Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariag‘ash tumanida O‘zbekistonga tutash bo‘lgan «Bauirjan Konisbayev» (O‘zbekiston tomonidan «Yallama» postiga o‘tuvchi) bojxona-posti modernizatsiya qilindi. Uni rekonstruksiya qilish ishlari 2019 yilning oktabr oyidan boshlab amalga oshirildi.

Inbusiness.kz nashrining xabar berishicha, loyiha qiymati qariyb 15 mlrd tengeni (35,2 mln dollar) tashkil etdi. Ushbu mablag‘larga yangi uskunalar — skanerlar, tarozilar va boshqalar o‘rnatilgan, shuningdek ikki qator yo‘llar olti qatorgacha kengaytirilgan. Modernizatsiya qilish yuk va yo‘lovchi tashish hajmini 5 barobar oshirish imkonini berdi.

«Ilgari kuniga — 150−200 ta avtomobil o‘tardi, hozir bu 1000 ta transport vositasigacha ko‘paydi. Yo‘lovchi o‘tkazuvchanlik bo‘yicha oldin kuniga 2000 ga yaqin odam o‘tgan bo‘lsa, hozir nazorat punktimiz 10 ming kishiga xizmat qilishi, tekshirib o‘tkazishi va ularga oq yo‘l tilashi mumkin», — deydi Bauirjan Konisbayev bojxona posti rahbari Gaziz Abbasov.

«Yallama» bojxona posti xaritada ko‘rinishi.

«Mir 24» telekanali aniqlik kiritishicha, hozircha bu yerdan faqat yuk mashinalari o‘tkazilmoqda. Pandemiya tugashi bilan bojxona postida O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari qabul qilina boshlaydi.

Shikoyatlar bo‘lmagan taqdirda, inson omiliga to‘liq chek qo‘ygan holda, bojxona rasmiylashtiruvi 15 daqiqadan ko‘p vaqt talab qilmaydi. Tekshirish (tortish, skanerlash, intergatsiya nazorat qilish tizimi) va ruxsatnomalarni berish masofadan turib amalga oshiriladi, deb yozmoqda Inbusiness.kz.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hozirgi kunga qadar har ikki tomon o‘tkazish punktlari odatiy tartibda faoliyat yuritgan. O‘zbekiston va Qozog‘iston 2017 yilning dekabr oyidayoq o‘zining o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilishga kelishib olgan edi. 2020 yil «Yallama» posti «raqamli (aqlli) bojxona» tamoyili asosida to‘liq rekonstruksiyadan chiqqan edi.