Fevral oyi boshida MTRK raisligidan ketgan Alisher Jurakulovich Xodjayev Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

U 28-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda jamoaga tanishtirilgan. “Umid qilamizki, necha yillik tajribaga ega Alisher Juraqulovich sohada erishilgan muvaffaqiyatlarning yanada oshishi, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda bor kuch, bilim va tajribasini sarflaydi”, — deb yozdi vazir Ozodbek Nazarbekov.

Ma’lumot uchun, Alisher Xodjayev 1963-yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan, 1985-yili Samarqand davlat universitetini tamomlagan. U 1985−1993-yillarda Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan, 1993−1996-yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo‘lib ishlagan.

1996-yildan 1998-yilga qadar “KomUzAziya” kompaniyasida, 1998−2001-yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.

2001−2002-yillarda prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2002−2005-yillarda Aloqa va axborotlashtirish agentligining (hozirgi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Alisher Xodjayev 2005-yil aprelidan 2017-yil boshiga qadar MTRK rahbari bo‘lgan. 2017-yil boshida “tanqidga uchrab” ishdan ketgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Lekin bir muddatlik tanaffusdan keyin, avgust oyida yana MTRK raisi lavozimiga qaytgan.

Shu yilning 2-fevral kuni O‘zMTRKni salkam 20 yil boshqargan Alisher Xodjayev lavozimidan ozod etilgandi. Uning o‘rniga bosh vazir kotibiyati rahbari bo‘lib ishlagan Abdurashid Jo‘raboyev tayinlangan.