O‘zbekistondagi har bir hududda tajriba-sinov tariqasida bittadan renovatsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning 30-apreldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Misol tariqasida renovatsiya loyihasi boshlangan Shayxontohur tumanidagi Olim Xo‘jayev mahallasini (Oqtepa massivi) keltirish mumkin. Xabar qilinishicha, xitoylik investorlar 1960-yillarda qurilgan 568 ta xonadonli ikki qavatli uylar o‘rnida 3200 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurmoqchi.

Viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi obodonlashtirish loyihalari amalga oshiriladigan hududlarni tanlab olishi va manzilli dasturni tasdiqlashi belgilangan.

Mazkur loyihani har bir hududda amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini 2024-yil iyun oyi oxirigacha ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Iyun oyining oxirigacha mas’ul vazirlik va idoralar ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan ko‘p qavatli uy-joylarni renovatsiya qilishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganib, “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishi kerak.

Fevral oyining oxirida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkentda 500 gektardan ortiq maydondagi uy-joylar renovatsiya dasturiga kiritilganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap “talabga javob bermaydigan, ko‘p yillar oldin qurilgan ikki qavatli binolar va vaqtincha qurilib ketgan uylar” haqida ketmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil dekabr oyida parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida birinchi marta jahon megapolislari tajribasidan kelib chiqqan holda uy-joylarni renovatsiya qilish dasturini qabul qilish zarurligini ma’lum qilgandi.

O‘sha yili respublika bo‘yicha ikki va undan yuqori qavatli 34 584 ta ko‘p qavatli uyni inventarizatsiya qilish natijalari taqdim etilgan. 455 ta uyda avariya belgilari aniqlangan (fasaddagi yoriqlar, poydevorning cho‘kishi, yerto‘la va tom inshootlarida betonning korroziyasi va boshqalar).

2023-yilning noyabr oyida “Adolat” partiyasi bu tartib uchun mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida Toshkent shahrida yangi qurilishlarni amalga oshirishga qarshi chiqqandi.