AQShda federal darajada o‘lim jazosiga moratoriy joriy etildi

AQSh bosh prokurori Merrik Garland federal darajada o‘lim jazosiga moratoriy joriy etdi. «Adliya vazirligi federal jinoiy adliya tizimi ostida bo‘lgan har bir kishiga nafaqat AQSh konstitutsiyasi va qonunlar tomonidan kafolatlangan huquqlar berilishini ta’minlashi, balki ularga nisbatan adolatli va insonparvarlik bilan munosabatda bo‘lishlarini ta’minlashi kerak», deyiladi bayonotda. Uning qo‘shimcha qilishicha, «Bu majburiyat, ayniqsa, o‘lim jazosiga oid ishlarga tegishlidir».

Prezident Jo Bayden saylovoldi kampaniyasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan edi. Ta’kidlanishicha, hokimiyatga kelganidan beri uning ma’muriyati ushbu saylov kampaniyasidagi va’dasi bo‘yicha faollar tomonidan kuchayib borayotgan bosimga duch kelmoqda. — AQSh Adliya vazirligi.

2020 yil 13 iyul kuni AQShda 2003 yildan beri birinchi marta federal jinoyatlar uchun sudlangan jinoyatchi qatl etildi. Joriy yilning yanvar oyida AQShda federal hukumat qaroriga ko‘ra 1953 yildan beri ilk bor ayol kishi qatl etildi.


JSST va YUNESKO maktablarda COVID-19'ga test topshirish zarur deb topdilar

JSST, YUNESKO va BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) maktablarda COVID-19 koronavirusini aniqlash bo‘yicha test topshirish va vaziyatni o‘quvchilarni masofadan o‘qitishga o‘tkazish darajasiga yetkazmaslik zarur deb topdilar. «Yoz oylari milliy hokimiyat organlariga infeksiyani kamaytirish va maktablarning yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun to‘g‘ri choralarni tayyorlashda yaxshi imkoniyat yaratadi», deyiladi tashkilotlarning qo‘shma bayonotida.

Bayonotda pandemiya paytida maktablarning yopilishi «bolalar va yoshlarning ta’limiga, ijtimoiy va psixologik farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi» ta’kidlangan. «Biz pandemiyaning bolalarni ta’lim olish va rivojlanish imkoniyatidan mahrum etishiga yo‘l qo‘yolmaymiz», deyiladi unda. Bunga qo‘shimcha ravishda, bayonotda ta’kidlanishicha, maktablarning yopilishi faqat boshqa usullar bilan kurashib bo‘lmaydigan infeksiyalar ko‘payib ketganda so‘ngi chora sifatida qo‘llanishi kerak. Shu munosabat bilan, BMT tuzilmalari maktablarda yuqtirish holatlarini tezkor aniqlash zarurligini ta’kidlab o‘tishdi. — JSST.


Avstraliya hukumati pandemiyadan chiqish bo‘yicha to‘rt bosqichli milliy rejani qabul qildi

Avstraliya hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishning to‘rt bosqichli yangi milliy rejasini qabul qildi, uning asosiy elementlari emlash va infeksiyaning oldini olishdir. «Biz hozirda emlash milliy dasturini muddatidan oldin amalga oshirishni talab qiluvchi rejaning birinchi bosqichidamiz. Uning keyingi bosqichi virus tarqalishini bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, bu bizga COVID-19'ni boshqa yuqumli kasalliklar singari davolashga imkon beradi», — dedi mamlakat bosh vaziri Skott Morrison.

Rejaning uchinchi bosqichi emlanganlarga nisbatan har qanday cheklovlarni olib tashlash va vizalar ro‘yxatini kengaytirish, shuningdek, emlangan Avstraliya fuqarolari uchun xalqaro sayohatlar uchun ruxsat berishdir. To‘rtinchi bosqichda Avstraliya avvalgi hayotiga qaytishi va o‘z fuqarolari va chet elliklar uchun o‘z chegaralarini ochishi mumkin, shu bilan birga, u yoki bu sabablarga ko‘ra koronavirusga qarshi emlanmaganlar uchun ba’zi sanitariya cheklovlari saqlanib qoladi. — TASS.


Buyuk Britaniya 4 iyulga qadar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqadi

Buyuk Britaniya AQSh bilan birga o‘z qo‘shinlarining asosiy qismini 4 iyul kuni Afg‘onistondan olib chiqishni yakunlaydilar. «Barchamiz mamlakatni 4 iyul kuni tark etamiz. Britaniyaning asosiy missiyasi ham [Afg‘onistondagi] 4 iyulga qadar yakunlanadi», deyiladi manbada.

Avvalroq AQSh harbiylari Afg‘onistondagi eng yirik avibazasi Bagramni tark etib, uni «isyonchilarning yangi hududlarni egallashini to‘xtatish uchun kurashayotgan» Afg‘oniston mudofaa kuchlariga topshirgani haqida yozgan edik.


Ruminiya badallarni to‘lamaganligi sababli YeKAda ovoz berish huquqidan mahrum bo‘ldi

Ushbu qarz tufayli o‘z nomzodini ilgari surgan 255 nafar ruminiyalik uchun Yevropa kosmik agentligi (YeKA) fazogirlar korpusiga qabul qilish imkoniyatini pasaytiradi, deya ta’kidladi Ruminiya kosmik agentligining faxriy raisi, uchuvchi-kosmonavt Dumitru Prunariu. Mamlakat oxirgi marta badalni 2020 yil dekabrida to‘lagan bo‘lib, 2017 yildagi 17 mln yevro miqdorida qarzni yopgan. To‘rt yil davomida qarz foizlar bilan birga taxminan 110 mln yevroni tashkil etdi. — TASS.


Braziliya parlamenti ayollarga nisbatan psixologik zo‘ravonlikni jinoyat deb tan oldi

Braziliya parlamentining yuqori palatasi Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish orqali ayolga nisbatan psixologik zo‘ravonlikni bir ovozda jinoyat deb tan oldi. Loyiha matniga ko‘ra, ushbu jinoyat ayolning har tomonlama rivojlanishiga xalaqit berish yoki uni kamsitish, uning xatti-harakatlari, xulq-atvori, e’tiqodi va qarorlari ustidan nazorat o‘rnatish orqali tahdid qilish, qo‘rqitish, kamsitish, shantaj, masxara qilish, harakat erkinligini cheklash, uning psixologik salomatligi zarar yetkazish kabi harakatlar ayolga ruhiy zo‘ravonlik yetkazish deb belgilanadi". Bunda aybdor deb topilganlarga olti oydan ikki yilgacha qamoq jazosi va jarima solinadi. Shu bilan birga, parlament a’zolari ayollarga tan jarohati yetkazishda aybdor bo‘lganlar uchun eng yuqori qamoq muddatini to‘rt yilgacha oshirdilar. — TASS.


Parijdagi «Sharl-de-Goll» aeroportida ish tashlash boshlandi

Foto: AR/TASS

«Sharl-de-Goll» aeroportining terminallaridan biri 2 iyul kuni ish tashlashga chiqqanlar tomonidan to‘sib qo‘yildi. Norozilik namoyishi tufayli ba’zi reyslar bir soatga kechiktirildi. Hozircha hech qanday reys bekor qilinmagan. Aeroport veb-sahifasida 1−5 iyul kunlari ish tashlash sababli «parvozlarning kechikishi kutilmoqda» degan xabar e’lon qilindi. Aeroport ishchilari kasaba uyushma a’zolari mehnat shartnomalarini o‘zgartirish rejasini bekor qilishni talab qilmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, ushbu reja ayrim mukofot pullarini bekor qilishga olib keladi. Keyingi hafta 9 iyul kuni «Sharl-de-Goll»da yana bir qator ish tashlashlar kutilmoqda. — Interfaks.


Shuningdek:

  • COVID-19 pandemiyasi tufayli xalqaro turizm 4 trln dollar zarar ko‘rishi mumkin. Turizm sohasining tiklanishi ko‘p jihatdan vaksinalardan foydalanish imkoniyatining mavjudligiga bog‘liq, deya hisoblaydi BMT ekspertlari.