Toshkent shahrida svetoforning qizil chirog‘i yongan vaqtda qoidani buzib bo‘lsa-da “Tez yordam” avtomashinasiga yo‘l bergan Cobalt haydovchisiga belgilangan jarima jazosi bekor qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Gap shundaki, haydovchi Chilonzor tumani Katta Hirmontepa ko‘chasi 48-uy qarshisida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida o‘zining Cobalt rusumli avtomobilida to‘xtab turgan. O‘sha payt ortdan kelgan “Tez yordam” avtomashinasiga qoidani buzib bo‘lsa-da yo‘l bergan. Oradan ikki kun o‘tgach, uning yashash manziliga jarima qog‘ozi borgan.

Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganovning so‘zlariga ko‘ra, holat maxsus baza orqali o‘rganib chiqilgan va fuqaroga berilgan jarima bekor qilingan.

“Haydovchi qoidani buzgan bo‘lsa ham jarima jazosi o‘rnatilgan tartibda bekor qilindi. Shuningdek, o‘z fuqarolik burchini vijdonan bajargan ushbu fuqaro boshqarmamiz tomonidan taqdirlandi”, — dedi boshqarma xodimi.