29-aprel kuni Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Sirdaryo suv havzasi shu’basi ikki nafar inspektoriga brakonerlar hujum qildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sirdaryo daryosining Oqqo‘rg‘on tumani hududida o‘tkazilgan reyd chog‘ida shu’ba boshlig‘i D.Zohidov va bosh davlat inspektori T.Bo‘riyev baliq ovlash to‘rlari va motorli qayiq yordamida noqonuniy ravishda baliq tutayotgan shaxslarni aniqlagan.

Inspektorlar motorli qayiqda yaqinlashganda, huquqbuzarlar ularga hujum qilib, suvga itarib yuborgan. Shundan so‘ng brakonerlar rezina qayiqni yoqib yuborgan va voqea joyidan qochib ketgan, deyiladi xabarda.

Huquqbuzarlarni aniqlash va vaziyatga huquqiy baho berish uchun hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasi va viloyat IIBga yuborilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, mazkur fakt yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra huquqiy baho beriladi.