3-fevral kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining «Xalqaro munosabatlar» bo‘limi rahbari Bahodir Husanxo‘jayev boshchiligida O‘zbekistonlik sportchi va murabbiylar Sochi shahriga jo‘nab ketdilar. Delegatsiyaning qolgan a’zolari 4-fevral kuni Sochi shahriga yo‘l oladilar, deb xabar bermoqda Milliy Olimpiya qo‘mitasining matbuot xizmati.

Qishki Olimpiyada o‘yinlarda Misha Ge muzda nafis uchish, Artem Voronov va Kseniya Grigoreva esa slalom va gigant slalom bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etadilar. Agarda Misha Ge va Artem Voronov Olimpiada o‘yinlarida ilk bor ishtirok etadigan bo‘lishsa, Kseniya Grigoreva 2010 yili Vankuver shahri (Kanada)da o‘tkazilgan qishki Olimpiada o‘yinlarida debyutini nishonlagan.

Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston Davlat bayrog‘ini ko‘tarilishiga bag‘ishlangan tadbir 5-fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00ga (Toshkent vaqti bilan soat 17:00ga) belgilangan.

O‘zbekistonliklardan birinchi bo‘lib 13-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 12:00da Artem Voronov musobaqalarga kirishadi.

Shu kuni kechki dasturdan o‘rin olgan (Toshkent vaqti bilan soat 20:00da) muzda nafis uchish bo‘yicha qisqa dastur bahslarida Misha Ge g‘oliblik uchun kurash olib boradi. 14-fevral kuni Misha Ge erkin dastur bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etadi. Ushbu musobaqa Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.

Artem Voronov 16-fevral kuni gigant slalom bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda bahs yuritadi.

Kseniya Grigoreva 21-fevral kuni slalom bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan bahslarda o‘z imkoniyatlarini imtihondan o‘tkazadi.

Va nihoyat, 22-fevral kuni Artem Voronov slalom bo‘yicha o‘tkaziladigan bahslarda ishtirok etadi. Mazkur musobaqalar Toshkent vaqti bilan soat 17:45da boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonlik sportchilar 1994 yil Lillixammer (Norvegiya), 1998 yil Nagano (Yaponiya), 2002 yil Solt-Leyk-Siti (AQSh), 2006 yil Turin (Italiya), 2010 yil Vankuver (Kanada) shaharlarida o‘tkazilgan qishki Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishgan. Mazkur o‘yinlarda jami 33 nafar sportchimiz ishtirok etgan. 1994 yil Lillixammerda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida fristaylchi Lina Cheryazova qishki Olimpiada o‘yinlarining yagona oltin medaliga sazovor bo‘lgan.