O‘zbekiston avtomobil bozorida ketma-ket uchinchi oy faollikning pasayishi kuzatilmoqda, deya xabar berdi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.

Mart oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda avtotransport vositalarining umumiy savdosi deyarli 109 ming donani tashkil etdi va avtomobil bozori oy davomida 5,8 foizga qisqardi.

Infografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziInfografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Mart oyida 96,5 mingta yengil avtomobillar sotildi, bu fevralga nisbatan 12,1 foizga kam. Hududlar bo‘yicha Surxondaryo, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida yengil avtomobillar bozorida savdo hajmining eng katta pasayishi qayd etildi.

2024-yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, yengil avtomobillar savdosi 3,2 foizga qisqarib, 334,3 mingta avtomobilni tashkil etdi.

Birlamchi bozor

Birlamchi yengil avtomobillar bozorida pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Oy davomida sotuvlar 16,7 foizga kamaygan holda 24 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etdi. Shu bilan birga, avtomobil bozorining bu segmenti 2023-yilga nisbatan biroz o‘sdi (0,2 foizga).

Bundan tashqari, oy davomida mamlakatda ishlab chiqarilgan 19,54 mingta yengil avtomobillar sotildi, bu 2023-yilning mart oyiga nisbatan 17,2 foizga kam.

Import avtomobillar

Oy davomida xorijda ishlab chiqarilgan avtomobil bozori savdosi 13,7 foizga pasaydi. Mart oyida jami 2,3 mingta xorijiy avtomobillar sotilgan. 2023-yilning mart oyiga nisbatan sotuvlar 20 foizga kamaydi.

Ikkilamchi bozor

Martda yengil avtomobillar ikkilamchi bozorida sotuvlar 10,6 foizga kamaydi. Oy davomida jami 74,6 mingta haydalgan yengil avtomobil sotilgan. Yillik ko‘rsatkichlarda 16 foizlik sezilarli pasayish kuzatildi.

Elektromobillar bozoridagi vaziyat

Mutaxassislar mart oyida elektromobillar bozori mo‘’tadillasha boshlaganini qayd etgan. Oy davomida yengil elektromobillar savdosi atigi 0,1 foizga oshgan. Yillik hisobda sotuvlar 2,4 barobar ko‘paygan. 2024-yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, savdo hajmi ham 3,7 barobarga ko‘payib, 8 mingta avtomobildan oshdi.

avtomobil bozori, иқтисодий tadqiqotlar va islohotlar markazi

Eslatib o‘tamiz, fevral yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda barcha turdagi avtomobillar savdosi oy davomida 20,4 foizga, yillik hisobda esa 6,3 foizga qisqargandi. Oy davomida yengil avtomobillarga bo‘lgan talab 14 foizga kamaygan.