O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalini yaratish bo‘yicha eng yaxshi loyihalar xalqaro tanlovida Ilhom Jabborov g‘olib bo‘ldi, deb xabar qildi Badiiy akademiya “Gazeta.uz"ga.

Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni mos ravishda Jasvand Annazarov va To‘lagan Tojixo‘jayev egalladi. To‘lagan Yorqulov va Farit Axmetzyanov, shuningdek janubiy koreyalik haykaltaroshlar Kang Chul Xi, Li Chong An va Chung Yung Su rag‘batlantiruvchi mukofotlarni qo‘lga kiritdi.

Ilhom Jabborov —Mustaqillik maydoniga o‘rnatilgan Mustaqillik va ezgulik monumenti hamda poytaxt markazidagi Amir Temur haykali muallifi.

Badiiy akademiya Markaziy ko‘rgazmalar zalida tanlov yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan marosimda akademiya raisi Akmal Nur eng munosib ishlarni tanlab olish juda murakkab kechgani, g‘oliblikka ko‘plab nomzodlar bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, haykaltaroshlar oldida ulkan vazifalar turibdi. O‘zbekistonning turli shaharlarida Sharof Rashidov, Abdulla Oripov, Ozod Sharofuddinov, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Muhammad Yusuf haykallari barpo etilishi lozim.

Toshkent, Samarqand va Qarshida Islom Karimovning qanday haykallari o‘rnatilishi hozircha ma’lum emas. Davlat buyurtmasi bajarishga kirishilganda ushbu masalaga oydinlik kiritiladi.

Tanlovda O‘zbekiston, Turkmaniston, Ukraina, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya va Avstraliyadan 58 nafar muallif tomonidan taqdim etilgan 68 loyiha namoyish etildi. G‘oliblar san’at, madaniyat, adabiyot va arxitektura sohasining yirik namoyondalaridan iborat 11 kishilik maxsus komissiya tomonidan aniqlandi.