Turkiyaning Eskishehir shahrida shaxmat bo‘yicha 14 va 16 yoshgacha shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekistonlik shaxmatchilar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda O'zA xabar bermoqda.

14 yoshgacha shaxmatchilar o‘rtasidagi musobaqada mag‘lubiyatsiz o‘ynagan O'zbekiston ko‘p karra chempioni — Ortiq Ne’matov olti imkoniyatdan besh ochko jamg‘arib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shaxmat bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etib kelayotgan hamyurtimiz musobaqada turkiyalik Janberk Kochak, Sodiq Nozikqo‘l, turkmanistonlik Farxan Kazimov, ozarbayjonlik Ismoil Shohaliyevni mag‘lubiyatga uchratib, o‘z jamoadoshi Fotih Abduxoliqov hamda qirg‘izistonlik Aydar Kenanboyev bilan durang o‘ynadi.

16 yoshgacha o‘smirlar musobaqasida 61 nafar shaxmatchi dona surdi. Musobaqada kuchli o‘yin ko‘rsatgan «Umid nihollari — 2012» sport o‘yinlari g‘olibi Alisher Bekmurodov O‘zbekiston jamoasi hisobiga bronza medal qo‘shdi.

Alisher turnirda makedoniyalik Mo‘min Aliyev, ozarbayjonlik Fotima Ahmadova, Elxon Bayramov, o‘zbekistonlik Nodirabegim Parpiyeva va turkmanistonlik Shonepes Meredov ustidan zafar quchib, besh ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.