15−22-aprel kunlari Belarusda O‘zbekiston aeroportlarining bir guruh tibbiyot xodimlari va qutqaruvchilari Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) xalqaro talablariga muvofiq aviatsiya tibbiyoti hamda avariya-qutqaruv va qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish bo‘yicha treningda qatnashdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Mashg‘ulotlar Belarus Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi universiteti huzuridagi yong‘in xavfsizligi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash xalqaro o‘quv markazida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston aeroportlarining 21 nafar xodimi, jumladan, sog‘lomlashtirish markazlari rahbarlari va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari rahbarlari aviatsiya tibbiyoti asoslari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, fuqarolik aviatsiyasida psixologiya, fiziologiya va sanitariya asoslari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitildi.

O‘zbekistonlik hamkasblar uchun o‘quv maydonlarida kompleks mashg‘ulotlar, tibbiyot simulyatsiya markazida o‘quv mashg‘ulotlari, Minsk milliy aeroportidagi sog‘liqni saqlash markazlari va qidiruv-qutqaruv guruhlariga tashrif, Belarus FVVning “Aviatsiya” davlat aviatsiya qutqaruv institutida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik va belaruslik hamkasblar bir qator kasbiy masalalar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashib, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik belgisi sifatida ko‘chatlar ekdi.