Toshkent shahri Sergeli tumanidagi maktabda o‘qituvchi xato qilgan o‘quvchilarini jazolash uchun ularning qo‘liga igna va “samorez” sanchib kelgan, deya xabar berdi “Daryo”. Bolalar ombudsmani holat nazoratga olinganini bildirdi.

Qayd etilishicha, 16-aprel kuni tumanning 277-o‘rta maktabida 1-“E” sinf o‘quvchilarining 15 nafar ota-onalari maktab direktorining huzuriga kelib, sinf rahbari S.R. (ayol)ning ustidan shikoyat qilgan.

Murojaatda ota-onalar sinf rahbari o‘quvchilar qo‘lining kaft qismini ustiga “samorez” va ignalar bilan sanchib turli jarohatlar yetkazgani, go‘yoki shunday usulda bolalarni tarbiyalashga uringanini bildirishgan.

Xususan, holat 2023−2024-o‘quv yili boshidan beri takrorlanib kelgan. O‘qituvchi bolalarga bu haqda kimgadir aytishsa, bundan battarini qilib, qo‘llariga mix tiqishini aytib qo‘rqitgan.

“Birinchi sinf o‘quvchisi endigina harf taniyotgan bo‘lsa, o‘qituvchi bolalar qilgan har bir imloviy xato uchun ularning qo‘liga igna va „samorez“ sanchib, bolalarimizning jonini og‘ritgan. Bu holat anchadan beri sodir bo‘lib kelgan. Bolalar qo‘rqitilgani uchun bizga aytmagan”, — dedi yana bir onalardan biri.

Ombudsman xabariga ko‘ra, shunday nomaqbul harakatlarni sodir qilgani yuzasidan o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan bo‘shatilgan.

Hozirda holat yuzasidan Sergeli tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, deyiladi xabarda.