Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 27-noyabr kuni O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Xitoyning tashqi iqtisodiy aloqalar, bank-moliya, mashinasozlik, aviasozlik, yuqori texnologiyalar, to‘qimachilik va yengil sanoat, aviatashuv, energetika, neft va gaz, eksport-import, qurilish mahsulotlari hamda vagon ishlab chiqarish, farmatsevtika, qadoqlash, savdo-sanoat, sarmoya, transport va transport kommunikatsiyalari, elektr texnikasi, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, dasturiy ta’minot, mebelsozlik, konchilik, sayyohlik va logistika kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Chjan Deguan va boshqalar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Anjumanda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi. Savdo-sanoat, yoqilg‘i-energetika, kimyo sanoati, yuqori texnologiyalar, qurilish materiallari va tibbiyot uskunalari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, to‘qimachilik va yengil sanoat, ko‘nchilik, farmatsevtika kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish, bu yo‘nalishlarda birgalikda o‘zaro foydali sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Biznes-forum yakunida turli sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan 20ga yaqin sarmoyaviy bitimlar imzolandi.