Internet hayotimizni yengillashtirdi. Masofalarni yo‘qqa chiqarib, fikrlar chegaralarini yo‘qotdi. Biroq…

Internet yangi chaqiriqlarni ham yuzaga keltirdi. Endi axborot makoni orqali tahdid, tuhmat, inson sha’ni va qadr-qimmatini toptash, kiberbulling, kiberzo‘ravonlik, ta’qib va hokazolarni amalga oshirish imkoni kengaydi. Ushbu holat bir tomondan so‘z erkinligi hosilasi, boshqa tomondan esa aynan so‘z erkinligiga tahdid sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Anonim terror

Gerbert Uelsning “Ko‘rinmas odam” asarini ko‘pchilik o‘qigan. Asar bosh qahramoni tibbiyot olimi janob Griffin o‘z ustida tajriba qilib ko‘zga ko‘rinmay qoladi. Ko‘rinmaslik unga katta imkoniyatlar berishini tushunib yetadi va odamlarni qo‘rqitish orqali terror kampaniyasini boshlamoqchi, alaloqibat, hokimiyatni qo‘lga kiritmoqchi bo‘ladi. Do‘sti Kempga rejasini aytganida, u rozi bo‘lmay politsiya chaqiradi. Bundan g‘azablangan Griffin do‘stini o‘ldirish uchun ta’qib qiladi.

Griffinni jinoyatchi va potensial terrorchiga aylantirgan, albatta, boshqa omillar qatori ko‘zga ko‘rinmasligi, shaxsini aniqlash imkoni yo‘qligi va buning natijasida qilmishlari uchun jazo olmasligi edi.

Ko‘rinmas odam obrazi bugun axborot maydonidagi ayrim “o‘yinchi"larga juda o‘xshaydi. Shaxsini aniqlash qiyinligi va qilmishlarining jazosizligi ularni qaysidir ma’noda “monstr"ga aylantirgandek.

Anonim murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi!

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonunda shunday deyilgan. Nima uchun?

Anonim xatlar (yumaloq xat)larning tariximizdagi mudhish roli ko‘pchilikka ma’lum. Stalin davri qatag‘onlarida aynan anonim murojaatlar bilan odamlar ustidan jinoiy ish ochilib, “uchlik” hukmi o‘qilgan.

Aytishlaricha, “yumaloq xat"larni o‘qish Stalinning sevimli mashg‘uloti edi, ya’ni shu orqali xalqning kayfiyati va turmushidan bevosita xabardor bo‘lib turaman deb o‘ylagan. Anonim murojaatlardan jinoiy ishlar yasashda esa Lavrentiy Beriyaning oldiga tushadigani yo‘q edi.

Ushbu jarayonlarda OAV ham katta rol o‘ynagan. “Boshqacha fikrlilar"ga qarshi shaxsi noma’lum odamdan kelgan “chaquv"lar gazetalarda e’lon qilingan, keyin bu xabarga turli kishilarning munosabatlari “uyushtirilgan”, natijada odamlar o‘sha shaxsning jinoyatchi ekaniga ishontirilib, qatag‘onlarga legitimlik berilgan.

Stalin vafotidan keyin organlar anonim murojaatlarning har birini tekshirish ortiqcha, bema’ni va zararli ish ekanini angladi va buni to‘xtatdi.

Biroq, XXI asrning uchinchi o‘n yilligiga kelib internet asrida ushbu “siyosiy texnologiya” yana faollashtirilyapti.

Hamma biladi, lekin hech kim aytmaydi

Anonimlik shaxsiy hayot daxlsizligi, fikr erkinligi, siyosiy bosimlardan himoyalanish, jamoatchilik muhokamalarida erkin ishtirok etish imkonini beradi, deb hisoblaydi ko‘pchilik. Tan olish joiz, bu fikrlarda jon bor.

Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasida ham, Fuqarolik va siyosiy huquqlar xalqaro paktida ham anonimlik huquqi tilga olinmagan. Ushbu pakt loyihasida 19-moddaning 1-punktiga “anonimlikka yo‘l qo‘yilmaydi” degan jumla kiritish taklif qilinganida, rad etilgan.

Shu bilan birgalikda huquqshunoslar tomonidan anonimlikning quyidagi salbiy jihatlari ham tan olingan:

  • internet makonida jinoyat qilganlarning shaxsini aniqlash va javobgarlikka tortish deyarli imkonsizligi,
  • taqiqlangan axborotlar (terrorizm, zo‘ravonlik, pornografiya, inson sha’ni va qadr qimmatini tahqirlash) tarqatish imkoniyati oshishi;
  • internet orqali muloqotga nisbatan ishonchning pasaytirishi.

“Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi Qonunning 12-moddasiga ko‘ra, veb-sayt yoki sahifaning egasi, shu jumladan, bloger shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini yerga urmasligi lozim. Bundan tashqari, axborot resurslaridan jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan o‘zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanish taqiqlangan.

O‘zbekiston ma’muriy javobgarlik va jinoyat qonunchiligida tuhmat, haqorat qilish, fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan.

Ammo “ko‘rinmas odam"lar ushbu huquqbuzarliklarni muntazam ravishda va qasddan sodir etib kelayotgan bo‘lsa-da, anonimligi sababli axborot resurslari egalarining mazkur noqonuniy harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rish ko‘rish imkoniyati mavjud emas.

Afsuski, “KompromatUzb” ishi saboq bo‘lmadi. Aksincha, oradan bir yil o‘tib axborot makonida “anonim terror” yangi bosqichga chiqdi. “Kompromat"chilar moddiy manfaat yo‘lida iqtisodiy jinoyat qilgani aytilsa, endigi anonimlar tobora siyosiylashib bormoqda.

Uning eng birinchi zarari, tabiiy, so‘z erkinligiga tahdiddir. Bu jamoatchilik faollari, jurnalistlar, blogerlarga nisbatan “kiberzo‘rvonlik” shaklida namoyon bo‘lmoqda.

Bu yerda ko‘pchilik internet foydalanuvchilari e’tibor bermaydigan yana bir nozik jihat mavjud. Bu anonim postlarni ulashgan (“repost”, “layk”) shaxslarning javobgarligidir. Qonunchilikka muvofiq, qonunga zid axborotni tarqatgan har bir shaxs, axborot yaratuvchisi bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar, qonun oldida axborot yaratuvchi bilan teng javob beradi. Chunki, u “repost”, “layk” orqali o‘zi bilmagan holda noqonuniy axborotni ko‘pchilik ko‘rishiga sababchi bo‘lib qoladi.

Bundan ham jiddiyrog‘i, endi ular tergov-surishtiruv va sud tizimlarining o‘rnini ham egallamoqchi. O‘zlari ayblov e’lon qiladi, hukm o‘qiydi va jazolaydi. Shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etadi, tuhmat uyushtiradi, nafrat tili orqali sha’n va qadr qimmatni toptab, SAZOYI qiladi.

Biror jinoyat haqida OAVga ma’lumot berilganida, hatto sud materiallarida ham, odatda, figurantlar shaxsiy ma’lumotlari (ism-familiyasi, surati va hk) oshkor qilinmaydi. Chunki qonunchilikda o‘ta og‘ir jinoyat sanksiyasida ham SAZOYI QILISH degan jazo yo‘q. Bu eng g‘ayriinsoniy qilmish bo‘lib, zamonaviy dunyo uni rad etgan.

Ushbu manbalar esa shaxsning naqafat o‘zi, balki oila a’zolari, farzandlari (yosh bolalarning) suratlari va ma’lumotlarini oshkor qilib ochiqchasiga axborot terrori, “samosud” uyushtiryapti. Go‘yoki qonuniy davlat tizimlariga parallel virtual jazo tizimi yaralyapti.

Bu oshkora qonunsizlik qissasini hamma o‘qib turibdi, lekin hech kim indamaydi.

Oqibati qanday bo‘ladi?

Huquqlar jinoyatlarga qurol bo‘lmasligi kerak. “Mening huquqim o‘zganing huquqi boshlangan joyda tugaydi” tamoyili ishlamas, huquqlar suiiste’mol qilinar, yo maqsadga nomuvofiq tarzda foydalanilar ekan, bunday huquqning mavjudligi xavf ostida qoladi.

Boshqacha qilib aytganda, so‘z erkinligi suiiste’mol qilinib, inson sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qilish quroliga aylantirilar ekan, mazkur huquqning yo‘qotilishi xavfi paydo bo‘ladi. Bu esa alaloqibat uning cheklanishiga olib keladi.

Hozirning o‘zidayoq anonimlar nishoniga aylangan faollarda sukut saqlash, ichki senzura paydo bo‘lgan.

Taniqli jurnalistlar, ziyoli insonlar tomonidan internet foydalanuvchilarini nazorat qilish va Xitoy modeli to‘g‘risida takliflar yangradi. Albatta, ushbu takliflar ortida anonimlar tomonidan uyushtirilgan kiberzo‘ravonlikdan zadalik (subyektiv hislar) turgan bo‘lsa ham, bu fikr ochiq jamoatchilikka aytildi va rezonans keltirib chiqardi.

Taklif amalga oshsa, avvalo, jamoatchilik, xususan, jamoatchilik faollari va so‘z erkinligi jabr ko‘radi.

“Ko‘rinmas odam” esa ko‘rinmasligicha qolaveradi. Chunki dunyo keng, internet chegarasiz, tarmoqqa xorijdan turib kirgan holda anonim qolib “o‘z ishini” davom ettiraverish mumkin.

Bundan tashqari o‘zaro ishonchsizlik, tushkunlik paydo bo‘lib, jurnalistlar orasida endigina tetapoya bo‘layotgan hamjihatlikka putur yetyapti. Xuddi 30-yillardagidek “devorning ham qulog‘i bor, har gapni gapiraverma, muhokama qilma, tinch o‘tir” degan kayfiyat yuzaga kelishi muqobil axborotning yaratilishini kamaytiradi, muhokamalarni to‘xtatadi, muammolar aytilmay, ichki bosim ortishiga olib kelishi mumkin.

Paradoks shundaki, so‘z erkinligini ta’minlash uchun kerak deyilgan anonimlik huquqi so‘z erkinligini cheklashga olib kelmoqda.

Nima qilmoq kerak?

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida shunday dedi:

“…Agar biz O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan bo‘lamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumot, real voqealarga bo‘lgan ehtiyojni biz qondirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Har qanday tanqidga javob berish kerak. Jurnalist haq bo‘lsa, buni tan olishimiz kerak. Nohaq bo‘lsa, unga tushuntirish orqali yolg‘on xabarlarning oldini olishga o‘rganishimiz va butun jamiyatimizga shuni tushuntirishimiz kerak, bu nopok va yolg‘onligini. “

So‘z erkinligining ahamiyati shu darajada ekan, unga tahdidlar milliy xavfsizlikka tahdid deb baholanishi va uni amalga oshirayotganlar kim bo‘lishidan qat’i nazar topib javobgarlikka tortilishi lozim.

Anonim manbalar ham jamiyatning muammolari, og‘riqlarini olib chiqyapti-ku degan e’tiroz bo‘lishi mumkin. Maqsad har doim ham vositani oqlamaydi. Shu sababli hamma masalalar qanchalik murakkab, qiyin bo‘lmasin faqat qonuniy maydonda hal qilinmog‘i kerak. Jamoatchilik aynan shuni so‘rashi, jamoatchilik nazorati esa aynan qonuniy usullar bilan muammolar hal etilishini talab qilishdan charchamasligi kerak.

Jamiyat axborot makonidagi bugun bo‘layotgan hodisalar va ularning istiqboli borasida chuqurroq o‘ylashi, birovning sha’ni va qadr-qimmati toptalishi va jazosiz qolishiga nisabatan toqatsiz bo‘lishi kerak. Faollar esa cheklovlarni emas, balki hamjihatlikni targ‘ib qilishlari lozim.

Bizning professional jurnalistikamiz etika va hamjihatlikning ahamiyatini zarur darajada anglab yetmog‘i lozim. Bugungi kunda jurnalistlarimiz va jamoatchilik faollari orasidagi munosabatlar asosan shaxsiy tanishlik, do‘stlik, qachondir bir tahririyatda ishlaganlik va hokazo subyektiv omillar asosida shakllangan. Biroq umumiy qadriyatlar va g‘oyalar yo‘lida birlashuv, ijtimoiylashuv yaqqol sezilmaydi.

Birgina misol. Mamlakatimizda so‘z erkinligi, OAV bilan bog‘liq bir nechta sanalar bor. Ushbu sanalar asosan tadbir, tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash va jurnalistlarga sovg‘a berish bilan o‘tadi. Negadir etika, professionalizm va hamjihatlik haqida shu tadbirlarda kam gapiriladi. Eng achinarlisi, har safar tanlovlar va tadbirlardan keyin “nega unga mukofot berildi, bunga-chi?” degan mazmunda chiqishlar ko‘payadi.

Bosma va elektron OAV vakillari o‘rtasidagi ko‘p yillardan beri davom etib kelayotgan tortishuvlar, majburiy obunadan tortib “saytlardagi ma’lumotlarga ishonch yo‘q” degan iddaolargacha — bari o‘zbek jurnalistikasida birlashtiruvchi g‘oyalardan ko‘ra ajratuvchi va parchalovchi tendensiyalar ustunligini ko‘rsatadi.

Anonim terror aynan shu parchalanish, bo‘linish nuqtalaridan o‘sib chiqmoqda. Chunki o‘sha manbalarni ham jurnalistikadan xabari bor, axborot bilan ishlash ko‘nikmasiga ega insonlar yurityapti.

Sohaning ichki muammolarini hal etmay turib uni himoya qilish qiyin. OAV xodimlari, jurnalistlar va ijtimoiy faol shaxslar muhimni nomuhimdan ajratib, so‘z erkinligini ulug‘ qadriyat sifatida belgilab, uni prioritetga olib chiqishlari va eng avvalo shu qadriyat uchun hamjihatlik namoyon etishlari zamon talabidir.

Qaysidir faol yoki jurnalist “anonim terror” nishoniga aylanganida, sukut saqlash yoki “shu gap rostmi” deb tarqatish, muhokama qilish — aynan o‘sha “ko‘rinmas odam” kutayotgan va rejalagan harakatdir.

“Ko‘rinmas odam” qo‘rqadigan, biroq “baribir sodir bo‘lmaydi” deb o‘ylaydigan xavf — bu fosh bo‘lish yo javobgarlikka tortilish emas, balki ko‘pchilik tomonidan rad etilish va umuman e’tiborsiz qolish, ya’ni ijtimoiy “ignor"dir.

Xulosa o‘zingizdan.

Shahnoza Soatova, jamoatchilik faoli
Furqat Tojiyev, huquqshunos