Toshkent shahrining Yakkasaroy va Chilonzor tumanlaridan oqib o‘tuvchi Bo‘rijar kanali qirg‘oq bo‘yi hududida sayilgoh tashkil etish va obodonlashtirish ishlarini olib borish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi shahar hokimligi matbuot xizmati.

17-aprel kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov kanalning qirg‘oqbo‘yi hududiga tashrif buyurib, loyiha bilan tanishdi.

Hokim Ekologiya boshqarmasi va O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida daraxtlarning holatini inventarizatsiya qilish va baholashdan o‘tkazish, shundan so‘ng hududdagi daraxtlar kesilmasligi uchun ularning o‘sayotgan joyini hisobga olgan holda loyihaga tuzatishlar kiritish topshirig‘ini berdi.

Hokim boshchiligidagi ishchi guruh Bektemir tumanidagi olis Oltintopgan mahallasida ham bo‘ldi. Bu yerda “Xavfsiz shahar, xavfsiz hudud, xavfsiz mahalla” konsepsiyasi doirasida kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorgarlik ko‘rish, videokuzatuv kameralarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Umurzoqov hududni obodonlashtirish darajasini oshirish uchun mahallaga sanoat korxonalarini jalb qilishni tavsiya qildi. U mazkur mahallada “teng, inklyuziv, markaziy joylardan farq qilmaydigan sharoitlar yaratilishi” zarurligini ta’kidladi, deyiladi xabarda.

Hokim mahallada maxsus texnikalar uchun to‘xtash joyi, aholiga qulay hududda jamoat transporti uchun qo‘shimcha bekatlar tashkil etishni buyurdi. Obodonlashtirish uchun esa samarali, zamonaviy sug‘orish tizimini yaratish, yagona kod yordamida sanoat zonalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha topshiriqlar berdi, deb yozadi hokimlik matbuot xizmati.

Bundan tashqari, shahar hokimi “hozirda maksimal quvvat bilan ishlayotgan” tozalash inshootlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.