15-mart kuni Toshkentda Yapon kinosi kunlari boshlandi. Kinochilar uyida o‘tgan ochilish marosimida xorijiy diplomatik korpus vakillari, O‘zbekiston san’at va madaniyat namoyandalari hamda kino muxlislari ishtirok etdi. Tadbir mehmonlarini Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Suyeshi Kurixara qutladi.

«An’anaga ko‘ra, har yili o‘tkazib kelinayotgan Yapon kinosi kunlari o‘zbekistonliklarning Yaponiya haqidagi tasavvurini yanada boyitishga xizmat qilsa ajab emas. Zero, kino qudratli san’at turi sifatida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlaydi. Mazkur tadbirni rejissor Sinobu Yagutining shedevr asarlardan biri „Sving ijro etuvchi qizlar“ kartinasi ochib beradi. O‘ylaymizki, keng tomoshabinlar ommasi qiziqishlarini inobatga olib saralangan filmlar barchaga manzur bo‘ladi», — dedi Suyeshi Kurixara.

O‘zbekistonlik tomoshabinlarga taqdim etilayotgan kartinalar yapon xalqining an’analari, hayot tarzi, oilaviy qadriyatlari va bugungi kunidan hikoya qiladi. Xususan, «Sving ijro etuvchi qizlar» filmida ham Yaponiyaning chekka hududlaridan biridagi maktab o‘quvchilari hayoti aks ettirilgan.

«Sving ijro etuvchi qizlar» filmi «Eng yaxshi montaj», «Eng yaxshi ssenariy», «Eng yaxshi musiqa» nominatsiyalarida Yapon kinoakademiyasi mukofotini olgan. Rejissor Sinobu Yaguti va operator Takaxide Sibanusi hamkorligi mevasi bo‘lgan kinoasar 2004-yili suratga olingan.

Romantik komediya janridagi film Kinochilar uyining katta zalida jam bo‘lgan tomoshabinlarning yuzida samimiy kulgini jilvalantira oldi. Negaki, ushbu kinoasar yerga ursa ko‘kka sapchiydigan navqiron o‘smirlarning qiziqish va intilishlaridan naql qiladi.

Maktabning jaz orkestri beysbol bo‘yicha terma jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun musobaqaga otlanadi. Lekin kutilmaganda yosh sozandalar taomdan zaharlanib, shifoxonaga tushib qolishadi. Tarqab ketgan orkestrni matematikaning zerikarli darslaridan qiynalib ketgan qizaloqlar to‘ldirishadi. Musiqadan uzoq sho‘x-shaddod qizlar mashaqqatli mashg‘ulotlardan ozod bo‘lish evaziga orkestrda sting ijro etishga rozi bo‘lishadi.

Filmda dangasa, o‘yinqaroq qizlarning musiqaga chinakam oshufta bo‘lib qolishi ishonarli tasvirlangan. Ayni paytda, o‘tkir yumor bilan sug‘orilgan kadrlarda film ijodkorlarining kelajak avlod taqdiri haqidagi bedor o‘y-mushohadalarini ham uqish mumkin.

Yaponiya elchixonasi hamda Yaponiya jamg‘armasi «O‘zbekkino» milliy agentligi ko‘magida tashkil etgan mazkur madaniy tadbir 18-martga qadar davom etadi.

Dastur doirasida, shuningdek, «Sekundiga besh santimetr» (rejissor Makoto Sinkay, 2007) «Drezina» (rejissor Xirofumi Kavaguti, 2009), «Gamera: Koinot himoyachisi» (rejissor Syusuke Kaneko, 1995), «Gegegening rafiqasi» (rejissor Takudzi Sudzuki, 2010) kabi kartinalar namoyish etiladi. Drama, melodrama, fentezi, triller va animatsiya janridagi kinoasarlar zamonaviy yapon kinematografiyasining eng sara namunalari deb baholanmoqda.

Yaponiyada kino san’ati XIX-asr oxirlarida paydo bo‘lgan. 1896-yilda ilk yapon filmi suratga olingan. 1950-yillar yapon kinematografiyasining olti davri davri sanaladi. Shu yillarda Kunchiqar yurt dunyoda filmlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turgan. «Syotiku», «Toxo», «Dayey», «Toey», «Nikkatsu», «Sintoxo» kabi kinostudiyalar mamlakat kinoindustriyasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.

Taniqli rejissor Akira Kurosavaning «Rasyomon» filmi Venetsiya kinofestivali sovrinini olgach, dunyo jamoatchiligining yapon kinosiga e’tibori yanada kuchaydi. Kunchiqar mamlakat yangi — intellektual kino davriga qadam qo‘ydi.

Ayni paytda yaponiyalik kinoijodkorlar ishlagan tarixiy-falsafiy, hujjatli va animatsion filmlar nufuzli xalqaro festivallarda sovrindor bo‘lmoqda.