Figurali uchish bo‘yicha xalqaro toifadagi sport masteri Misha Ge Bolgariyaning Sofiya shahrida bo'lib o'tgan «Denkov-Stavitskiy» xalqaro turnirida g‘alaba qozondi. Bu haqda O'za xabar bermoqda.

Yigirmaga yaqin davlatdan 120 nafardan ziyod yetakchi sportchi ishtirok etgan nufuzli musobaqada Misha Ge eng yuqori ball jamg‘arib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

1991-yilda tug'ilgan Misha Ge 2009 va 2010-yillarda O‘zbekiston chempionatida g‘olib chiqqan. 2013-yilda Kanadada o‘tkazilgan jahon chempionatida XXII qishki Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U Xitoy va Tailandda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan.

Xozirda 2014-yili Sochi shahrida o‘tkaziladigan XXII qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.