20-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Partiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kun tartibida boshqa hujjatlar qatorida «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Hukumati o‘rtasida Afg‘oniston Islom Respublikasining xavfsizligi, barqarorligi va tiklanishini ta'minlash bo‘yicha sa'y-harakatlarida Amerika Qo‘shma Shtatlarining ishtirok etishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali yuklarni va personalni havo yo‘li bilan tranzit tashish to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2012-yil 28-mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi to‘g‘risida birinchi o‘qishda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita raisi Qodir Jurayev ma'ruza qildi.

Bitim hukumatlararo xususiyatga ega bo‘lgan ikki tomonlama xalqaro shartnoma bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar tuzish shartnomaviy-huquqiy amaliyotiga mos keladi.

Hujjat O‘zbekistonning tegishli idora va vazirliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.