyona”ning hech kim tanimaydigan futbolchisi unga “o‘zing ahmoqsan” ruhida javob qaytardi. Buning uchun Xyuistra diskvalifikatsiya qilindi. Bu sirkka kim muxlislik qiladi?
Matn: Davlat Umarov
Fotosuratlar muallifi Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting