Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB — 2016” V Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi, xabar qildi O‘zA.

Haftalik dasturidan musiqa kechalari, poeziyalar, kitoblar taqdimoti, yozuvchi va shoirlar, artistlar, sportchilar bilan uchrashuvlar, filmlar namoyishi, bolalar uchun milliy hunarmandchilik, tasviriy san’at, shaxmat bo‘yicha master-klasslar o‘rin olgan.

Xorijiy davlatlar elchixonalari, Britaniya Kengashi va Toshkentdagi Gyote instituti tomonidan tashkil etilajak tadbirlarda xorijiy ma’rifiy dasturlar taqdim etiladi.

Haftalikning har bir kuni “Ochiq eshiklar”, “Ijod”, “Ko‘rik-tanlovlar”, “Bilimlar va xorijiy tillar”, “Madaniyatlar xilma-xilligi” kuni deb nomlanib, uning doirasida mavzuga oid tadbirlar, uchrashuvlar, anjumanlar o‘tkaziladi.

Haftalik doirasida Milliy kutubxona o‘qish zallarida yangi adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi, nashriyotlar va kitob savdosi tashkilotlarining mahsulotlari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. O‘quvchilar o‘rtasida badiiy, adabiy tanlovlar o‘tkaziladi.

Axborot-kutubxona maskanlari xodimlari uchun esa “Axborot-kutubxona resurslari katalogizatsiyasining dolzarb masalalari” mavzuidagi trening, “O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalarining bibliografik faoliyati: rivojlanish istiqbollari” mavzuidagi o‘quv-seminar, “Zamonaviy axborot texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslarini saqlash, restavratsiya va konservatsiya qilish, elektron bazasini yaratish” o‘quv-seminari, “Axborot-kutubxona sohasida marketing” nomli trening kabi tadbirlar o‘tkaziladi.